Rossiya parlamentida nodavlat tashkilotlar faoliyatini cheklaydigan qonun loyihasi ko'rib chiqilmoqda


Rossiya Dumasida xalqaro va nodavlat tashkilotlar faoliyatini cheklashga qaratilgan yangi qonun loyihasining birinchi o'qishi o'tdi. Mazkur loyihaga binoan, Rossiyada faoliyat yuritayotgan 400 ga yaqin mahalliy va xalqaro nodavlat tashkilotlar mamlakatning adliya vazirligidan qaytadan ro'yxatdan o'tishi lozim. Xyuman Rayts Uotch inson huququlari tashkilotining Moskvadagi vakiliga ko'ra, agar loyiha qonunga aylansa, hukumat o'zi xush ko'rmaydigan tashkilotlarga qarshi chora ko'rishga yaxshi qurolga ega bo'ladi.

Mazkur qonun mualliflariga ko'ra, qonun mamlakatda faoliyat yuritayotgan nodavlat tashkilotlarni qaytadan ro'yxatdan o'tkazish, ularning moliyaviy manbalari va xarajatlarini nazorat qilish orqali pulni o'zlashtirish va mamlakatda nodavlat tashkilotlar faoliyatlarini yaqindan kuzatish imkoniyatini beradi. Qonun, shuningdek, xalqaro tashkilotlarni Rossiyada vakolatxonalar orqali ishlashiga ham chek qo'yadi. Ular moliyaviy tarafdan mustaqil tashkilot sifatida qayta ro'yxatdan o'tishlari kerak bo'ladi. Xyuman Rayts Uotch vakili Aleksandr Petrovga ko'ra, bu davlat tomonidan ko'plab mahalliy va xalqaro nodavlat tashkilotlarning ishiga to'siqlik qilishga qaratilgan harakatdir.

"Bu prezident Putin idorasining 3-4 yildan beri o'ylab kelayotgan rejasi edi. Bu yo'l bilan Putin siyosatiga tanqidiy ko'z bilan qaraydigan va unga tobe bo'lmagan siyosiy va ijtimoiy harakatlarni nazorat qilishi mumkin," deydi Petrov. "Agar qonun parlament tasdig'idan o'tib, prezident tomonidan imzolansa, ko'plab tashkilotlar, jumladan Xyuman Rayts Uotch ham mamlakatni tark etishga majbur bo'ladi."

Qonun loyihasining tashabbusi bilan chiqqan Liberal-demokratlar partiyasi vakili Aleksey Ostrovskiyga ko'ra, ayb qonunda emas, balki nodavlat tashkilotlarning o'zlarida. Shuncha paytgacha nodavlat tashkilotlar niqobi ostida Xyuman Rayts Uotchga o'xshash inson huquqlarini himoya qilish bilan emas, balki AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi va AQSh hukumatining ko'rsatmalarini bajarish bilan mashg'ul bo'lgan, deydi Aleksey Ostrovskiy.

Qonun kuchga kirishi uchun yana ikki o'qishdan o'tishi hamda Yuqori Palataning tasdig'i va prezident imzosidan o'tishi lozim. Biroq mutaxassislar parlamentda prezidentga moyil "Umum Rossiya" partiyasi ko'pchilik o'ringa ega bo'lishi munosabati bilan loyihaning qonunga aylanishiga shubha qilmayaptilar.

XS
SM
MD
LG