Lobbichilik: Vashington va Toshkent misolida


Siyosiy manfaatlar haqida gap ketganda, Vashingtonda lobbichilik harakatlariga to’htalmasdan iloji yo’q.

Nafaqat AQShda balki, jahon siyosiy maydonida epchil, zukko va tili burro manfaat himoyachilari muhim rol o’ynaydilar. Lobbichilik nima va lobbichilar kimlar?

Amerika siyosatini lobbichilar tebratadi, uning qayga yonalishi lobbichilik qo’lida, deyishadi. Siyosiy sharhlovchi Qobilbek Karimbekov sohani shunday ta’riflaydi:

“Amerikada o’sha “lobby” so’zidan olingan. Kongressda yoki biror bir davlatning parlamentida o’zining agentlariga o’hshagan odamlar boladi. O’z maqsadini, masalan, yirik monopoliya, kompaniyalar, konsernlar Kongressdagi senator yoki kongressmen orqali o’z manfaatini amalga oshiradi.”

Kristofer Boesen Vashingtondagi Tiber Creek Consulting firmasining prezidenti. Firma turli shtatlar manfaatlari, Amerika hindu qabilalari, banklar va no-hukumat tashkilotlari uchun lobbichilik qiladi.

“Lobbichilar Vashingtonda o’ziga xos vazifasini bajaradilar. Maxsus ro’yxatdan o’tgan bu soha egalari AQSh Kongressida lobbichilik qiladilar va faoliyatlari yuzasidan hisobot beradilar. Lobbichilik, shuningdek, biror partiya yoki guruh manfaati uchun o’sha guruh nomidan federal hukumat, shtat hukumati yoki Kongressda vakillik qilish demakdir,”-deydi janob Boesen.

Vashingtonda ba’zi avdokatlarni ham lobbistlar deb atashadi. Demak, kimningdir huquqiy himoyachisi ham uning lobbisti ekan-da, deb so’rarkanmiz, janob Boesen shunday javob qiladi:

“Bilasizmi, bu lobbist-advokatlar ishlarini katta cheklov va qoidalarga asoslangan holda yuritadilar. Men faqat lobbistlik qilaman. Kongress a’zolari bilan ishlaganim uchun Vakillar Palatasi va Senat idorasida ro’yxatdan o’taman. Buni cheklov demagan bo’lardim, lekin Kongressga kimning manfaati uchun ishlayotganim va bu xizmat uchun qancha haq olayotganimni bildirishim shart.”

Kongressdan tashqarida bu ish bilan shug’ullanayotgan manfaat himoyachilari ro’yxatdan o’tishi shart emas.

Yana bir muhim qoida shuki, chet el hukumatlariga lobbistlik qilayotgan har bir shaxs 2005 yilda yangilangan qonunga ko’ra, AQSh Adliya vazirligidan ro’yxatdan o’tmog’i lozim.

Qisqacha FLORA, ya’ni chet davlatga lobbilik qilish qonuniga binoan, kim qaysi hukumat manfaatini qancha pul evaziga himoya qilayotgani aniq ko’rsatiladi. Bu faoliyat haqida doimiy ravishda hisobot berib turiladi. Bu ma’lumotlar xalqqa va Davlat kotibiga ayon qilinishi mumkin. Bunda ma’lum bir mamlakatning AQSh bilan o’sha paytdagi aloqasi nazarda tutiladi. Til bilish va til topishish bu sohada juda muhim, deydi janob Boesen.

“Lobbistlik bu kongressmen bilan uchrashib, biz buni xohlaymiz va buni xohlamaymiz, deyish emas. Bu o’sha kongressmen idorasi bilan yaqin aloqa o’rnata olish va o’sha qonun chiqaruvchining ma’lumot manbai bo’la olishdir. Biror masala ko’tarilganda, ular sizdan maslahat olishsin. Ular har doim ham sizning gapingizni hisobga olavermaydilar, ammo siz o’sha bahsda ishtirok etasiz. Lobbichilikning o’z tili bor va o’z iboralari bor. Qonuniy va o’ta siyosiy iboralarter ishlatamiz. Ingliz tilini bilgan odam ham mening Kongressda gapiradigan tilimni tushunmasligi mumkin,”-deydi janob Boesen.

