Qurbon hayitida Turkmaniston chegarani ochadimi?


Qurbon hayiti kuni qoraqalpog’istonlik fuqarolar Turkmaniston tomonidagi qabristonlarga ziyoratga bora oladilarmi?

Qoraqalpog'iston-Turkmaniston davlat chegarasining tikanli simlar bilan ajratilishi mahalliy aholi uchun ko’plab muammolarni yuzaga keltirdi. Shu kunlarda ulardan eng dolzarbi- qoraqalpog’istonliklar uchun Qurbon hayiti kuni Turkmaniston tomonida qolgan qabristonlarga ziyorat qilish imkoniyatidan mahrum ekanliklaridir.

Amudaryo tumanilik o’z nomlarini atashni istamagan fuqarolar gapiradi:

“Bizlarda bu erda turkman millati ko’p yashaydi. Turkman bo’lsin, o’zbek bo’lsin, hammasi Turkmaniston tomonda, Gubatog’ ustida dafn qilingan vafot qilganlarini. Hayitlarda, ularning vafot qilgan kunlarida xotira qilib hech kim borolmaydi u yoqqa.Shuning uchun chegara nazorat po’stini ochib bersa, olti do’llar to’lasak ham, borib bir ziyoratlab qaytsak, yaxhi bo’lardi”.

“ Hayitlarda ham o’tolmaymiz, bayramlarda ham. Og’ayni –tug’ishganlar bilan bir-birimizni ko’rishmoq yo’q. Davlat tomonidan yordam bo’ladimi deymiz… Turkmaniston tomoni chegarada chuqurlar qazib tashladi, asfaltlarni ham, ko’priklarni ham buzib tashladi. Bilmadik, shunday yashayveramizmi yo oraliq chegara ochiladimi… Ikki kilometr erdagi qabristonga borish uchun 150-200 kilometrdagi Xo’jaylidan yoki Xorazmdagi Shovotdan aylanishimiz kerak. Bunga qancha pul ketadi“.

“Ota-bobolarimiz Gubatog’dagi Elkildak buva qabristoniga dafn qilingan. U yoqqa borolmaymiz ham, boshqa vafot qilgan yaqinlarimizni u erga qo’yolmaymiz ham. Bizga ham dostlik kerak, bola-chaqamizga ham do’stlik kerak, hammamizga ham do’stlik kerak. U yoqda qancha do’stlarimiz bor. U bechoralar bizlarni ko’rgan vaqtda yig’lab turadi chegaradagi simga kelib. Bizlar ham bu tomondan kelib yig’lab turamiz . Necha yildan beri kormoq yo’q, ko’rishmoq yo’q, haytlarda ham ruxsat bermaydi ziyoratga.
Bu musulmonchilikdanmi, ikki xalq ham musulmonmiz-ku, axir?”

Turkmanistonning Gubatog’ atrofidagi qabriston Amudaryo tumani markazi Mang’itdan uch kilometr uzoqlikda bo’lsa, tumanning Yo’ldosh O’rozboev nomli xo’jaligi bilan chegaradosh Yakkaqalam qabristoni tikanli simlaridan bor-yo’g’i besh metr narida boshlanadi. Shunga qaramasdan, bu erda ham mahalliy fuqarolar o’tgan hayitlarda Turkmaniston chegarachilari tomonidan qabristonga ziyoratga qo’yilmagan. Xuddi shunday holat o’tgan yillari tumanning “Qangli” xo’jaligiga chegaradosh Miskin qabristonida ham kuzatilgan.

Qoraqalpog’iston Turkman milliy-madaniy markazi Xo’jayli tumanlararo bo’limi raisi Kubey Artiko’v, Qoraqalpog’istoning 500 kilometrlik davlat chegarasida oldinlari beshta nazorat-o’tkazish po’sti bor edi, hozirda faqat bittagina qoldi, deydi.

“To’rt –besh yerga xozircha kerak. Butun boshli Qoraqalpog’istonda bir yerdan o’tish chegaradan… O’tadigan odamlar ko’p. Kuniga yuzlab odamlar o’tadi. Axir oson emas… Xalqlarning qatnashig’ini yengillashtirsa, xalqlar qancha yaxshi
qatnashsa, do’stlik mustahkam bo’ladi”.

O’zbekistondagi turkmanlarning 90 foizi Qoraqalpog’istonda istiqomat qilishini inobatga olsak, Turkmaniston tomonining Qoraqalpog’iston bilan chegara siyosati ularda qanday fikr tug’dirayotganini gapirmasa ham bo’ladi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar kengashi yonidagi din ishlari bo’yicha vakil Nurulla Jamolov 10 yanvar hayit kuni chegara xududlaridagi qabristonlarga mahalliy aholi ziyorat qilish imkoniyatiga ega bo’lishi uchun yuqori rahbarlariga iltimosnoma bilan chiqishini aytadi:

“Shu bo’yicha rahbarlar bilan so’zlashib ko’rayin, bularning takliflarini aytib korayin ziyorat qilayik , degan. Bizning Sultonboboga turkmanlar Toshovuzdan ham ziyoratga keladigan edi. Hozir to’xtab qoldi. So’zlashib, bir maslahatlashib ko’rayik.
Xudo xohlasa, iloji boricha muammolarni echishga harakat qilamiz”.

Birlashgan millatlar tashkilotining Rivojlanish dasturi o’tgan yil dekabrida e’lon qilgan dokladida Markaziy Osiyo mamlakatlarini ularni ajratib turgan to’siqlarni kamaytirishga va odamlar keraksiz to’xtovlarsiz, tashvishlarsiz va xarajatlarsiz… bordi-keldi qilishlari uchun “insoniy qiyofadagi chegaralar” yaratishda chaqiradi.

Dunyoda eng nufuzli bo’lgan tashkilotning ushbu chaqirig’i Qurbon hayit kunlarigacha ikki mamlakat mutasaddilariga yetib borarmikan?

XS
SM
MD
LG