Demokratiya bilan terrorizmni yutish mumkinmi?


Prezident Jorj Bush demokratiya g'oyasini Yaqin Sharqqa yoyish siyosatini olg'a surar ekan, demokratiyaning terrorga qarshi kurashda asosiy kuch ekani turli fikrlarga va bahslarga sabab bo'lmoqda. Terrorizm ustidan demokratiya vositasida g'alaba qozonish mumkinmi?

Demokratiyani yoyish bilangina terrorizmdan xoli bo'lish mumkin emas, deydi Garvard Universitetining xalqaro aloqalar bo'yicha professori Jozef Nay. Biroq demokratiya kamomadi bo'lgan joylarda terrorizmning tarqalishiga muhit yaratiladi.

Jozef Nay: "Albatta, demokratiya kamomadi terrorizmni tug'dirayotgan asosiy omil emasdir. Biroq demokratiya va so'z erkinligining mavjudligi jaholatga sabab bo'layotgan manbalarni kamaytiradi. Biroq demokratiyaning yo'qligidan tashqari jaholatni keltirib chiqaradigan boshqa omillar ham bor."

Odamning aynan qanday hollarda terroristga aylanishi haqida hozircha biron-bir aniq, umumiy fikr yo'q. Mutaxassislar ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy omillarning yig'indisiga ishora qiladilar. Biroq bir narsa bo'yicha barchaning fikri bir joydan chiqadi. Nafrat va ekstremizm ta'lim va yorqin kelajakka imkoniyati yo'q jamiyatlardagi yoshlar orasida kuchayadi.

Vashingtondagi Jorj Vashington Universitetining psixiatriya, siyosiy psixologiya va xalqaro aloqalar bo'yicha professori Jerrold Postning aytishicha, erkin jamiyatlarda ko'proq imkoniyatlar borligi tufayli terrorizm u yerda ildiz ota olmaydi.

Jerrold Post: "Agar jamiyatda yaxshi ta'lim olgan yoshlarga o'z professional faoliyatlarini davom ettirish imkoniyati bo'lmasa, u holda tushkunlikka tushgan yoshlar ular orasidan chiqqan ba'zilarning adovat urug'ini sochishga qaratilgan chaqiriqlariga uchishi mumkin bo'ladi. Jamiyat qanchalik ochiq bo'lsa, imkoniyatlar ham ushbu jamiyatda shunchalik ko'p bo'ladi. Bu esa nafrat to'lqinini pasaytiradi."

Biroq shunga qaramay, demokratik mamlakatlar ham ularda terrorchilarning paydo bo'lishidan xoli emas. Konnektikut shtatidagi Vesleyan Universitetining davlatchilik haqidagi fanidan ta'lim beradigan professor Marta Krenshoning fikricha, 1995 yili AQShning Oklaxoma shahridagi federal binoga bomba qo'yib, 167 kishini o'ldirgan Timoti Makvey yorqin misoldir.

Marta Krensho: "Bu masalaning boshqa tomonini ko'rsatib beradi, ya'ni demokratik jamiyatda hukumatning siyosatiga qarshi norozilik bildirish orqali, yuzlab begunoh odamlarni halok qilishga tayyor odamlarning yetishib chiqishini. Bu esa har doim demokratik sharoitda yashab, voyaga yetgan odamlarning tuzumga qarshi zo'ravonlik ishlatishga tayyor ekanligini ko'rsatib beradi."

Vermont Universitetida xalqaro aloqalar bo'yicha dars beradigan Gregori Gossning aytishicha, bugungi al-Qoida va global terrorchilik zamonida bu illatga qarshi kurashish tobora qiyinlashib bormoqda, chunki endilikda terror bir mamlakat ichkarisidagi siyosatga qarshi ishlatiladigan qurol emas va muammoni o'sha bir mamlakat ichkarisidagi siyosiy tuzumni demokratlashtirish orqaligina hal qilib bo'lmaydi.

Gregori Goss: "Agar Yaqin Sharq demokratlashtirilsa, al-Qoida u yerda boshqa o'ziga tarafdorlar topa olmaydi, degani emas. Men bunday deb o'ylamayman, chunki bu ommaviy harakat emas. Son jihatdan bu judayam kichik sonli harakatdir. Kuchli siyosiy g'oyalar bilan odamlarni o'ziga rom qila oladigan biron-bir kishi bo'lsa bas, mening fikrimcha, ana shunday odamning o'zigina guruhga yangi a'zolarni jalb qila olish salohiyatiga ega bo'ladi. Al-Qoida vazifalarini bajarish uchun oz sonli odamlar kifoyadir."

Professor Goss nazarida, al-Qoidaning siyosiy g'oyalari demokratik davlatlar uchun to'g'ri kelmasligini hisobga olganda, unga qarshi harbiy kuch bilan politsiya hamkorligida samarali kurashsa bo'ladi. 90-yillar o'rtalarida prezident Klinton ma'muriyatida mudofaa vazirining o'rinbosari bo'lib ishlagan va hozirda Garvard
Universitetida ishlayotgan Jozef Nay esa harbiy kuch yordamida demokratiyaning ildizini orttirish qiyin, deydi.

Jozef Nay: "Iroqda shu narsaga amin bo'ldikki, bu jarayonni harbiy kuch yordamida tezlashtirish oson emas. Shuning uchun ham Iroq misoli kelajakda namuna bo'lib xizmat qila olmaydi."

Nodemokratik davlatlarga demokratiyani olib kelish muammosiga Afg'onistonda ham duch kelinmoqda. Vesleyan Universiteti professori Marta Krenshoning aytishicha, demokratiyaning ildiz otishi uchun juda ko'p yillar talab qilinadi.

Marta Krensho: "Bir necha yil ilgari "Fuqarolik madaniyati" deb nomlangan bir kitob chiqqan edi. Unda demokratiyaga erishish uchun nafaqat qonunlar, qoidalar va tashkilotlar bo'lishi, balki ba'zi norma va qadriyatlar haqida ta'lim olib, ularni jamiyatga singdira oladigan fuqarolik kerak, deyilgan. Bu kabi narsalarni bir kechada yaratish qiyindir."

Muvaffaqiyatli misol tariqasida Marta Krensho Ikkinchi jahon urushidan keyingi Yaponiya va Germaniyani keltiradi. Vashingtondagi Jorjtaun Universiteti professori Bill Daddio nazarida Ikkinchi jahon urushidan keyin umuman butun dunyo bo'ylab demokratik tizimga intilish kuzatilgan, chunki aynan demokratiya odamlar orzularining ushlanishiga yordam beradigan yagona tizim deb tan olingan.

Bill Daddio: "Mening nazarimda, hamma ham ijtimoiy adolatga intiladi. Ular o'z hayotlarini yaxshi o'tkazishga, undan keyin o'z farzandlariga undanda yaxshiroq hayot qoldirishga intiladilar. Biroq tabiiy savol tug'iladi: qaysi tizim odamga ana shunday hayot bag'ishlaydigan eng yaxshi tizim bo'ladi oladi? Agar zamonaviy hayot doirasida rivojlanayotgan dunyoga nazar tashlasangiz, eng uzoq vaqt mobaynida muvaffaqiyatli rivojlangan tizim bu demokratiyadir."

Biroq, ogohlantiradi professor Daddio, bunday tizimni barpo qilish juda qimmatga tushadi va ko'p yil vaqt oladi.

XS
SM
MD
LG