Qoraqalpog'iston parranda grippiga yuz tutishi mumkin


Ba'zi mutaxassislar nazarida, Qoraqalpog'istonning suv qushlarining uchib o'tish zonasida joylashganligi respublikada parranda grippining kelib chiqishiga asosiy omil bo'lishi mumkin.

Qoraqalpog'iston O'rmon xo'jaligi boshqarmasi Bosh ovchi inspektori, biolog Maqsed Qosbergenov qo'shni mamlakatlarda yovvoyi suv qushlari ichida qizilbosh o'rdakda parranda grippi aniqlanganligini aytadi.

"Shuning uchun," deydi u, "15 sentyabrdan ov mavsumini ochib berishi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo'mitasining jiddiy xatosi bo'ldi. Mutasaddilar mavsumni ochishdan oldin, ommaviy axborot vositalarida parranda grippi haqida aytishi kerak edi."

Rossiyaning Omsk va Kurgan oblastlarida hamda Qozog'istonning Pavlodar oblastlarida parranda grippi paydo bo'lib, yuz minglab parrandalar yo'q qilingan. Bu hududlar esa Qoraqalpog'istondan unchalik uzoq emas.

"Kunlar sovishi bilan shimol o'rdak-g'ozlari bizning hududga yig'ila boshlaydi. Ular ovlanib, bozorlarda sotila boshlanadi," deya xavotir bildiradi Qosbergenov.

Bu esa, unga ko'ra, kasallik tarqalishining eng oson yo'li.

Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat Markazi ovqatlanish gigienasi bo'limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Fayzullo Abdullayev kasallikning hududda tarqalishini oldini olish uchun respublikada savdo joylarida monitoring o'tkazilib, tekshirish ishlari olib borilganligi haqida ma'lum qiladi.

122 ob'yektda avgust-sentyabr oylarida o'tkazilgan monitoring natijalariga ko'ra, 124 fuqaroga parranda go'shti bilan noqonuniy savdo qilayotgani uchun 2 million 480 ming so'm jarima solingan.

Biroq Qoraqalpog'iston Respublikasida qo'shni mamlakatlar tugul, hatto uzoq Amerikadan keltirilishi ma'n qilingan "Bush oyoq" lari bilan bemalol savdo qilishlariga qaramasdan, mutasaddi xodimlar tomonidan bir kilogram ham tovuq go'shti musodara qilinmagan.

Respublika soliq boshqarmasi savdo bo'limi xodimi Dilorom Latipova shu paytgacha savdo bo'limi orqali parranda go'shtining noqonuniy
sotilgani uchun musodara qilinishini eshitmaganini ta'kidlaydi.

Mutasaddilarga ko'ra, monitoring paytida chetdan keltirilayotgan tovuq go'shti savdosi ma'lum darajada pasaygan.


Ornitolog olim, biologiya fanlari nomzodi Maqsed Ametov hududda parranda grippi tarqalishi omillari juda yuqori ekanligini ta'kidlaydi.

"Janubga uchib o'tadigan qushlar Amudaryo va Sirdaryo havzasi bo'ylab o'tadi," deydi Ametov. "G'ozsimonlar turlarining o'ziyoq oltmishdan ortiq. Parranda grippini tarqatadigan qushlar aynan mana shulardir."

Mutaxassisning aytishicha, Qoraqalpog'istonda uchib o'tuvchi qushlarni ov qilish umuman nazoratsiz kechadi.

"Sababi," deydi u, "tabiatni muhofaza qilish qo'mitasi yaxshi ishlamaydi, Ovchilik jamiyatlari esa batamom xonavayron bo'lgan. Ovga faqat puli borlar, yaxshi mashinaga ega odamlargina chiqishmoqda."

"Eng afsuslanarlisi," deb afsuslanadi Ametov, "parranda grippini aniqlash bilan faqat Rossiya va Qozog'iston shugullanadi xolos. O'zbekiston bilan Turkmaniston esa muammo bilan umuman ishi yo'q. O'zbekiston Fanlar akademiyasining Qoraqalpog'iston bo'limida ham, Pedagogika instituti yoki Qoraqalpog'iston davlat universitetida ham hech kim bu ishlar bilan shug'ullanmaydi. O'zbekiston Fanlar akademiyasining Zoologiya institutida uch-to'rt fan nomzodi va fan doktorlari bor, lekin ular ham hozirda parranda grippi muammosi bilan shug'ullanishayotgani yo'q. Sababi - ilmiy ishlar uchun preparatlar yo'q. Preparatlar olish uchun esa pul yo'q."

Respublika sog'liqni saqlash vazirining o'rinbosari Atajon Hamroev "agar hududda kasallik paydo bo'lsa vazirlik zaruriy chora-tadbirlar ko'rishga tayyor" deydi.

Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining hisobotida parranda grippining qishliq joylarda tarqalish xavfi juda yuqori ekanligi ta'kidlanadi.

Qoraqalpog'iston qushlarning shimol-janub-shimol uchib o'tish zonasi bo'lganligidan kasallik tarqalishi uchun eng qulay hududligicha qolmoqda.

XS
SM
MD
LG