Vashingtonda Kongressdan tashqari boshqa yirik maskanlarda ham lobbistlik qilinadi. Jumladan, no-hukumat, moliyaviy foyda ketidan chopmaydigan, ijtimoiy taraqqiyot yo’lida xizmat qiluvchi no-tijoriy tashkilotlarni qo’llab-quvvatlash bobida.

Kristofer Boesen shu yil tuzilgan Jahon O’zbeklari Kengashi manfaatlarini ham himoya qiladi. Kengash dunyo bo’ylab, o’zbekistonlik yoshlarni birlashtirish va ijtimoiy-madaniy rivojlanishda hissa qo’shishni maqsad qilgan.

“Ilgari markaziy osiyoliklar bilan hech ishlamagan edim,"-deydi janob Boesen. "Bu tashkilot a’zolari dadil va quvnoq yoshlar. Shu bois ham ular bilan ishlashga qaror qildim. Ularning cho’ntagi baquvvat mijoz deya olmaysiz. Bu notijoriy tashkilot. Men ularning lobbisti emas, balki ularga tashkilot sifatida tiklanishida yordam berayotgan maslahatchiman. Siyosatni o’zgartirish uchun emas, balki Amerika ommasiga O’zbekiston haqida ma’lumot tarqatishda ko’maklashyapman.”

Ammo, deya so’raymiz, janob Boesendan, AQSh qonun chiqaruvchilariga O’zbekiston haqida ma’lumot ulashish bilan ham Amerikaning O’zbekistonga nisbatan siyosatiga ta’sir qilmayapsizmi?

“Ta’sir qilishim mumkin, ammo maqsad u yoki bu siyosatni o’zgartirish emas,"-deydi janob Boesen. "Maqsad, bu qonun chiqaruvchilar O’zbekistonga nisbatan siyosatni belgilayotganda bu mamlakat haqida yetarlicha bilimga ega bo’lsin. Markaziy Osiyo juda murakkab mintaqa. O’zbekistonda juda murakkab o’zgarishlar yuz bermoqda. Bu haqda yetarlicha ma’lumot yo’q. Masalan, yaqinda O’zbekistonga ketayotgan Arizonalik bir senator bilan O’zbekistondagi masalalar haqida gaplashdik. Senator bu masalalar haqida endi bilyapti.”

Nega ba’zilar o’zlarining lobbichi ekanliklarini ochiq tan olmaydilar. Faoliyatingiz qonun bo’yicha ochiq dasturxon bo’lsa, nega buni yashiradilar?

“Ba’zilar lobbichilik salbiy talqinga ega, deb bu so’zni ishlatmaydilar. Ammo, men uni g’urur bilan tilga olaman,"-deydi janob Boesen. "Men mening xizmatimga muhtoj odamlar bilan ishlayman. Vashingtonda o’n minglab lobbistlar bor. Jamiyatning har qanday qatlami, har qanday sanoat, har qanday siyosiy guruh manfaati uchun ishlayotgan lobbichilar bor. Nafaqaho’rmi, haydovchimi, hammaning manfaati himoya qilinadi. Vashingtondagi lobbichilar deganda o’z foydasini o’ylaydigan, boy, pul ketidan chopgan odamlar tushuniladi. Ko’p hollarda, bu haqiqatga to’g’ri kelmaydi. Masalan, men bir kichik firma egasiman, mijozlarim ko’p emas. Boy emasman, shaxsiy samolyotim yo’q.”

Vashingtonda turli tadqiqot markazlari O’zbekiston hukumatiga nisbatan o’ta ijobiy fikr bildirganda, kimlarningdir, “ha, bu Karimovning bu yerdagi lobbisti,”-deganini eshitasiz. Bu gumonlar ortida haqiqat bormi?

