BMT biryoqlamachilik qilyaptimi yoki O'zbekistonda terrorchilar ko'paygan?


Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo`yicha Bosh komissari Luiza Arburning O`zbekistonda hukumatini Andijon voqealari bo`yicha sud jarayonlarida xalqaro huquqiy meyorlarga rioya qilishga chaqirgani mamalakat kuzatuvchilari tomonidan turlicha baholanmoqda.

O'zbekiston adliya vazirligi esa BMTning, O'zbekistonda inson huquqlari buzilyapti va mahbuslarni qiynoqqa solish davom etyapti, degan tanqidini asossiz deb atadi.

BMT Inson huquqlari bo`yicha bosh komissari Luiza Arburning O`zbekiston hukumatini qayta-qayta xalqaro huquqiy meyorlarga rioya qilishga chaqirishiga mamalakatda Andijon voqealari bo`yicha kechgan sud jarayonlari sabab bo`lgan. Jumladan, O`zbekiston Oliy sudida kechgan dastlabki jarayondan so’ng boshlangan mahkama jarayonlarida, bir guruh kishilarga uzoq muddatli qamoq jazolarining berilishi, yuqoridagi chaqiriqqa sabab bo`lgan.

O`zbekistonda BMT Inson huquqlari bo`yicha Bosh kommissarligining tavsiyasiga bildirilayotgan ayrim munosabatlarga ko`ra, BMT bayonoti bir yoqlamadir. Bu haqda siyosiy sharhlovchi Tursunboy Qoratoev gapiradi:

“O`zbekistonning pozitsiyasini tushunishga Yevropa Ittifoqi, AQSh va BMT tomonidan ham harakat bo`lmayapti, ular tushunishni ham xohlashmayapti, shekilli, bu masalada… Shu yerda voqeani rivojlanishi nimalarga olib kelishi mumkin edi… Aholi zich joylashgan Andijon viloyatini oladigan bo`lsak, bu yerda fuqarolar urushinig boshlanishi oqibati nimalarga olib kelishi mumkin edi? Bularni xalqaro tashkilotlarning hech biri tan olgisi kelmaydi. Ularning standartlari bo`yicha qanday bo`lishi kerak? Bu erda jinoyat qilingani videolarda isbotlangan bo`lsa, ayblanuvchilar tan olishgan, hukm chiqarilgan bo`lsa, bu qaysi standartlarga to`g`ri kelmasligi mumkin?”

O`zbekiston Demokratik tashabbuslar markazi rahbari Iskandar Xudoyberganovning BMT tomonidan berilgan tavsiyalarga munosabati quyidagicha:

“Biz ko`p jihatdan sud jarayonlarini buzayapmiz, avvalom bor sudlar davom etayapti, bundan hech kimning xabari yo`q. Bu birinchidan, ikkinchidan bunday sudlarga xalqaro kuzatuvchilar qatnashishi kerak, bizda bu narsa yo`q. Vaziyatni o`zgaririshiga men shubhalanaman, chunki BMT bayonoti ko`proq tavsiya xarakteriga ega. Ammo xalqaro miqyosda O`zbekistonning obro`si uchun bu katta zarba. BMT bayonnomalariga dunyo quloq soladi, ular xolis, buni tajriba ko`rsatgan. Sud jarayonlarini anchadan buyon kuzatamiz. O`zbekistonda mustaqil sudning o`zi yo`q degan fikr hali hamon o`zgarayotgani yo`q. Sababi bitta - avtoritar rejim.”

Andijon voqealari yuzasidan O`zbekiston Oliy sudida 20 sentyabrda 15 kishi ustidan boshlangan dastlabki mahkama jarayonidan so`ng yuzga yaqin ayblanuvchilar ustidan bir necha sud jarayonlari o`tdi. Ularda ayblanuvchilarga 12 yildan 22 yilgacha qamoq jazosini belgilash hukmi e`lon qilindi.

Kuzatuvchilarga ko`ra keyingi jarayonlar kuzatuvchilarning ishtirokisiz o`tgan. Mahkama jarayonlarining ayrimlari esa davlat sirlari oshkor etilishi ehtimoli bilan yopiq holda o’tadi, deb e`lon qilindi.

Andijon voqealari yuzasidan o`tayotgan sud jarayonlariga mahalliy inson huquqlari faollaridan biri Marat Zohidov quyidagicha baho beradi:

“Noto`gri jarayonlar bo`layotgan bo`lsa, bu haqda gapirish kerak. Men bilmayman, davlat nega bunaqa qilayapti? Bitta nomozxon bo`lsa, qayerdadir ko`rgan bo`lsa, yoki o`sha kuni maydonga chiqqan, televizorga tushgan bo`lsa, uni topib kelib qamoqqa olish… Men o`ylaymanki, bu narsa yaxshi narsa emas. Birdaniga shuncha terrorchilar paydo bo`lib qoldi. Hatto Bin Ladenda buncha terrorchilar yo`q.”

Dastlab, O`zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan Andijon voqealarida ishtirok etganlikda ayblanayotgan 121 nafar kishi ustidan jinoyat ishi ochilgani ma’lum qilingan edi. Hozirgacha yuz nafardan ziyod kishiga nisbatan uzoq muddatli qamoq jazolarini belgilash haqida hukm o`qilgan.

Andijonda 12-13 may kunlari yuz bergan otishmalar yuzasidan xalqaro jamoatchilik mustaqil tergov o`tkazish talabini qo`ygan, biroq bu talab O`zbekiston hukumati tomonidan rad etilgan edi. Andijon voqealarida rasmiy ma’lumotlarga ko`ra 180, norasmiy ma’lumotlarga ko`ra yuzlab tinch aholi qurbon bo`lgan.

XS
SM
MD
LG