O'zbekistonda yana bir nashr yopilishi mumkin


O`zbekistonda "Advokat press" gazetasida chop etilgan "Yo`q haqida badiha" maqolasi qanchalik shov-shuvga sabab bo`lmasin, kuzatuvchilarga ko`ra, uni chiqargan gazeta faoliyatining darhol to`xtatilishi o`zbek matbuotida boshqa bunday shov-shuvlarga o`rin yo`qligini ko`rsatmoqda. Tahririyat xodimlarining bildirishicha, gazetaning qayta faoliyat boshlashiga umid bor, biroq buning uchun muhokamaga sabab bo`lgan maqola muallifi Dilmurod Sayid tahririyatdan ketishi kerak.

"Nafaqat poytaxt ko`chalarida, balki O`zbekistonning eng chekka hisoblangan qishloqlarida ham "O`zbekistonning kelajagi buyuk" degan otashin takid bitilgan lavhalarni o`qish mumkin. Shubha yo`q, inkor etib bo`lmaydi, darhaqiqat, KELAJAK - BUYUK. Ammo o`sha buyuk onlar qachon KELAJAK? Xudo biladi.

Umuman qiz-juvoni MARDIKORga chiqqan, go`daklari ona sutiga to`ymay qolayotgan, ta'lim va tarbiya muassasalarida Talaba hamda TARBIYALANUVCHIdan hech bir samarasiz pul talab qilanadigan mamlakatda buyuklikka tomon siljish bo`lishi mumkinmi? Yana xudo biladi…" degan jumlalar bilan boshlanadigan va oxirgi yillarda o`zbek matbuotidagi jimlikni oz bo`lsada buzganligi ta'kidlangan maqola muallifi jurnalist Dilmurod Sayyidga ko`ra, u xalqqa ma'lum bo`lgan oddiy haqiqat haqida yozilgan maqolasining bunchalik shov-shuvga, tayziqqa sabab bo`lishini xayoliga also keltirmagan.

"Men shu ko`pchilik gapirib yurgan narsalarga jurnalist sifatida sharh berib maqola yozdim. Buning uchun gazetaga tayziq o`tkazilishi, uni yopib qo`yilishi mutlaqo xayolimga kelgani yo`q," deydi jurnalist.

Tilga olingan maqola 24 noyabrda nashrdan chiqishi bilanoq matbuot agentligi tomonidan zudlik bilan sotuvdan yig`ishtirib olingan, Shundan so`ng O`zbekiston matbuot agentligi gazeta faoliyatini vaqtinchalik to`xtatish va qaytadan ro`yxatdan o`tish talabi bilan tahririyatga, nashr muassisi O`zbekiston advokatlar uyushmasiga murojaat qilgan. Tahririyat xodimlariga ko`ra, bunga "Yo`q haqida badiha" maqolasi, to`g'rirog'i, unda O`zbekistondagi vaziyatga oid bildirilgan fikrlar sabab bo`lgan. Maqolada O`zbekiston aholisining 70 foizi qashshoqlikda kun kechiradi, davlat rahbarlari esa faqatgina balandparvoz shiorlar aytishdan nariga o`tolmayaptilar, deyilgan.

Kuzatuvchilar esa ayni paytda "Advokat Press" gazetasiga boshlangan bosimlarni tabiiy hol deb tushunishadi, ularga ko`ra O`zbekistondagi haqiqiy ahvolni ko`rsatuvchi maqolalar bosadigan har qanday gazetaning taqdiri shunday yakun topadi.

Gazeta Bosh muharriri Rasul Fulomov gazetaning ayni paytda chop etilayotgani yo`qligini, biroq yaqin orada chiqib qolishi mumkinligi umid bog'lashini aytadi.

"Advokat press" gazetasining muassislariga ko`ra, bu bosim emas: O`zbekiston matbuot agentligi qonunga ko`ra is tutmoqda. O`zbekiston advokatlar uyushmasi raisi Bahrom Salomovning tan olishicha, muharrir gazetani hokimiyatdan qayta ro`yxatdan o`tkazgan paytda nizomga kiritilgan o`zgarishlar haqida matbuot agentligini xabardor qilmagan.

"Biz buni to`g`ri izoh deb topdik," deydi u, "va hozirda qayta ro`yxatdan o`tish uchun hujjat topshiryapmiz."

Hozirgi vaziyatga ko`ra, gazetaning faoliyati qayta tiklanishi mumkin. Jurnalist Dilmurod Sayid buning uchun uning tahririyatdan ketishi shart qilib qo`yilganini aytadi.

"Muassilar kengashida men qatnashganim yo`q, lekin nima bo`lganini menga aytishdi. U erda avvalo gazetani yopish, muharrirni o`zgartirish masalasi ko`tarilgan, biroq ko`pchilik ovozda masala tahririyat hisobiga hal bo`lgan. Muasislar oshkent shahar advokatlar uyushmasi respublika tshkilotini qo`llagan, biroq xusisiy advokatlik firmasi va yakka tartibda ulush kritgan muassis tahririyat uchun ovoz berishgan".

Gazeta ta'sischisi Bahrom Salomov esa bunday ma'lumotlarni mutloqo rad etgan holda Dilmurod Sayidni bu gaplarni to`qib chiqarayotganlikda ayblaydi.

XS
SM
MD
LG