Jangari filmlar yoshlar tarbiyasida "salbiy omil"


O’zbekistonlik ba’zi ruhshunoslar jangari-yu zo’ravonlik aks etgan filmlar yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir etayotgani, bunday kinolarning mamlakatga kirib kelishiga chek qo’yish lozimligini ta’kidlashmoqda.

Yoshlar orasida jinoyatchilikning oshish sabablaridan biri deb ko’rilayotgan bu masala Kino to’g’risidagi Qonunda o’z aksini topishi kerak, deb hisoblaydi ayrim ziyolilar. So’nggi yillarda o’zbek kino va video prokatini egallagan jangari va triller filmlarning asosiy tomoshabinlari yoshlar ekani o’zbekistonlik kuzatuvchilarni ham xavotirga solgan.

Toshkentdagi video salonlarining birida yoshlar xorij jangari filmini tomosha qilishmoqda. Kino nihoyalagach, men bu yerdagi yigitlardan jangari yoki zo’ravonliklar aks ettirilgan kinolarni nega bu qadar sevib tomosha qilishlarini so’radim.

“Asosan hozir yoshlar boyevik kinolarga qiziqadi. Yaxshi olinadi, hayotiy chiqadi jangari kinolar. Yoshlar ko’proq urishishlariga, jangovorligiga qiziqadi. Odam zavqlanadi uning har xil tryuklarini ko’rib”. “Zo’rde baribir, boshqachade boyevik kinolar. Urishishlari, har xil harakatlarini ko’rganda odam zavqlanadi, yana ko’rgingiz keladi”. “Men ham mana shunaqa baquvvat bo’lsam, yoki mana shunday urusha olsam deysiz. Haqiqatan o’ziga yomon tortadi boyevik kinolar”, -deyishadi yoshlar.

Bugun respublikadagi tele va katta kino ekranlarida dedektiv xarakteridagi asarlarni zavq bilan ko’ruvchi tomoshabinlar auditoriyasi asosan yoshlar ekani meni tashvishga solmoqda, deydi psixolog Irina Afanasyeva. Uning fikricha, zo’ravonliklar haqidagi filmlar yoshlar ong-tafakkuriyu tarbiyasiga salbiy ta’sir etib, ularni fikrlashu mulohaza yuritishdan mahrum etadi.

“Targ’ib etilayotgan ayni kinolarda yaxshilik hamda yovuzlik o’rtasidagi chegara aniq emas. Yoshlar o’rtasida bunday kinolarning mashhurligi, ularning bosh qahramonlarga o’xshashga intilishi bilan izohlanadi. Aksariyat psixologlar filmlardagi nomaqbul ko’rinishlarni qabul qilish orqali, o’smirlarning ongsiz ravishda o’zlari hayotda duch kelayotgan muammolarni ham zo’ravonlarcha bostirishga intilish holatlari ko’payayotganini aytishmoqda. Yoshlar o’zlarida yig’ilib qolgan ruhiy tanglikni ham ekranda ko’rganlaridek siqib chiqarishga harakat qilishadi”, -deydi psixolog Irina Afanasyeva.

Ba’zi kuzatuvchilar, rok musiqasi paydo bo’lganida ham bu musiqaning yoshlar ongi va tarbiyasiga salbiy ta’siri xususida gapirilgan. Jangari filmlar haqida ham xuddi o’shanaqa holat yuz bermayaptimikan, degan mulohazani bildirishmoqda. Kinoshunos olim Hamidulla Akbarov esa bunday fikrlarni inkor etadi.

“Menimcha, muzika bilan jangari filmlarni parallel qo’yish judayam noto’g’ri bo’ladi. Chunki, musiqa odamni qanaqadir bir estetik go’zallikka yetaklaydi. Ming agar o’sha musiqadan yiroq bo’lsayam, ohang bo’lsa, ritm bo’lsa, ritm ma’lum bir ohang bilan bog’lansa, odamga oziq beradi. Jangari filmning aybi shundaki, odamning ko’rish qobiliyati keng, kuchliku, esda qoladi ko’p davrda va o’shanga taqlid qila boshlaydi. Yosh bola eshitganini emas, ko’rganini qiladi. Tomoshabinda ham xuddi shunaqade. O’shaning uchun, yoshlarning tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko’rsatadigan filmlarni ko’rsatish kerak. Mening o’ylashimcha, birinchi navbatta Kino haqida Qonun qabul qilish kerak. Unda mana shu jihatlarning hammasini chiroyli qilib, bandma-band qilib ifoda etish mumkin”, -deb aytdi kinoshunos olim Hamidulla Akbarov.

Ba’zi mutaxassislarga ko’ra, keyingi paytda yoshlar o’rtasidagi jinoyatchilikning ortishiga ham turli ko’rinishdagi zo’ravonliklarni targ’ib etuvchi filmlar ham sabab bo’lmoqda. Buning boisini psixolog Irina Afanasyeva shunday izohlaydi:

“Soatlab jangari filmlar ta’sirida bo’lgan, ongi zo’ravonliklar bilan to’yingan, hayotiy tajribasi bo’lmagan yoshlar bunday kinolar ta’siriga tushib qolishmoqda. Shakillanmagan ruhiyatlari bilan kinodagi hayotni real hayotga ko’chirayotgan yoshlar voyaga yetmaganlar koloniyalari hamda qamoqxonadagilar saflarini to’ldirishmoqda. Eng ayanchlisi, ular o’zlarining kelajak hayotlarini ham barbod qilishayotir”.

Men ba’zi yoshlardan, atroflaridagi tanishlari orasida jangari kinolar ta’sirida jinoyatga ham qo’l urayotgan yoshlar bor-yo’qligidan naqadar xabardorliklarini so’radim.

“Bor bunaqalar ham, bor. Hozir ko’pchilik yoshlar ko’cha-ko’yda o’zlaricha banda-banda bo’lib, shunaqa qiliq chiqarishi, diskotekalarga borib urush-janjallar qilishi, ba’zi bir jinoyat yo’liga kirib ketayotganlar bor hozir O’zbekistonda ham. O’zi bilmagan, o’zi xohlamagan holda urishib, jinoyat qilib qo’yayotganini o’zi ham bilmaydi. Bizlarda, o’zimizdayam bo’lgan”,- deydi yosh yigitlardan biri.

Chet ellik ayrim ruhshunoslarning yozishicha, jangari filmlar birdaniga dahshat bergani uchun ham odam asabini bir qattiq silkitadi va unga yengillik beradi. Biroq ba’zi o’zbek ruhshunoslari bu xil mulohazani inkor etisharkan, surunkali zo’ravonlik haqidagi filmlarni tomosha qilish yoshlarda ruhiy zo’riqish kasalligini orttiradi, deb hisoblaydilar.

XS
SM
MD
LG