Breaking News

O'zbek kinosi -nochorlik, iste'dod va umidlar


Kino – nafaqat san’at asari, balki tarbiya vositasi hamdir. Ittifoq davrida san’atkorona ishlangan kinolari hamda tarjima maktabi bilan dong taratgan “O’zbekfilm” mustaqillik yillarida katta-kichik studiyalarga bo’linib ketdi.

Hukumat qarori bilan “Ozbekkino” aksiyadorlik kompaniyasi tashkil etildi. Ayni paytda, ayrim mutaxassialarning bildirishicha, zamonaviy texnika vositalari bilan to’la ta’minlanmagan, sseneriylari ko’plab mahkamalar va hay’at chig’irig’idan o’tadigan mazkur tashkilot tomonidan yaratilgan filmlarning aksariyati sifatsiz va saviyasiz hisoblanadi.

Rejissyor-operator Abdurahmon Ismoilov fikricha, yaxshi film yaratishga to’sqinlik qiladigan omillar turlichadir.

“Hozir o’zbek kinosi judayam yaxshi, zor bo’lib ketdi, deb aytolmayman. Nega? Katta muammo O’zbekistonda kino dramaturgiyaning yo’qligi. Jihozlarimizning eskirgani va boshqa muammolar ham bor. Lekin katta bir mablag’ kinoni ko’tarish uchun ajratilyapti, deyilyapti. Men o’ylaymanki, agar shu mablag’ ajratilsa, kinoning texnik narsalarini o’zgartirsak, bu tarafi ko’tariladi. Lekin eng katta muammo bu – kinodramaturgiya. Yaxshi asar bo’lmaguncha biz dunyoga chiqolmaymiz. Kino o’zi bu tasviriy san’at. Tasviriy san’atda rassomlarimiz yo’qolib ketyapti. Kinoda bir xil rejissyorlarimiz o’zlari rassom bo’lib ketyapti. Ba’zi operatorlarimiz ham o’zidan-o’zi yana rassom bo’lib ketyapti. Ana shu sababli ham kinoning tasviriy saviyasi tushib ketyapti”, -deydi operator Abdurahmon Isroilov.

Mutaxassislarga ko’ra, O’zbekistonda yaratilayotgan kinolar uchun davlat tomonidan mablag’ ajratiladi. O’zbekkino davlat aksiyadorlik kompaniyasida shu mablag’ hisobiga bir yilda olti film yaratiladi. Biroq bu filmlar iqtisodiy jihatdan o’zini qoplayapti deb bo’lmaydi, deydi kinoshunos olim Hamidulla Akbarov.

“Bilamizki, ko’p mamkakatlarda davlat byudjetidan kino ishlab chiqarish uchun mablag’ ajratilmaydi. Bizda yiliga ajratiladi. Badiiy filmga, television filmga, multiplikatsion filmga, “Nashtar” hajviy jurnaliga va hujjatli filmlarga doimo muttasil pul ajratilib turiladi. Birorta o’zbek filmi hozircha o’zini oqlashi mumkin emas iqtisodiy jihatdan. O’sha ajratilgan pul davlatning hamyoniga qaytib kelishi nihoyatda og’ir hozircha. Bizlar masalan, o’zimizning filmlarimizni chet el bozorlariga olib chiqib sota olganimizda, boshqa mamlakatlar bilan uzviy aloqada bo’lib, o’z filmlarimizni ko’plab, Xitoyda masalan, ko’rsata olganimizda, o’shanda filmlarimiz iqtisodiy jihatdan o’zini oqlashi mumkin”, deb aytdi kinoshunos Hamidulla Akbarov.

Ba’zi kuzatuvchilar fikricha esa, davlat tarafidan ajratilayotgan mablag’lar faqat mustaqillik mafkurasi uchun xizmat qiladigan filmlarga ajratiladi. Bunday sharoitda haqiqiy san’at asari bo’la oladigan badiiy filmlar yaratilishi oson emas. Ayni paytda, bugungi o’zbek kinolari faqat engil-elpi mavzulardagi, asosan maishiy hayot aks etgan kino asarlaridan iborat ekanligi tomoshabinlar tomonidan ham e’tirof etilmoqda.