“Tadqiqot va tahlil markazlari odatda o’z umumiy siyosiy qarashiga ega. Ammo, bu biror siyosiy kuch tomonidan quvvatlangan degani emas,"-deydi janob Boesen. "Ular har bir xulosalarini ilmiy tomondan tushutirib beradilar va isbotlaydilar. To’g’ri, bu markazlar moliyaga muhtoj, lekin bu ularning ilmiy xulosasida rol o’ynaydi, demagan bo’lardim. Agar ular biror chet hukumat manfaati uchun xizmat qilayotgan bo’lsalar, buning ehtimoli bor, albatta, ular qonun bo’yicha, bu borada ochiq bildirishlari shart. Gap shundaki, tadqiqot markazlari tahlil qilinayotgan mamlakatlarni yaqindan o’rgangan, u yerda vaqt o’tkazgan mutaxassislarga egalar. Ular o’z bilimlarini Kongress yoki ijroiya organi bilan ulashganlar va o’z fikrlariga egalar.”

Janob Boesen har bir lobbist o’z mijozi oldida javobgar va uning manfaatlar ixtilofiga yo’l qo’ymasligi juda muhim deydi.

“Men bir-biriga qarshi tomonlarga bir paytda xizmat qilsam, bu katta muammo tug’diradi. Ammo, meni bunday qilishimni cheklovchi qoida yo’q. Hozirda Vashingtonda nufuzli bir lobbist sudga tortilmoqda. Aytishlaricha, u ikki muxolif tomonidan bir paytda, bir masala yuzasidan xizmat qilish uchun haq olgan. Ayniqsa, u shartnoma tuzish paytida yolg’on gapirgan. Bunda Kongress a’zolarining ham qo’li bor deb gumon qilinmoqda,”-deydi janob Boesen.

Vashingtonda kim eng kuchli lobbistga ega? Kim AQSh siyosatiga eng katta ta’sir ko’rsatish kuchiga ega? Keksa yoshdagi amerikaliklar, deya javob beradi suhbatdoshimiz.

“Eng kuchli lobbichi bu Amerika Nafaqaho’rlari uyushmasidir. AQShda pensiyaga chiqqan odam, bilingki, shu uyushma a’zosi. AQSh qonun chiqaruvchilar avvalo ularni saylaganlarga quloq tutadi. Ularni saylayotganlar orasida esa nafaqaho’rlar ko’pchilikni tashkil etadi. Hech bir qonunchi bu saylovchilarni ranjita olmaydi, chunki, ularni ranjitsangiz, idoraga qayta saylanmaysiz,”-deydi janob Boesen.

Shu yil Vashingtonda ro’yxatdan o’tgan Jahon O’zbeklari Kengashi prezidenti Otabek Nazirov O’zbekistonda voyaga yetgan. Oliy ta’limni AQShda egallab, kasbiy faoliyati davomida Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Bankida ishlagan. Hozirda kengashga rahbarlik qilishdan tashqari Vashingtonda mudofaa va davlat xavfsizligi bo’yicha sarmoyadorlik kompaniyasida ishlaydi. Otabek Nazirov AQSh fuqarosi va uningcha, oddiy saylovchilar ham lobbichilik qilishi mumkin.

"Lobbichilik bu tashkilot orqali bo'lishi mumkin yoki biror manfaatni ko'zlayotgan guruhlar o'z qo'li, o'z kuchi bilan ham lobbichilik qilishi mumkin. Buning uchun, aytaylik, sizning o'z kongressmeningiz bor. Sizning nomingizdan saylangan kongressmenlar sizlar uchun javob berishi kerak. Sizlarga yordam berishi kerak. Ular orqali albatta ishlash mumkin. Ularga nima foyda? Endi, kongressmenlar qayta saylanishni xohlaydi, albatta. Shuning uchun agar siz ularga aytsangiz: biz kuchmiz, sizga o'z ovozlarimizni beramiz, deb ularga tushuntirsak, ularga foyda,"-deydi Otabek Nazirov.

Boshqa elat vakillariga qaraganda AQShda yashayotgan o’zbekistonliklar faol lobbichi sifatida ko’rilmaydi, shunday emasmi, deya so’raymiz Otabek Nazirovdan.

