AQSh immigrasiya tizimida tubdan o'zgarishlar bo'lishi kutilmoqda


DIKTOR: Aziz muxlislar, 2005 yil ham o’z nihoyasiga yetib bormoqda. O’tayotgan yilda AQShda immigratsiya sohasini isloh qilish dolzarb masalaga aylandi. Hamkasbimiz Navbahor Imamova huquqshunos hamkorimiz Bobur Mirg’ani bilan shu mavzuda suhbatlashdi.

N. IMAMOVA: AQSh Kongressi immigratsiya bilan bog’liq muamomolarni muhokama qilishda davom etmoqda. AQShda muhojirlar soni misli ko’rilmagan raqamga chiqqan. Ayni damda mamlakatda 35 milliondan ortiq muhojir istiqomat qiladi. Ko’pchiligi noqonuniy muhojirlar. President Bush bu noqonuniy muhojirlarga vaqtinchalik viza berish tashabbusi bilan chiqqan. Bobur, nega muhojirlar muammosining chigallashganiga asosiy sabab nima?

B. MIRG'ANI: Rahmat, Navbahor. AQSh immigratsiyasi juda boy tarixga ega. Hozirgi kunda AQSh Kongressida kechayotgan barcha tortishuvlar respublikachi senator Jon Makkeyn boshchiligida va unga qo’shilgan ikki respublikachi va uch demokrat senatorlar hamkorligida ishlab chiqilgan “Chegara xavfsizligi va immigratsya islohoti haqidagi qonun loyihasiga borib taqaladi. Mazkur qonun loyihasiga muvofiq AQSh hududidagi 11 millondan ziyod noqonuniy muhojirga Amerikada qonuniy qolish hamda mehnat qilish imkoniyatini yaratadi.

N. IMAMOVA: Agar mazkur qonun loyihasi kuchga kirgudek bo’lsa, bu barcha noqonuniy muhojirlarga tegishlimi? Chunki ba’zi noqonuniy muhojirlar Amerikaga Meksika va Kanadadan kelganlar...

B. MIRG'ANI: Yo’q albatta. Ushbu qonun loyihasi faqat Amerikaga qonuniy kelgan, va keyinchalik ma’lum sabablar bilan noqonuniy bo’lib qolgan muhojirlarni ko’zda tutgan. Kongress qabul qilgan taqdirda, bu shaxslar yangi H5A vizasiga murojaat qilishlari mumkin va uch yildan olti yilgacha vaqtinchalik ishlash imkoniyatini yaratadi. Viza olish tartiblari esa, hozir Kongressda muhokama qilinmoqda.

N. IMAMOVA: Aytib o’tilganidek, 11 milliondan ziyod noqonuniy muhojir bor ekan, barchasi vaqtinchalik ishlash vizasini oladi, shunday emasmi?

B. MIRG'ANI: Loyihaga asosan yiliga faqat 400 ming mihojir bunday viza olish imkoniyatiga ega. Bu son har yili Kongress tomonidan ko’paytirilishi yoki kamaytirilishi mumkin. Shu erda masalani muhim bir tomoniga e’tiborni qaratmoqchiman. Ushbi viza sohibi Amerikada doimiy 4 yil mehnat qilganidan so’ng, ishlayotgan tashkilot bunday shaxs nomidan AQShda doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi grin kartga ariza yuborishi mumkin. Biroq, hozir mazkur masala yuzasidan ko’plab tortishuvlar ketmoqda.

N. IMAMOVA: Shu yerda eslatib o’taylik, bu yilgi grin karta murojaat qilish muddati tugagan. Chunki ko’plab muxlislarimiz bu borada ma’lumot berishimizni so’rashgan. Bobur, kelasi yilgi grin kartaga ariza berish jarayoni qachon boshlanadi?

B. MIRG'ANI: Kelasi yilgi Grin Kart o’yinlari odatdagidek, har yili oktyabr oyida boshlanadi. Bu haqda matbuot va internetda bilishingiz mumkin.

N. IMAMOVA: Bobur, yangi qonun loyihasiga qaytsak, demak agar noqonuniy yashayotgan yuz minglab muhojirga vaqtincha viza berilsa, bu bir amnistiya bo’lar ekanda...

