"Nima, revolyutsiyani kutib o'tirishibdimi amaldorlar?"


O’zbekistonda “Ozodlik” radiosi Toshkent byurosi yopilganligi borasida xalqaro ommaviy axborot vositalarida yetarlicha xabarlar berildi.

Oradan ikki hafta o’tib, mavzuga qaytishimizga, yaqinda Ozbekiston televideniyesi birinchi kanalida berilgan mahalliy jurnalist sharhi turtki bo’ldi, desak, mubolag’a bo’lmas.

Sharhlovchi chiqishidan parcha:

“ Bu zamonda haqiqat chorig’ini kiygunicha yolg’on oyoq yalang bo’lib, yarim dunyoni kezib ulgurgach, bu yoqdagi chin gaplarni bo’yab- bezab, oyog’i osmondan qilib beraversa…”

Sharhlovchining, o’z chiqishida kimlarni nazarda tutayotganini tushuntirishga hojat bo’lmasa kerak—gap “Ozodlik” va shunga o’hshash chet el mustaqil ommaviy axborot vositalari va jurnalistlari haqida.

Keling, taniqli jurnalistning yuqoridagi fikrlariga “Ozodlik” radio’si Toshkent buyro’si yopilishi misolida qoraqalpog’istonliklar nima deyar ekan.

Hamsuhbatlarimiz ismi-shariflarini ma’lum sabablarga ko’ra atamasak.

- Biz qoraqalpog’istonlik fuqaro sifatida “Ozodlik “ radiostansiyasi Toshkent byurosining yopilishiga , albatta, salbiy munosabattamiz.

- Biz uchun radioda juda ham erkin fikrlar aytilar edi. O’zbekiston ommaviy axborot vositalarida bunday erkin fikrlar aytilmaydigan edi. Shuning uchun biz erkin fikr eshitishdan mahrum bo’ldik, deb hisoblayman.

- "Ozodlik”da ozbek halqining muammolari, shu halqning hozirgi mustaqillik davrida qiynalayotgani, yuzaga chiqarolmayotgan muammolari—hamma narsalari aniq-oydin oddiy halq tilida aytilib turgan edi. Mana shu narsalar endi aytilmay qoladi.

- “Ozodlik” radio’sini hukumat ayttirmaydi , degan fikr mana shu yerimga kelib qoldi.( Tomog’ini ko’rsatadi). Hukumatning ayttirmaganining jonli dalili -“Ozodlik” radiosi Toshkent buyrosini yopgani”.

Sharhlovchi chiqishidan yana parcha:

- Shunday bir sharoitda bizning matbuot qanday faoliyat ko’satishi lozim?

Hamsuhbatlarim sharhlovchining savolini o’zlaricha “O’zbekiston ommaviy axborot vositalari qanday faoliyat ko’rsatmoqda, deb o’zgartirishib, javob berishadi:

- Bizlarning televizo’rlarni ko’rsangiz, manov dehqon-fermer falon tsentnerdan paxta berdi, manov dehqon-fermer falon tsentnerdan… Shundan boshqa gap yo’q . Eshitadigan yangiligimiz bor-yo’gi shu. Televizorni ochsam, men faqat shuni eshitaman, boshqa hech narsa eshitmayman.

- Televideniemizni ko’rishmaydi, radio’mizni tinglashmaydi, gazeta-jurnallarimizni o’qishmaydi bizda qoraqalpg’istonliklar.

- Sababi, bizning ommaviy axborot vositalarimizda fikrlar erkin aytilavermaydi. Shuning uchun ham qoraqalpog’istonliklar ko’pincha Rossiya kanallarini ko’rishadi.

- Bizda O’zbekistonning hozirgi hayotini mukammal darajada ko’rsata oladigan jurnalistlar bor. Biroq, ularga bizning hukumatimiz yo’l bermaydi.

- Demokratiya bo’lmasa, so’z erkinligi bo’lmasa, u mamlakat rivojlanmaydi. So’z erkinligi yo’q bo’lsa, demak, buning tagida yolg’on bor. Biz shu yolg’onning orasida qalay yashaymiz? Odamlarning tomog’ini bo’g’ib qo’yganidan keyin, so’zlatmay tashlagandan keyin, ular hammasini ichiga yig’adi. Axir bir kuni bu otiladi-ku, bir kuni bu urushga boradi-ku! Axir, bir kunmas bir kun borimizni aytamiz-ku, og’zimizni bo’g’ib qo’yish ekan niyatlari, unda kutsin qachon uzilishimizni. Axir, odamlarning og’ziga qopqoq bo’lolmaydi-ku, amaldorlar?! Qopqoq bo’lishga qaror qilishgan ekan, ertangi kun javobini beradi-ku? Bir yil javob berishmas, ikki yil javob berishmas, uch yil javob berishmas, to’rtinchi yili hamma bor narsa chiqadi-ku? Nima, revolyutsiyani kutib o’tirishibdimi amaldorlar?

XS
SM
MD
LG