Breaking News

Xalqaro Amnistiya Almatovni so'roq qilishga chaqirmoqda


Inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanuvchi "Amnesty International", ya'ni Xalqaro Amnistiya tashkilotining Germaniyadagi sho'basi dushanba kuni mamlakat Bosh prokurori Kaya Nemaga murojaat qilib, ayni damda Gannover shahrida umurtqa pog'onasi rakidan muolaja olayotgan O'zbekiston ichki ishlar vaziri Zokir Almatovning Andijonda qon to'kilishlarga aloqadorligini aniqlash uchun tergov qilishni so'ragan. Bundan tashqari, nemis inson huquqlari faollarining aytishicha, O'zbekistondagi mahbuslarning qiynoqlarga solinishi ham Almatov buyrug'i bilan amalga oshirilmoqda.

Xalqaro Amnistiya tashkilotining Germaniyadagi sho'basi vakili Imke Dirsenning aytishicha, O'zbekistonda inson huquqlarining qattiq poy-mol etilayotganligida Zokir Almatovning bevosita qo'li bor.

"Shuning uchun buni aniqlash maqsadida biz Bosh prokuraturaga murojaat etib, uni tergov qilishni so'radik," deydi Dirsen xonim. "Hozircha prokuraturadan javob olganimiz yo'q. Bizdagi ba'zi hujjatlarga ko'ra, O'zbekistonda bir necha kishi qiynoqlarga solingan. Bundan tashqari Andijondagi dahshatli voqealar haqida ham xabarimiz bor. Bu jinoyatlarning tepasida turgan odamning ishini sudga oshirish kerak deb hisoblaymiz. Bundan tashqari biz Germaniyaning xalqaro jinoiy ishlar bo'yicha kodeksiga amal qilishga javob beradigan Adliya vazirligiga ham murojaat qilmoqchimiz. Ayni paytda Almatovning ahvoli haqida matbuotda chiqqan xabarlardan boshqa axborotga ega emasman va ularga ko'ra uning sog'lig'i juda yomon ahvolda."

Yevropa Ittifoqining 12 nafar O'zbekiston rasmiysiga nisbatan chiqargan sanksiyasi Almatovga ham tegishli. Unga ko'ra, O'zbekiston ichki ishlar vaziri Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlarga kirish uchun viza ololmaydi, biroq uning sog'lig'i og'ir ahvoldaligini hisobga olib, Yevropa Ittifoqi uning Germaniyada da'volanishi uchun ruxsat bergan edi.

XS
SM
MD
LG