Zamon talabalar nigohida


Har bir mamlakatning kelajagi uning yoshlari qo’lida. Mamlakat yoshlari qanchalik kuchli, zehnli va bilmli bo’lishsa mamlakat ham shunchalik xavfsiz bo’ladi. O'zbekiston yoshlarining bugungi kun haqidagi o'yu-hayollari bilan tanishish maqsadida ularga bir necha savollar bilan murojaat qildik.

Muxbir: Bugun Sizlarga O’zbekistonda o’qib-yashash yoqadimi, yoki Sizlar chet elga borishni u yerda o’qib, o’sha yerda yashashni orzu qilasizlarmi? Va buning sabablari nimada?

Talabalar: “Yo’q, chet elga borib yashashni orzu qilmaymanu, lekin o’qib, yanada bilimimni oshirib, chet-el texnologiyalari bilan tanishib, ular bilan fikr almashib, bu yerga kelib O’zbekistonimizga xizmat qilishni xohlayman. Yashash, O’zbekiston yaxshi men uchun.”

“Chet elga borib yashashni xohlayman, masalan AQShda, Vashingtonda. Ular yoshlarining o’z fikri bilan, ularning ta’lim olish jarayonlari haqida bilishni xohlayman. Ayniqsa Vashingtonda yashashni juda ham xohlardim. O’zimizning tengdoshlar borib keldi, chet el haqida o’zlarining yaxshi fikrlarini attishadi.”

“O’zim agar chet elga o’qishga borsam, u yoqda yashashni emas, bizga hali yetib kelmagan yangiliklarni u yerda ko’rib, bu yerda o’shani rivojlantirishni uylayman.”

Muxbir: O’zbekistonda demokratiyani yanada barqaror ettirish uchun bugun nimalar qilish kerak deb o’ylaysizlar?

Talabalar: ”O’zbekistonda demokratiyani rivojlantirishning asosiy omillaridan biri bu, birinchidan poraxo'rlikni yo’qotish kerak.Masalan poraxo’rlik oliy o’quv yurtlarida ham bor. Bu yoshlarni poraxurlikka o’rgatib boradi. Kattalardan ko’rgan narsalarini yoshlar ham kelajakda qo’llashi mumkin.”

“Demokratik davlat tuzish uchun birinchi navbatta konstitutsiyani yaxshi o’rganish va yoshlarga, ularning o’z huquqlarini talab qilishiga katta e’tibor berish kerak.”

Muxbir: Bugun O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli qay darajada deb o’ylaysiz? Masalan, xalq qanday yashayapti? Respublika iqtisodini ko’tarish uchun va uni yanada farovon qilish uchun nima qilish kerak deb o’ylaysiz?

Talabalar: “Iqtisodni ko’tarish uchun O’zbekiston xalqi, hamma birgalikda xizmat qilishi kerak. Faqat iqtisodni biladigan, iqtisod yunalishidagilar emas. Masalan, biz biolog bo’lsak ham, iqtisod bizning ishimiz emas deyishimiz kerakmas. Iqtisodni ko’tarish uchun o’zimizda ishlab chiqarilayotgan narsalarimizni boshqalarga reklama qila bilishimiz kerak. Mana, so’nggi 10 yilda avvalgi iqtisodimizdan hozirgi iqtisodimiz juda ham rivojlangan. O’zbekistonimizda hamma sharoit bor. Agar yaxshi yashamoqchi bo’lsa, harakat qilsa albatta yaxshi yashaydi. Bu har bir kishining o’ziga bog’liq.”

“Respublika iqtisodini ko’tarish uchun avvalambor qishloq joylaridagi odamlarning yashash sharoitini yaxshilash kerak. To’g’ri, Toshkentda yaxshi yashaydi odamlar, lekin qishloq joylarda yashash sharoitlari juda og’ir. Toza ichimlik suvi yo’q, gaz yo’q, elektr muammosi ham bor, qishloq joylarida svetlarni o’chirib tashlaydi. Ishsizlik masalasi bor, ko’p qishloqlarda hamma yoshlar bekor yuribdi. Zavod va fabrikalarni lshlatish kerak-da.”