"[O'zbekistonliklar jamoasi] qaysi payt kuchli bo'ladi? Qachonki O'zbekistondan chiqqan vatandoshlar Amerikada fuqarolikni olganda,"- deydi Jahon O'zbeklari Kengashi rahbari.

"Oxirgi 5-10 yil ichida vatanimizdan juda ko'p vatadoshlar kelishgan. Undan avval ham kelgan. Endi sekin-sekin o'z tajribasini yig'ib, boshqalardan o'rganib, birga ishlashi mumkin. Lekin boshqa arman, ukrainlarniki deysizmi, ularning [lobbisi] baquvvat. Bizning o'zbekistonliklar hali u darajaga yetib bormagan. Lekin potentsial bor. Men o'ylaymanki, keyingi besh yil ichida O'zbekistondan chiqqan vatandoshlarning lobbichilik harakatlari kuchayadi," -deya fikr bildiradi Otabek Nazirov.

Xo'sh, Toshkentda-chi? O’zbekiston siyosiy markazida ham lobbichilar bormi va ularning faoliyati qanday?

Ekspert Toshpo`lat Y`oldoshevning bildirishicha, xalqaro tajribalar asosida yurg`izilayotgan lobbichilik siyosati O`zbekistonda yo`q.

“Lobbichilik harakati butun demokratik mamalakatlarda bor. Jamiyatning qaysidir qatlami, u kichik yoki katta bo`lsin, to`qnashayotgan muammolarini qonuniy yoki boshqa tarzda hal etish uchun o`z odamlarini qo`yishadi,”- deb fikrlarini davom ettiradi Toshpo`lat Yo`ldoshev.

Mahalliy kuzatuvchilardan yana biri Bahtiyor Isabek lobbichilik harakatini tavakkalchilik siyosati sifatida tushunishini bildiradi.

“Lobbichilik, faqatgina qo`llab-quvvatlash emas, bu siyosatni o`tkazishga harakat. Sharoit etilgani, etilmagani hisobga olinmaydi, va baribir shunday bo`lsa ham o`tkazamiz degan siyosatni men tavakkal siyosat degan bo`lardim”, - takidlaydi Bahtiyor Isabek.

Kuzatuvchilarga ko`ra lobbichilikning O`zbekistondagi ko`rinishi siyosiy elita manfaatlarini ifodalash, hukumat siyosatining targ`iboti, mavjud partiyalarning aholini turli qatlamini himoyalashni maqsad qilgan dasturlari bilan bo`gliq.

Lobbichilikni yuqorida ta’kidlangan so`nggi ko`rinishiga parlament saylovlaridan avval tashkil etilgan. Hozir O`zbekiston parlamentidagi ko`pchilik ovozni qo`lga kiritgan O`zbekiston Liberal Demokratlar Partiyasi misol tariqasida keltiriladi.

Ekspert Toshpo`lat Yoldoshev Liberal Demokratlar Partiyasi, aslida o`zbekistonlik tadbirkorlarning manfaatlarni himoyalsh uchun tashkil etilganiga urg’u qaratadi.

“Keyingi bir oy ichida tadbirkorlar faoliyatiga doir, soliqlarni o`n foizga ko`paytirish haqida qonun qabul qilindi. Biroq, qarangki, manashu lobbistlar yoki boshqa shu kabi partiyalar o`z munosabatlarini rasmiy matbuotda bildirishgani yo`q”,- deydi Toshpo`lat Yo`ldoshev.

O`zbekiston Liberal Demokratlar Partiyasining markaziy kengashi ijroi qo`mitasi a`zosi Abdulaziz Abdullayev bunday fikrlarga qo`shila olmasligini bildiradi.

“Agar parlamentda partiyalar o`z elektaratlari manfaatlari uchun qanchalik kurashayotganini ko`rganingizda edi, bunday fikrlarni bildirmagan bo`lardingiz”,- deydi Abdulaziz Abdullaev.

Ekspert Toshpo`lat Y`oldoshev O`zbekistonda demokratik siyosatga mos lobbichilik yo`q bo`lsada, hukumatda o`tirgan siyosiy elita manfaatlarini ifodalovchi lobbichilik ko`rinishi yaxshi rivojlanganligini u`qtiradi.

