Breaking News

O'zbekistonda matbuotga tazyiq kuchaymoqda


O'zbekiston hukumati "Ozodlik" radiosini ro'yxatdan qayta o'tkazmadi. Natijada AQSh hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan mustaqil radiostansiya o'zining Toshkentdagi byurosini yopishga majbur bo'ldi.

"Ozodlik" radiosi prezidenti lavozimini vaqtinchalik bajarayotgan Jeff Trimblning aytishicha, uning tashkiloti O'zbekistondagi voqealarni xolisona yoritishda davom etadi. "O'zbekiston hukumatining bu kabi noqonuniy harakati," deydi Jeff Trimbl, "O'zbekistondagi erkin so'z bilan bog'liq usiz ham ayanchli ahvolni yanada salbiylashtiradi. Bu prezident Islom Karimov hukumatining o'zbek xalqining asosiy inson huquqlariga qaratilgan yana bir hujumidir."

May oyida Andijonda hukumat qatag'oni boshlangandan beri O'zbekistondagi jurnalistlarning faoliyat olib borishlari uchun vaziyat yanada yomonlashdi. Inson huquqlarini himoyalovchi tashkilotlarga ko'ra, mamlakatning yangi tarixidagi eng dahshatli qatliomda hukumat qo'shinlari yuzlab namoyishchilarni o'qqa tutib o'ldirgan. "Ozodlik" radiosining muxbiri Nosir Zokir Andijondagi voqealarni yoritishga birinchilardan borgan jurnalist edi. Sud uni otishmalardan oldingi vaziyatni yoritgani uchun olti oy qamoq jazosiga mahkum etgan. "Ozodlik" radiosining kamida to'qqiz nafar muxbiriga telefon orqali do'q-po'pisalar qilingan va ular Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan so'roqqa tutilgan.

Nufuzli ommaviy axborot vositalaridan yana biri xavfsizlik sabablari tufayli muxbirlarining faoliyatlarini to'xtatishga majbur bo'ldi. Britaniyaga qarashli Bi-Bi-Si xizmati O'zbekistondagi muxbirlarining xavfsizligi kafolatlanmaganligi va ular tazyiqqa uchrayotganlari tufayli Toshkentdagi byurosini yopishi haqida oktyabr oyida e'lon qildi. Bi-Bi-Sining kamida 7 nafar jurnalisti O'zbekistonni tark etishga majbur bo'ldi yoki majbur qilindi.

Bosh idorasi Londonda joylashgan Urush va tinchlikni yoritish institutining muxbirlari ham turli xil tazyiqlarga uchradilar. Institutning o'zbek tilidagi Internet sahifasini ochish uchun to'siq qo'yildi hamda uning jurnalistlari ham mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo'ldilar.

Prezident Karimov hukumati Gruziya, Qirg'iziston, Ukraina va boshqa joylardagi demokratik o'zgarishlardan cho'chigan holda matbuot erkinligiga rahna solayotgan bo'lishi mumkin. Biroq tarix saboqlari barchaga ayon: ozodlikni abadiy cheklash mumkin emas.

"Shuning uchun ham", deydi AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays, "Qo'shma Shtatlar O'zbekiston hukumati hozirgi kursidan qaytadi va islohotlar foydasiga strategik qaror chiqaradi, deya umid qilishda davom etmoqda."

XS
SM
MD
LG