Qozog'istonda prezident saylovlari bo'lib o'tdi


4 dekabr kuni Qozog'istonda 1991 yilgi mustaqillikdan buyon uchinchi prezident saylovlari bo’lib o’tdi. Kuzatuvchilarning aytishicha, amaldagi prezident Nursulton Nazarboev qolgan to’rt raqibini ancha ortda qoldirib, yetti yillik uchinchi muhlatga saylanishi uchun barcha imkoniyatlarga ega. Bashoratlarga ko’ra, Nazarboev 70 foizgacha ovoz olishi mumkin. Saylovlarni 1,500 yaqin kuzatuvchilar nazorat qilqdi. Qozog'iston Markaziy Saylov Komissiyasining ma'lumotiga ko'ra, saylov uchastkalarining yopilishiga ikki soat qolganda, Qozog'istonning ovoz berish huquqiga ega bo'lgan 9 million saylovchisining 68 foizi saylovlarda ishtirok etib bo'lgan. Saylovlarning dastlabki natijalari dushanba kuni ma'lum bo'ladi.

Saylovoldi kampaniyasi davomida prezident Nazarboyev Qozog’iston xalqi farovonligini ta’minlash bo’yicha bergan va’dalarini bajarishi uchun mamlakatda barqarorlik bo’lishi kerakligi haqida bir necha bor ta’kidlagan.

Prezident va’dalari ko’plab saylovchilarni ruhlantirgan ko’rinadi, ularning ko’pi saylov uchastkalariga keldilar. Ovoz berishga kelgan talaba qizlardan birining gapiga qaraganda, bu uning ilk saylovda ishtirok etishidir va saylov natijalari uning kelajagi hamda barqaroligini ta’minlashiga ishonadi.

"Katta norozilikka olib keladigan muammolarimiz yo’q deb o’ylayman," deydi bu talaba. "Saylovda bugungi kundagi hayot bilan rozi ko’p fuqarolar amaldagi hukumatni qo’llaydi. Shaxsan o’zim ta’lim tizimida bir oz o’zgartirishlar kiritilishi tarafdoriman, qolgani esa meni qoniqtiradi."

Yana bir saylovchiga ko’ra, u demokratik muxolifat tarafdoridir. Saylovlarda Jarmaxon Tuyoqboyga ovoz bergan. Sababi, u Tuyoqboyning mamlakatda iqitsodiy islohotlarni demokratik islohotlardan ustun qo’ymaslik zaruruligi haqidagi fikriga qo’shiladi.

Kasbi quruvchi bo’lgan bu odam G’arb saylovlarni adolatsiz deb topgan taqdirda, natijalariga norozilik bildirish uchun namoyishlarga chiqishga tayyor ekanini aytadi.

"To’gri, Qozog’istonda qonli revolyutsiya bo’lmaydi, sabab - odamlarimizning dunyo qarashi boshqacha. Agar biz qarshilik ko’rsatsak, mamlakatning boy odamlariga emas, Nazarboyev va uning oilasiga qarshi bo’lamiz xolos. Shuni boshqalar ham tushininishini istaymiz," deydi bu yosh saylovchi.

O’tgan parlament saylovlari mustaqil kuzatuvchilar tomonidan tanqid ostiga olingan edi. Qonun buzilishlarning asosiy sabablari etib, saylovchilar ro’yxati, matbuotda chiqish va muxolifatga do’q-po’pisa qilish bilan bog’liq muammolar ko’rsatilgan edi. Janob Tuyoqboy bu safar ham shunday bo’ladi degan xavotirda. Uning ta’biricha, saylov natijalari adolatsiz o’tgan deb tan olingan taqdirda, ko’chaga chiqib qarshilik ko’rsatishdan oldin muxolif kuchlar avvalombor mavjud tinch va demokratik yo’llardan foydalanishi zarur.

Saylovlarda 1,500 ga yaqin xalqaro kuzatuvchilarning ishtirok etishi kutilmoqda. Ulardan 400 nafari bevosita Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidan. Qozog’istonning energetik sohalariga salmoqli sarmoya qilgan AQSh bilan Rossiya o’z navbatida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining saylovlar bo’yicha dastlabki baholariga e’tibor beradilar. Chunki aynan saylovlardan keyin norozilik namoyishlari yoki zo’ravonliklarning bor-yo’qligi mamlakatdagi siyosiy vaziyatning qanchalik barqaror ekanini ko’rsatib beradi.

Gruziya va Ukrainadagi inqiloblarning Qozog’istonda qaytarilishiga ishonmasada, prezident Nazarboyev saylovdan keyin barcha namoyishlarning o’tkazilishini oldindan ta’qiqlab qo’ygan. Qozog’iston inqilob bo’lgan yana bir davlat, qo’shni Qirg’iziston bilan chegarasini yopib qo’ygan edi.

Prezident Nazarboyev ta’biricha, iqtisodiy va siyosiy islohotlar demokratik islohotlardan ustun turmog’i lozim. Ammo muxolifatdagi nomzod Jarmaxon Tuyoqboyning aytishicha, agar mamlakatda korrupsiya bundan keyin ham kuchayib boraversa, u holda Qozog’iston Sovet Ittifoqi kabi tushkunlikka tushishi va parchalanib ketishi mumkin.

XS
SM
MD
LG