“Ular o`z molk-mulklarini erkin tarzda import- eksport qilishadi yoki ularga boshqa yangilliklar yaratiladi. Masalan, o`z mablag`larini hech qanday qarshiliksiz mamlakatdan olib chiqib ketishlari mumkin”, - deydi Toshpo`lat Y`oldoshev.

O`zbekistonda ishbilarmon va fermerlar qatlami manfaatini himoyalovchi muxolif kuchlar bor. Ularning dasturlarida paxta va donga nisbatan davlat monopoliyasini bekor qilish, fermerlaning asosiy manfaati sifatida keltiriladi. Shu ma’noda Liberal Demokratlar Partiyasi fermerlar va ishbilarmonlarning, saylovchilarning manfaatlarini suiste’mol qilayotganligi haqidagi ayblovlar aytiladi.

Abdulaziz Abdullaev bu e’tirozlarni inkor etadi. “Hozir paxtani o`zimiz sotamiz degan dehqonlar soni bilan bizga sotishga davlat yordam bersin degan dehqonlar sonini solishtirib chiqish kerak. O`tgan uchrashuvlarda biz ularni solishtirib ko`rdik va paxtani o`zimiz sotamiz degan dehqonlarni soni judayam kam. Masalan, dehqon paxtani yetishtiradimi yoki uni sotadimi… ”, - deb hisoblaydi Abdulaziz Abdullayev.

Kuzatuvchilar O`zbekistondagi siyosiy tuzum tashviqoti bilan shug`ulanuvchi ekspertlarning ko`payayotganini ham siyosiy lobbichilik faoliyati sifatida keltirishadi.

Yaqinda mamalakatdagi siyosatchi, kuzatuvchilarni jamlagan “Siyosat” axborot tahlil markazi ish boshladi. Markaz faoliyati, asosan mavjud siyosiy tuzumni targ`iboti bilan shug`ullanish ekanligiga urg`u berilmoqda. Markaz siyosiy sharhlovchisi Qobilbek Karimbekovga ko`ra esa “Siyosat” axborot tahlil markazi asosan xalqaro voqealarni xolis baholash bilan shug`ullanadi va uning “kimgadir tosh otish maqsadi y`oq”.

Mazkur axborot tahlil markazining faollaridan biri Sharofiddin To`laganov O`zbekiston siyosiy tuzumiga quyidagicha baho beradi:

“Muso payg`ambarimizning maqsadi nima edi – xalqning fikrini tozalash edi. Hozirgi kunda O`zbekiston rahbariyati olib borayotgan siyosat ham xalqning fikrini kommunistik mafkuradan tozalash. To’g’ri bu borada qiyinchiliklar bo`ladi, lekin, biz kutgan, o`sha Lenin va’da bergan kommunizm O`zbekistonda bo`ladi. Bunda Islom Karimovning xizmatlari katta bo`ladi, deb o`ylayman”, - deydi Sharofiddin To’laganov.

Muxolif partiyalarning siyosiy dasturlari, ularning tashviqoti bilan shug’ullanuvchi kuzatuvchilarning tanqisligi haqida kuzatuvchi Bahtiyor Isabekov shunday izoh beradi:

“Muxolifat o`zini hali o`nglab ololmayabdi-ku, siyosat yurg`izish haqida… siyosat yurg`izsa faqatgina ichki siyosat yurg`iza olishi mumkin. Faqat ochiq tan olinib, saylovga kiritilganda, bu siyosatning qo`llovchilar topiladi… ”

O`zbekistonda lobbichilik atamasi keng qo`llanilmasa-da, biroq G`arbda bu atama ostida borayotgan faoliyat O`zbekistonda ham harakatda.

Ko’pchilikning fikricha, manfaatlarni himoya etish agar hukumat doirasidagi vakillarga tegishli bo`lsa, lobbichidan ortiqcha ustamonlik talab etilmaydi. O`zbekiston parlamenti siyosiy elitaning manfaatlari munozarasiz ma’qullashga tayyor. Bu haqiqat esa O`zbekistonda lobbichilik uchun qulay sharoit yaratadi.

XS
SM
MD
LG