Breaking News

O'zbekistonlik qochqinlar uchinchi davlatga jo'natilish arafasida


2005 yilning 13 mayida Andijonda yuz bergan qonli voqealar natijasida vatanini tark etgan yuzlab qochqinlar hozir Ruminiyaning Timishara shahrida uchinchi mamlakatga ko’chirilishni kutmoqdalar.

Ruminiyadagi qochqinlar yangi yil boshidayoq uchinchi davlatga jo’natila boshlashlari mumkin. BMT Qochqinlar bo’yicha Bosh komissariatning Ruminiyadagi matbuot kotibasi Kristina Bunyaning aytishicha, mamlakatga o’tgan yoz olib kelingan 439 o’zbekistonlikning 75 nafari allaqachon yangi mamlakatdan panoh topgan, jumladan Chexiyadan. Ammo, qochqinlarning xavfsizligini o’ylab, BMT ularning aynan qaysi davlatlarga jo’natilgani va jo’natilayotgani haqida to’liq ma’lumot bermaslikka qaror qilgan. Bunya xonimning bildirishicha, bu qochqinlarni qabul qilmoqchi davlatlar juda ko’p.

BMT vakilasining aytishicha, bu Chexiyaning ilk marta qochqinlar qabul qilishi va o’zbekistonlik qochqinlar u yerda ekanlaridan xursandlar.

"Timisharadagi qolgan qochqinlar Kanada, AQSh kabi odatda qochqinlarga quchoq ochuvchi mamlakatlarga yo’l olsa, ajabmas,"- deydi Bunya xonim.

BMT Qochqinlar bo’yicha Bosh komissariati vakilasiga ko’ra, qochqinlarning BMT tomonidan tayyorlangan hujjatlari ehtimoliy mezbon davlatlarga jo’natiladi va sharoitga qarab, o’zaro kelishilgan holda tanlanadi.

"Masalan,"- deydi Kristina Bunya, "qaysidir qochqinning biror mamlakatda qarindoshi bo’lsa, ularni birlashtirishga harakat qilinadi."

Ammo yangi mamlakatga qochqin sifatida borib, u yerda yangi hayot boshlash oson emas. Qochqinlarni ko’chirish, ularni yangi muhitga tayyorlash, yangi shart-sharoitlarga o’rgatish ishlari Xalqaro Migratsiya Tashkiloti singari muassasalar tomonidan olib boriladi. Bu tashkilot so’zlovchisi Nyurke Pinieroning aytishicha, qochqinlarga rasman qochqin degan maqom berilgach va yangi davlatga ko’chirilishdan avval ular bilan maxsus mashg’ulotlar olib boriladi.

"Qochqinlarga begona mamlakatda zarur sharoitlarni va qulayliklarni qanday topish yo’llari, bozor qilish, ish topish, ishlash, yashash, o’qish va imkoniyalar topish sirlari o’rgatiladi. Shuningdek, ularning sog’lig’i tekshirilib, chet el safariga tayyor yoki tayyor emasligi aniqlanadi,"-deydi Piniero xonim.

Uning aytishicha, Xalqaro Migratsiya Tashkiloti xodimlari havo safarlarida qochqinlarga hamrohlik qiladilar va masalan, AQShmi yoki boshqa manzilga yetgach, qochqinlar bilan shug’ullanish masalasini muhojirlarga ko’maklashuvchi mahalliy tashkilotlarga topshiradilar.

BMT Qochqinlar bo’yicha Bosh komissariatiga ko’ra, ularning ahvoli yaxshi, ammo ko’pchilik vatanni qumsaydi. Tabiiyki, yaqinlar bilan aloqa qilish oson emas, buning ustiga ular O’zbekistondagi qarindoshlari taqdiridan xavotirda. Tashkilot so’zlovchisi Kristina Bunyaning aytishicha, o’tgan oktyabrda Timisharada dunyoga kelgan go’dak o’zbekistonlik qochqinlar jamoasining ermagiga aylangan.

"Jajji yigitcha 23 oktyabrda, BMT kunidan bir kun oldin tug’ildi. Shu bois hamma uni erkinlik bolasi, deb atayapti,"- deydi Kristina Bunya. "Qochqinlar jamoasi bu bola bir kunmas-bir kun O’zbekistonning prezidenti bo’ladi, deb kulishadi."

Bunya xonimning aytishicha, qochqinlar Ruminiya hukumatiga qarashli imoratlarda yashaydilar. Ayollar va bolalar alohida, erkaklar alohida. "Ovqat qilish erkaklarning ishi deb belgilangan, xotin-qizlar esa kashta tikish, to’qish va shu kabi boshqa mashg’ulotlar bilan band,"- deydi Bunya xonim.

O’zbekistonlik qochqinlar orasida nafaqat erkaklar, balki ayollar ham inson huquqlari haqida kuyinib gapirishadi va kelajakdan umidvorlar, deya bildiradi BMT Qochqinlar bo’yicha Bosh komissariatining Ruminiyadagi so’zlovchisi Kristina Bunya.

XS
SM
MD
LG