“Kinolarning ma’nosi sayoz. O’zbekona kinolar bo’lsa. Hozir ba’zi kinolarni juda bachkana qilib yuborishyapti. “Dilxiroj” filmi judayam yoqmadi. O’zbek filmlarini bolalar bilan ko’rasiz, ko’pincha. O’zbeklarning an’anaviy sirlarini ham ochib yuborishgan. Qizlar uchun ham, yigitlar uchun ham masalan, chimildiq sir bo’lmay qolyapti. Rejissyorlar buni o’ylab ko’rishi kerak. O’sha uchun “Chimildiq” degan kinosi ham, “Dilxiroj” filmi ham noto’g’ri deb o’ylayman. Kinolarning ham ta’siri bor-da tarbiyaga”, -deydi tomoshabinlardan biri.

Ba’zi rejissyorlarning kassabop filmlar yaratish ilinjidagi urinishlari tomoshabin saviyasini tushirish uchun xizmat qilayotgani qaydlanarkan, O’zbekistonda dunyo san’atshunoslari e’tirofiga sazovor bo’lgan asarlar ham yaratilayotgani sir emasligini aytadi kinoshunos Hamidulla Akbarov.

“Bugun Nozim Abbosov yaratgan, “Fillini” deb atalgan filmi Izburgda xalqaro sovringa, Gran-Priga loyiq topildi. Bu yerga ko’plab yevropaning yirik mamlakatlaridan filmlar keltirilgandi. O’shalarning ichida birinchi o’rinni olib, katta mukofot olib keldi. Men buni faxr bilan aytaman. Ham o’zi ssenariy yozdi, o’zi rejissyor sifatida uni ekranga olib chiqdi. O’zi uslubiy murakkab mavzu, epizodlarning suvratga olinishi nihoyat murakkab o’tganligini bilaman. Orol bilan bog’liq bo’lgan, oilaning, ayol va erkakning shaxsiy munosabatlari haqida judayam ehtiros bilan haqiqiy o’zbek fuqarosi sifatida hikoya qilgan. Masalan, Yusuf Roziqovning “Voiz” deb atalgan filmini o’zbek kinosining keyingi yillardagi eng zo’r asarlaridan biri deb bilaman. Inqilobga kinoyaviy munosabat, kechagi kunga bugungi davr cho’qqisidan, XXI asr nuqtai nazaridan nazar tashlab, uni haqqoniy bahosini berish, badiiy jihatdan ekranga olib chiqish masalasini hal etgan”, -deydi Hamidulla Akbarov.

Mutaxassislarga ko’ra, bugun o’zbek badiiy kinosida tasvir muammosi ham ko’zga tashlanadi. Buning boisi, iste’dodli tasvirchi-operatorlarning yetishmasligi bilan izohlanadi. Respublikadagi yetuk operatorlarning ko’pchiligi maosh ozligi tufayli o’z kasblarini o’zgartirishgan, yoki Rossiya va boshqa davlatlarga ketib qolishgan. Bir operatorning aytishicha, bugun u suvratga olgan bir filmi uchun 50-60 ming so’m, ya’ni 50 dollar atrofida haq oladi. Ittifoq davrida esa bir yaxshi film uchun bitta yengil mashinaning puli to’langan.

So’nggi yillarda kino san’atiga turli toifadagi kishilarning kirib qolayotgani, yetuk istedodli keksa avlod rejissyorlarining chetga surib qo’yilgani oqibatida, respublikada sifatsiz filmlar ko’paymoqda, deb hisoblaydi rejissyor Nozim Abbosov.

“San’atkorlarning keksa avlodini unutmaslik lozim, chunki ular o’zlarining balki eng so’nggi, biroq yetuk asarlarini yaratishlari mumkin. Axir san’at bu – ijodiy jarayon, uning yoshga aloqasi yo’q. Umrini kino san’atiga bag’ishlagan, o’zbek kinosi rivojiga ulkan hissa qo’shgan Uchqun Nazarov, Shuhrat Abbosov, Ali Hamroyev, Elyor Eshmuhammedov, Damir Salimov kabi ulkan rejissyor-san’atkorlar har qanday yosh rejissyordan ko’ra afzalroq film olishga qodirdirlar”, deb aytdi Nozim Abbosov.

XS
SM
MD
LG