Orolbo'yi mintaqasida sil kasalligi keng quloch yozmoqda


Birlashgan Millatlar Tashkiloti Rivojlanish Dasturi shu yil dekabr oyida e’lon qilgan dokladida Markaziy Osiyo mamlakatlarida yuqumli kasalliklar, ayniqsa sil kasalligi bilan og’riganlarning soni 1990-2002 yillarda ikki barobar va undan ham ko’proq o’sganligini qayd qiladi.

Dokladda yozilishicha, sil kasalligidan mintaqada yalpi ichki mahsulot yiliga 0,5-0,8 foiz kamayib bormoqda.

Orol dengizining qurib borishi sabab, og’ir ahvolda qolgan Qoraqalpog’istonda bu borada vaziyat qanday?

Qoraqalpog’iston Respublikasi sil kasalligiga qarshi kurashish dispanseri bosh shifokori o’rinbosari Inju Abdullayeva aytishicha:

“1992 yili Qoraqalpogistonda har 100 ming odamdan sil kasalligi bilan og’riganlar 92 tani tashkil qilgan bo’lsa 2002 yilga kelib bu ko’rsatgich 182 tagacha ko’tarildi”.

“Chegara bilmas shifokorlar” nodavlat tashkilotining Ozbekistondagi vakolatxonasi boshlig’ining tibbiy muvofiqlashtirish bo’yicha muovini, tibbiyot fanlari nomzodi Fozil Hasanov ahvolni o’nglash uchun zarur chora-tadbirlar ko’rilayotganini gapiradi:

“Jahon sogliqni saqlash tashkiloti tavsiya qilgan sil kasalligini davolashning eng zamonaviy usuli DOTS dasturini 1998 yildan Qo’ngirot, Mo’ynoq tumanlarida joriy qilindi.

2000 yildan dastur kengaytirilib, Qoraqalpog’istonnning boshqa tumanlariga va Xorazm viloyati hamda qo’shni Turkmanistonning Toshovuz viloyatiga,umuman, Orolbo’yi hududiga yoyila boshlandi”.

Inju Abdullayeva berilayotgan halqaro yordamlar o’z samarasini berayotganligini ta’kidlaydi:

“Kasallarni aniqlash yaxshilandi. Biokulyar mikrosko’p va boshqada zamonaviy apparaturalar berila boshlandi va natijada sil bilan og’rigan bemorlarni aniqlash yaxshilandi. 2002 yildan bemorlar soni kamaya boshladi. Masalan, 2003 yili 100 ming aholiga 154 bemor bo’lsa, 2004 yilga ushbu ko’rsatgich 123 ga tushdi”.

Fozil Hasano’v hozirda ham “Chegara bilmas shifokorlar” mutaxassislari Qoraqalpog’istonda o’z faoliyatini davom qildirayotganini va bunda asosan sil kasalligining oldini olish ishlariga ko’proq e’tibor qaratilayotganligiga urg’u beradi:

“Shu dasturning bir qismi sifatida aholiga sog’liq bilan bog’liq tushunchalar ham singdirilmoqda. Avvalambor, sil kasalligiga chalinmaslik, kasallanib qolgan taqdirda esa davolanish va kasallikni boshqalarga yuqtirmaslik chora-tadbirlari to’g’risida ushuntirish ishlari olib boriladi”.

Inju Aytbaevna, soha bo’yicha amalga oshirilgan ishlar ijobiy natijasini berayotganini va bunung uchun Butunjahon sog’liqni saqlash tashkilotiga, “Chegara bilmas shifokorlar” tashkilotiga minnatdorchilik bildiradi.

Ammo, deydi bosh shifokor o’rinbosari, echimini kutayotgan muammolar ham talaygina:

“Germaniya taraqqiyot banki tarafidan bizga 2005 yili berilishi rejalashtirilgan 20 ming AQSH do’llari haligacha kelib tushmadi. Joylarda dori tarqatish punktlarimizga bemorlar sut ichib, ikkita bulochka eyish uchun kelishi mumkin-da. Bizda fuqarolarda oziq-ovqatga manfaatdorlik bor. Odatda kasallarimiz kunduzgi davolanishdan chiqib uylariga borishganidan so’ng, ko’pincha oldingi holatiga tushib qolishadi. Bizning hozirda byudjet hisobidan bemorga sarflanadigan bir kunlik oziq-ovqat xarajatimiz 500-600 so’mdan oshmayapti. Bu miqdor ancha ko’paysa, maqsadga muvofiq bo’lardi”.

Mustaqil kuzatuvchilar, so’nggi yillari mintaqada sil kasalligiga chalinganlar soni kamayayotganini tan olsalar ham, rasmiy ma’lumotlar haqiqatdan ancha yiroqligini aytishadi.

Biz nukuslik 47 yoshli Bayan Urazova bilan uchrashganimizda, gumonga asos borligiga ishondik. Silga chalinganligiga ikki yil bo’lishiga qaramasdan, Bayan opa biron kun ham kasalxonada davolanmagan, dispanser mutasaddilari esa uni so’nggi marta may oyida ko’rib ketishgan, xolos.

“O’zim uyda davolanyapman, kasalxonaga boraman deb, bormadim. Vrachlar maxsus dorilarni iching, deb berishgandi, menga u dorilar to’g’ri kelmas ekan. Men hozir yurolmayman, kasalxonangizga ham borolmayman, uyda yotibman, dedim”.

23 yil qurilishda elektr payvandchi bo’lib ishlagan Bayan opa nogironlik nafaqasi ham olmasdan, birgina Ollohdan umid gilib yashayotgan ekan, sil kasalligi muammolari Orolbo’yi mintaqasida hali-beri yechimini topmaydigan ko’rinadi.

XS
SM
MD
LG