Breaking News

Estrada xonandalarining sifati emas, soni oshmoqda


Oxirgi yillarda o’zbek estradasi juda ko’plab yangilanishlarni boshidan kechirmoqda. Har yili deyarli 10-15 yangi guruh yoki xonanda paydo bo’ladi. Biroq ularning sifati, bugungi kunda qanday ahvolda? Bundan tashqari estradadagi qo’shiqlar mazmuni va musiqasi yoshlar tarbiyasiga qanday ta’sir ko’rsatmoqda?

Mustaqillik yillari O’zbekistonda estrada san’atining rivoji kuzatilarkan, bu sohada ijod qilayotgan xonandalar bilan birga mazmunan sayoz, kuyi xorij musiqalaridan olingan qo’shiqlar ko’paygani ko’zga tashlanadi. Ayrim mutaxassislar san’atning ta’sir kuchi beqiyosligini urg’ulasharkan, ayni paytda yoshlarning yengil-yelpi qo’shiqlarga berilib qolayotgani xavotir uyg’otayotganini bildiradilar.

Sharqda azaldan san’at asari hisoblangan qo’shiqchilik tarbiya vositasi ham bo’lib kelgan. Jurnalist Muzaffar Ahmad fikricha, bugungi yoshlar milliylikdan yiroq, turli yunalishdagi kuy-qo’shiqlarga berilishmoqda. Yoshlardagi bu holat o’tkinchi bo’lsa-da, biroq saviyasiz qo’shiqlarning yoshlar tarbiyasiga ta’sirini ham inobatga olish lozimligini aytadi u.

Estrada qo’shiqchiligi saviyasini yaxshilash haqida hukumat tomonidan maxsus qaror qabul qilinganiga qaramay, bugungi qo’shiqlarning aksariyatini yengil-yelpi, mazmunan sayoz va asosan turk yoki arab musiqalari asosida yaratilgan qo’shiqlar tashkil etmoqda.

Xo’sh, bugungi yoshlar qanday kuy-qo’shiqlarni tinglashmoqda? Ayni paytda yoshlarning ko’pchiligi sho’x, o’yinbop qo’shiqlarni sevishlarini urg’ulasharkan, ular uchun qo’shiqning mazmuni katta rol o’ynamasligini aytishadi. Ayrimlar esa ba’zi guruhlarning siyqa matnli qo’shiqlari yoshlar ongiga salbiy ta’sirini ham tan olishadi.

Yoshlarning bugun nilliy kuy-qo’shiqlardan uzoqlashayotgani boisi, chet elning turli oqimdagi qo’shiqlari O’zbekistonga kirib kelayotganiyu hozirgi zamon yoshlari dunyoqarashining kengayayotganida, deb bilishadi ayrim yigit-qizlar.

Bugungi yoshlar orasida shashmaqom, ushshoq, munojot kabi kuy-qo’shiqlar haqida eshitmaganlar ko’pchilikni tashkil qiladi. Ba’zilarga ko’ra, o’zbek mumtoz qo’shiqlarini yoshlar faqat to’ylarning nahorgi oshlarida aytiladigan qo’shiqlar sifatida tushinishmoqda.

Yosh estrada xonandalarining bir necha qo’shiq va klip yordamida tezlikda tanilib ketishi, ularning katta mukofotlarga sazovor topilayotgani, estrada qo’shiqchiligiga kompyuter va mini disklarning kirib kelishi, o’zlarini yulduzman deb ataydigan xonandalarning juda katta miqdordagi pul evaziga to’y-hashamlarga borishi yoshlar o’rtasida bu soha e’tiborini yanada oshirgan. Shu sababli ko’p yoshlar ovozi bo’lish-bo’lmasligidan qat’iy nazar, tanish-bilish yoki katta pul evaziga bo’lsa-da estrada biznesiga kirib kelishga urinishmoqda. Xonandalar safidan o’rin olish bugungi kunda oson ekanini aytgan mana bu yigit o’zi she’r yozib, o’zi unga kuy bastalagan qo’shig’ini xirgoyi qiladi.

Ayrimlarga ko’ra, yoshlarning qaysi kuy-qo’shiqni ko’proq tinglashlari modaga bog’liq. Kuy-qo’shiqlar modasi esa har yili o’zgarib borayotir. Milliy qo’shiqlar esa modadan qolgan, deb hisoblashadi ular.

Ba’zi yoshlar fikricha, bugun respublikada yomg’irdan so’nggi quziqorinday ko’payib ketayotgan xonandalar va ularning turli tipdagi qo’shiqlari yoshlarda milliy yoki mumtoz kuy-qo’shiqlar eshitishga imkon bermayotir.

Toshkentning odam serqatnov ko’chayu xiyobonlarida qo’shiqlarni baland qilib qo’yib xaridor chorlayotgan audio va video do’konlariga duch kelish mumkin. Biroq ularning birontasida milliy ruhdagi yoki mumtoz kuy-qo’shiqlar eshitilmaydi. Mening xaridorlarim 15 yoshdan 25 yoshgacha bo’lganlar, deydi poytaxt markazida joylashgan “Diskomaniya” nomli do’kon sotuvchisi.

Ko’cha-ko’ylarda, radio-televideniye orqali ham o’zbek milliy va mumtoz kuy-qo’shiqlarining yetarlicha targ’ib etilmasligi ham yoshlarni o’z milliy qo’shiqlaridan uzoqlashish holatini vujudga keltirmoqda, deb hisoblaydi Muzaffar Ahmad.

San’at katta ta’sir kuchiga ega. Bu kuch daf’atan emas, asta-sekinlik bilan o’z ta’sirini ko’rsata boshlaydi. Biroq ba’zi ota-onalar fikricha, bugungi yoshlar qalbi va ongini egallab borayotgan estrada san’atining shaklan va mazmunan g’aribligi, qo’shiqlar matnining yalang’ochligi yoshlar ma’naviyatiga salbiy ta’sir etayotgani aniq. Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra esa, ma’nosiz qo’shiq bilan yetuk san’at asarini xalqning o’zi saralaydi, saviyasi past qo’shiqlar umri qisqa bo’ladi. Biroq bugun yoshlarning ko’pchiligi sayoz qo’shiqlarni xirgoyi qilib yurishi, ular didi shakllanmagan yoshlar ongidan joy olishga ulgurganidan dalolat berayotgandek.

XS
SM
MD
LG