Markaziy Osiyo xabarlari - 26 dekabr


Ozarbayjon

Ozarbayjon rasmiylarining aytishicha, juma kuni halokatga uchragan samolyotning boshqaruv tizimi ishdan chiqqan bo'lishi mumkin. Natijada undagi barcha 23 kishi halok bo'lgan edi. Biroq Ozarbayjon Havo Yo'llari rahbarining o'rinbosari Ilxom Amirovning gapiga qaraganda, hozircha Kaspiy dengizi yoniga qulagan AN-140 halokatining boshqa sabablarini ham hisobdan chiqarmaslik kerak, shu jumladan terror xurujini ham.

Samolyotning qora qutichasi, ya'ni uchuvchi kabinasi ichidagi muloqotni yozib oladigan moslama hamon qidirilmoqda. Chunki aynan uning topilishi 18 yo'lovchi va besh ekipaj a'zosi halokati sabablarini aniqlab berishi mumkin. Qurbonlarning biri buyuk britaniyalik, biri avstraliyalik, biri turk, boshqa biri gruzin va yana to'rt nafari Qozog'iston fuqarolaridir.

Qirg'iziston

Qirg'iziston huquq tartibot organlarining 22 dekabrdan beri o'tkazgan maxsus operatsiyasiga ko'ra, 89 jinoyatchi qo'lga olingan. Mamlakat ichki ishlar vazirligining kechagi bayonotiga ko'ra, ushbu operatsiya 77 jinoyatni ochishga yordam berdi.
Yangi yildan oldin ehtimoliy jinoyatlarning oldini olish uchun mehmonxonalar, tunggi klublar, saunalar, kazinolar va boshqa dam olish maskanlari Qidiruv deb nomlangan operatsiya ostida tekshirildilar.

O'zbekiston

Assoshieytid Press axborot agentligining xabar berishicha, sakkiz yillik qidiruvdan so'ng O'zbekiston hukumati tomonidan islomiy radikal deb hisoblangan Ruhitdin Fahrutdinov o'tgan oy oxirida qo'shni Qozog'istonda ushlandi. Hukumatga ko'ra, 38 yoshli Fahrutdinov al-Qoidaga aloqasi bor O'zbekiston Islom Harakatining rahbarlaridan biri bo'lib, mamlakatda uyushtirilgan qator terror harakatlari orqasida turgan. Biroq Fahrutdinovning oilasi hukumat uni hurfikrligi hamda ko'pchilikning nazariga tushgani uchun ta'qib qilmoqda, deydi. Uning opasi Zuhraga ko'ra, ba'zi imomlar Qur'on yozuvlarini targ'ib qilsa, boshqalar hukumat siyosatini targ'ib qiladilar.

Ruhitdin Fahrutdinovning otasi Sovet davrida O'zbekiston vazirlaridan biri bo'lgan. Uning o'zi esa Toshkentdagi Xo'ja Nuritdin masjidida imom-xatib bo'lib ishlagan va 1998 yili mamlakatni tark etgan. Xyuman Rayts Uotch va boshqa inson huquqlari tashkilotlariga ko'ra, Fahrutdinov noyabr oxirida Shimkentda ushlangan va yashirincha O'zbekistonga jo'natilgan.

Turkmaniston

Turkmaniston prezidenti Saparmurat Niyozov mamlakatga tashrif buyurayotgan chet-elliklar hamda chet-elga chiqayotgan turkmanistonliklar harakatlarini nazorat qiluvchi vazirlik tuzishni taklif etmoqda. Uning fikricha, na ichki ishlar vazirligi va na Milliy xavfsizlik vazirligi bu vazifalarni uddasidan chiqmoqdalar. Shuning uchun davlat rahbari faqatgina unga bo'ysunadigan yangi vazirlikka asos solishga chaqirmoqda.

Yangi vazirlik mamlakatga kelayotgan chet-elliklarni kuzatib, ularning harakatlari Turkmanistonga kelish maqsadlariga mos tushish yoki tushmasligini tekshiradi. Belgilangan tashrif maqsadidan chetga chiqqanlar mamlakatdan chiqarib yuboriladilar.

O'z navbatida vizalarining muddati o'z nihoyasiga yetgan hamda chet-elda qonun buzgan turkmanistonliklar ham borgan mamlakatlaridan ushbu vazirlik vositasida qaytarib olinadilar.

XS
SM
MD
LG