Ozodlikka O'zbekistonda ruxsat berilmadi


O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi “Ozodlik” radiosini O`zbekistondagi bo`limini ro`yxatdan o`tkazishni rad etgan va radio jurnalistlariga vazirlik tomonidan berilgan akkreditasiya qaytarib olingan.

Tashqi ishlar vazirligi tomonidan berilgan taqdimnomada, “Ozodlik” radiosi O`zbekiston qonunlarini buzgan va shu bois ham uning Toshkent byurosining faoliyati uzaytirilmaydi, deyiladi.

Chexiya poytaxti Pragadan havoga uzatiluvchi “Ozodlik” radiosining O`zbekistondagi bo`limida qozoq, qirg`iz, tojik, turman va o`zbek bo`limi vakillari faoliyat yuritib kelishayotgan edi. O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasidan so`ng bu bo`limlarning barcha jurnalistlari o`z faoliyatlarini to`xtatishga majbur bo`lishgan.

“Ozodlik” radiosining Toshkentdagi byurosi 1996 yildan boshlab faoliyat yuritib kelgan va Turkmanistondan tashqari Markaziy Osiyodagi barcha davlatlarda xalqaro radioning milliy bo`limlari ishlab keladi.

O`zbekistonda “Ozodlik” radiosining Toshkent byurosi faoliyatini ta'qiqlanishi borasida turli munosabatlar mavjud. Bu haqda mustaqil jurnalist Ulug`bek Haydarov shunday fikr bildiradi:

“Men “Ozodlik” radiosining Toshketndagi bo`limi ro`yxatdan o`tkazilmagani haqidagi xabarni o`qib, qattiq afsusga tushdim. Chunki radio erkin fikrlovchilar uchun tayanch edi. Buning sabablari radio jurnalistlari oshkora axborot tarqatishganida deb o`ylayman, ayniqsa so`nggi Andijon voqealari bunga sabab bo`lgan bo`lishi mumkin”.

Bundan sal avval, O`zbekistonda anchadan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Bi-Bi-Si jahon xizmatining byurosi ham mamlakatdan chiqib ketgan edi. Bi-Bi-Si ning O`zbekistondan chiqib ketishiga sabab sifatida mamlakatda mustaqil jurnalistik faoliyat yuritish uchun imkoniyat qoldirilmayotgani va tazyiqlar kuchayayotgani, bunday sharoitda xolis axborot etkazish qiyin ekanligi bilan bog`liq edi.

Ozodlik radiosining O’zbekistonda akkreditatsiyadan o’tkazilmagani haqida markaziy idorasi Nyu Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi va 18 noyabrda AQShda ro’yxatdan o’tgan Demokratik O’zbekiston Kongressi jiddiy tashvish bildirmoqda.


"Ozodlik" radiosi rahbariyatiga ko'ra, tashkilotning O'zbekistondagi faoliyati qanchalik cheklanmasin, uning jurnalistlari O’zbekiston va Markaziy Osiyo bo’ylab yuz berayotgan o’zgarishlarni xolisona yoritishda davom etadilar.

XS
SM
MD
LG