Breaking News

Markaziy Osiyo xabarlari - 21 dekabr


Qozog'iston

Qozog'iston parlamentining Quyi palatasi bugun Qozog'iston-Rossiya chegarasini himoya qilishga doir ikki tomonlama shartnomani ratifikatsiya qildi. Majlisning xalqaro aloqalar, mudofaa va xavfsizlik ishlari bo'yicha qo'mitasining aytishicha, shartnoma ikki mamlakat o'rtasidagi chegarani himoya qilish va undagi noxushliklarning oldini olishda qonuniy asos bo'ladi.

Qozogi'ston-Rossiya chegarasi jahondagi eng uzun chegaralardan bo'lib, 7,5 ming kilometrni tashkil etadi. 2004 yilning yanvarida Ostonada imzolangan shartnoma endi mamlakat Senatiga tasdiq uchun yo'llanadi.

Qirg'iziston

Bugun Qirg'iziston prezidenti Kurmanbek Bakiyev mamlakatda kelasi yili referendum o'tkazilishi haqida ma'lum qildi. Milliy referendumda Konstitutsiyaga o'zgartirishlar kiritish hamda parlament vakolatlarini oshirish hisobiga prezident vakolatlarini cheklash kabi muhim masalalar qo'yiladi.

Tarkibida prezident, vazirlar, deputatlar hamda ba'zi fuqaro faollari bo'lgan maxsus kengash Bakiyev taklifini qo'llab-quvvatlab, referendum xalqning qaysi boshqaruv usulini yoqlashini aniqlab berishini ta'kidladi.

Hozircha referendumning qachon o'tkazilishi belgilangani yo'q. Prezident vakolatlarini cheklash mart oyidagi inqilobdan so'ng hokimiyat tepasiga kelgan Bakiyevning va'dalaridan biri edi. Shunga qaramay, ba'zi ma'lumotlarga ko'ra, Bakiyev konstitutsion islohotlarni 2009 yilgacha o'tkazmasligi mumkin.

Tojikiston

Payshanba kuni Tojikiston poytaxti Dushanbeda Turkiya-Tojikiston iqtisodiy komissiyasi o'zining beshinchi majlisini o'tkazadi.

Muzokaralarda Turkiya delegatsiyasiga mamlakat Davlat vaziri Mehmet Oydin, Tojikiston delegatsiyasiga esa Iqtisodiyot va Savdo vaziri Hakim Soliyevlar rahbarlik qiladilar.

Komissiya ikki tomonlama savdo va iqtisodiy aloqalarni yanada yaxshilash hamda bevosita sarmoyalar miqdorini oshirish yo'llarini muhokama qiladi. Muzokaralar davomida ikki davlat o'rtasidagi Sheriklik va Hamkorlik shartnomasi hamda Uzoq-muddatli iqtisodiy hamkorlik dasturining imzolanishi kutilmoqda.

Tojikiston prezidenti Imomali Raxmonov kelasi yilning yanvarida Turkiyaga tashrif buyuradi. 2004 yilgi ko'rsatkichga ko'ra, Turkiya va Tojikiston o'rtasidagi savdo oboroti 103 million AQSh dollarini tashkil qilgan. 2005 yilda ham shu raqamning qayd qilinishi kutilmoqda.

O'zbekiston va Turkmaniston

Jahon mamlakatlaridagi erkinliklar muammolarini o'rganadigan Freedom House xalqaro tashkilotining jahon bo'ylab o'tkazgan tadqiqotiga ko'ra, 2005 yili erkin bo'lmagan mamlakatlar soni o'tgan yilga qaraganda to'rt nafarga kamaygan.

"Jahon bo'ylab erkinlik" deb nomlangan ushbu tadqiqot natijalariga ko'ra, erkin emas deb tan olingan 45 mamlakatning yana sakkiztasi eng past ko'rsatkichga ega bo'lib, ularga yomonlarning yomoni degan maqom berilgan. Birma, Sudan, Liviya, Suriya, Kuba va Shimoliy Koreyadan tashqari yomonlarning yomoni ro'yxatidan Turkmaniston bilan O'zbekiston ham o'rin olgan.

Qirg'iziston mart oyidagi inqilob tufayli erkin bo'lmagan mamlakatdan qisman erkin degan mamlakat maqomiga o'tgan.

XS
SM
MD
LG