“Men buning gapiga qo’shilaman. O’zim qishloq joyidanman, birorta odam maosh olmaydi, Qashqadaryoda yashaymiz, gaz umuman yo’q, svet yo’q. Hech kim oylik maosh olmaydi, pensionerlar nafaqasini oladi xolos. Odamlar faqat chorvachilikka bog’lanib qolgan, yer kam. Odamlarni ish bilan ta’minlasa, ana shunda O’zbekistonning iqtisodi rivojlanib boradi.”

Muxbir: 90-yillar boshlarida talabalar katta kuch edi. Masalan, O’zbekistonga mustaqillik kerak, degan talablar bilan, yoki o’zbek tili davlat tili bo’lishi kerak, degan shiorlar bilan yig’inlar o’tkazib chiqishgandi. Bugun nima uchun talabalar passiv tarzda hayot kechirishadi? Nega ular mamlakatning rivojlanishiga tusqinlik qilayotgan qandaydir kamchiliklarni ruyi-rost aytisholmaydi? Bunga sabab nima?

Talabalar: “Sabablari, o’sha payt ozgina bo’lsa ham haqiqat bo’lgan bo’lsa kerak-da. Hozir yo’q desa ham bo’ladi haqiqatni, poraxo’rlik rivojlanib ketgan. O’sha payt ongi baland bo’lganda studentlarning. Hozirgi studentlarning bilimi yo’q, boy odamlarning bolalari o’qiyapti, kambag’allarni bolalari qishloqda qolib ketyapti.”

“Talabalarning bilimi boru, lekin darsga qatnab o’qigan bilan, bahosini qo’yib bermaydi domlalar. Hammasiga pul bersa qo’yib berishi mumkin. Masalan, o’zining yashashi uchun talabalarga stipendiya kamlik qiladi, ishga chiqadi hammasi.”

“Talabalarning hozirgi passivligining asosiy sababi, O’zbekistonning iqtisodini ko’tarish, kamchiliklarini ko’rsatib rivojlantirish o’rniga ular o’zlarining iqtisodiy ahvolini tiklashga berilib ketgan hammasi.”

“Bugun talabalarning passivligiga “Hizbut-tahrir” ancha sabab bo’ldi. Hozir ham bolalar, hamma qo’rqadi o’zining fikrini dadil aytishga, dadil yoritib chiqolmaydi-da.”

Muxbir: Mustaqil bo’lishdan oldin, masalan, sovet davrida faqat aytilardiki, agar mustaqil bo’lsak O’zbekiston xalqi juda yaxshi yashaydi, boy yashaydi, hamma kamchiliklar yo’qoladi. Biz hozir ruslar imperiyasiga qaram bo’lib qolganmiz, mana shu qaramlikdan qutulsak, O’zbekiston rivojlanib ketadi, deyilgan gaplar bo’lardi. Mana, mustaqillik bo’ldi, nima uchun usha istalgan rivojlanish bo’lmayapti? Buning sabablari nimada deb o’ylaysizlar?

Talabalar: ”Poraxo’rlik, korrupsiyaning ko’payib ketganligi sababli O’bekistonning iqtisodi ko’tarilmaydi.keyinchalik ko’tarilishi mumkin, lekin hozir juda qiyin-da. Kuchli-kuchli Qonunlar chiqqan, lekin qog’ozda qolib ketyapti, amalda qo’llanilmayapti. Davlat tepasida turgan boshliqlar o’zining cho’ntagini o’ylayapti, odamlarni o’ylamayapti. Faqat o’zini o’ylamay xalqni o’ylasa, albatta xalqning, O’zbekistonning iqtisodi ko’tarilib, rivojlanish bo’ladi.”

XS
SM
MD
LG