B. MIRG'ANI: Savolingiz o’rinli. Amerika tarixida noqonuniy muhojirlikka tegishli ko’plab amnistiyalar qabul qilingan. Ammo, ziddiyatlarga sabab bo’layotgan mazkur qonun loyihasi, senator Makkeyn va prezident Bushning ta’biri bilan amnestiya hisoblanmaydi. Oxirgi amnestiya 2000 yil dekabida sobiq prezident Bil Klinton tomonidan imzolangan va avvalgi amnistiyalar kabi ma’lum bir muddatgacha qonun kuchiga ega bo’lib, noqonuniy muhojirlarga bira-to’la grin kartaga murojaat qilish imkoniyatini yaratgan. Bunisi esa, avvalgilaridan doimiyligi, va bira-to’la grin kartaga murojaat qila olmasligi bilan farq qiladi.

N. IMAMOVA: Aytib o’tdingiz, yiliga faqat 400 ming noqonuniy muhojir vaqtinchalik mehnat qilish huquqini beruvchi H5A vizasini olishi mumkin. Qolgan muhojirlarga nima bo’ladi?

B. MIRG'ANI: Bunday muhojirlarimizni tashvishga solmoqchi emasman, ammo qonun loyihasi har yili kuchda bo’ladi, va har yili Kongress tomonidan viza soni aniqlanadi. Shuning uchun qonun loyihasi qabul qilingach, barcha noqonuniy muhojirlar tezlikda kerakli hujjatlarni rasmiylashtirib, kerakli idoralarga hujjatlarini topshirishlarini tavsiya qilaman. Kim bu 400 ming ichiga tushgan bo’lsa, bunday odamlar albatta birinchilardan bo’lib mazkur viza sohibi bo’lishadi. Qolganlar esa, keyingi yil ro’yxatida o’tadilar va tegishli yil kvotalariga qarab hujjatlari ko’rib chiqiladi. Shu bois, Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarga matbuotdan bu qonun lohiyasiga tegishli barcha yangiliklardan boxabar bo’lib turishni maslahat berib o’taman.

N. IMAMOVA: Aytaylik, noqonuniy muhojir bunday vizani oldi ham deylik - uning vatanida oilasi bor, ularni ko’rish va balki ularni Amerikaga olib kelish masalasi nima bo’ladi?

B. MIRG'ANI: Savolingiz tabiiy, Navbahor. Oila bilan birga bo’lish barchaning orzusi va niyati, albatta. Bu masalada Amerika qonunlari xoh Amerika fuqarosi xoh chet-ellik bo’lsin, odilona ish ko’radilar. Shu o’rinda AQSh oila birligi tog’risidagi qonun hamda yangi qonun loyihasiga ko’ra ham, bunday viza sohiblarining sayohat qilishlari sayyohlik passportlari orqali amalga oshiriladi. Oila bilan birga bo’lish masalasi esa, hozir ko’rib chiqilayotgan masala. Ammo AQSh qonunchiligiga muvofiq har qanday qonuniy muhojir o’z oilasi bilan birlashish huquqiga ega. Bu masala, vizaga murojaat qilingan paytda yoki viza berilgan vaqtdan boshlab ko’rib chiqiladi va ma’lum muddatdan keyin oila bilan birga bo’lish imkonini beradi.

N.IMAMOVA: Bilishimizcha, Kongressdagi so’nggi tortishuvlarda AQShda doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi grin-kartani bekor qilish kerak, degan chaqiriqlar bo’lgan. Amerika matbuotiga ko’ra, bu kabi chaqiriqlar asosan demokratlardan kelmoqda... nima uchun?

B. MIRG'ANI: Hali bu borada aniq hech bir gap yo’q. Grin-karta doimo ziddiyatli masala bo’lib kelgan. AQSh qonun chiqaruvchilari orasida bu karta berishning tarafdorlari va unga ashaddiy qarshilik bildiruvchilar ko’p. Shunisi ma’lumki, bo’lajak grin karta sohibining shaxsi, kimligi, va uning to’liq o’tmishi AQSh elchixonasi tomonidan o’rganiladi, shunga qarab, visa borasida qaror qilinadi.

N. IMAMOVA: Rahmat Bobur. Aziz tinglovchilar, immigratsiya bobida barcha savollaringizni xizmatimizga elektron pochta yoki oddiy xat qilib yo’llashingiz mumkin. Elektron adresimiz uzbek@voanews.com, Vashingtondagi manzilimiz VOA, 330 Independence Ave. SW Washington DC 20237 USA. Huquqshunos hamkorimiz Bobur Mirg’ani sizlarning muhojirlik va muhojirlik hujjatlari haqidagi savollaringizga imkon qadar javob berishda davom etadi.

XS
SM
MD
LG