Amerika harbiylari O'zbekistonni tark etdi


AQSh O`zbekistondan o’z harbiy kuchlarini chiqarib bo’ldi. Kecha, 21 noyabr kuni, AQShga tegishli oxirgi samolyot Qashqadaryodagi “Xonobod ” aerodromini tark etgan.

O`zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati berayotgan ma’lumotga ko`ra, AQSh harbiylarining Xonobod aerodromidan chiqib ketishi munosabati bilan Ozbekiston va AQSh rasmiy vakillari ishtirokida marosim bo`lib o`tgan. Vazirlik matbuot kotibi Rahimjon Nurnazarovning aytishicha:

“Mahalliy vaqt bilan 15:30 larda AQSh harbiy samolyoti O`zbekistondan uchib ketdi va shu bilan AQShning harbiy bazasi yopildi. Marosimda O`zbekiston tomonidan okrug qo`mondoni general-mayor Alisher Sobirov AQSh tomonidan polkovnik Mak Kover ishtirok etgan. AQSh rasmiy vakili O`zbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirgan va harbiylarga yorliqlar topshirilgan”.

Matbuot kotibi AQSh tomonidan Xonobod harbiy bazasidan foydalanilganligi uchun ajratilgan 23 million AQSh dollari haqida aniq ma’lumotlarga ega emasligini aytadi.

Avvaliga AQSh Senati O`zbekistonda muttasil ravishda inson huquqlari buzilayotgani, tayziqlar ko`rsatilayotgani bois, Xonobod uchun ajratilgan pulni ma’lum muddatgacha ushlab turish haqida qaror chiqargan edi.

Xonobod aerodromi AQSh harbiy bazasiga Afgo`nistondagi aksilterror operatsiyalariga yordam sifatida berilgan edi. Biroq shu yilning may oyida Andijonda bo`lib o`tgan voqealardan so`ng O`zbekiston Senati AQSh harbiy bazasini olib chiqib ketilishi haqida qaror chiqardi. Kuzatuvchilarga ko`ra bunga AQShning Andijon voqealarini mustaqil xalqaro tergov qilish haqidagi talabi sabab bo`lgan. O`zbekiston rasmiylari esa bazaning chiqarilishi Afg`onistondagi vaziyatning barqarorlashganligi bilan bog’liq, deb ta’kidlashadi.

XS
SM
MD
LG