Musulmon ahli Qurbon hayitini nishonlamoqda


O`zbekistonda Qurbon hayiti mamlakat prezidentining farmoni bilan dam olish kuni sifatida belgilangan.

O`zbekistonda hayit nomozi ertalab soat sakkizlardan oshgandan so'ng o`qildi. Toshkentdagi “To`ra buva” masjidining imom xatibi bergan izohga ko`ra diniy an'analarga muvofiq, quyosh yer yuzidan bir nayza bo`yi ko`tarilgandan so`ng, qurbon hayit nomozini o`qishga kirishiladi.

Masjidga hayit nomozini o`qish uchun kelgan otaxonlar Qurbon hayiti fazilatlari, ahamiyati haqida shunday fikrlar bildirishadi:

“O`zbekistonda Qurbon hayitini juda yaxshi darajada kutiladi. Hamma inson bir- birini mehr-oqibat bilan kutib, salomlashadi. Beva bechoralarga yordam qilishib bir- birini izzatda ko`rishadi ”.

“Bu bayramda biz doim keksalarimizni, beva-bechoralarimizni, yoshlarimizni hurmat qilib, yoshlarimizni umriga, ishiga, Ollohdan baraka tilab, dunyomizni tinchligini so`rab, dom sog`- salomat bo`lishni, O`zbekistonimizda doim mana shundoq, hayit kunlarini kutib olishimizni Olloh hammamizga nasib aylasin”.

Qurbon hayitining asosiy amallaridan biri bu haj ziyoratiga otlangan kishilarning o`z amallarini ado etishga kirishishlaridir. O`zbekiston musulmonlar idorasining rahbari Abdurashid Bahromovning qurbon hayiti munosabati bilan O`zbekiston musulmonlariga bildirgan tabrigida keltirilishicha, bu yil besh mingga yaqin o`zbekistonliklar muborak haj ziyoratiga otlanishgan.

O`zbekistondagi islom dini mutasaddilari mustaqillik O`zbekiston musulmonlari uchun asosiy ne'mat - erkin tarzda etiqod qilish, diniy bayramlarni, jumladan qurbon hayitini ham davlat miqyosida nishonlash imkoniyatini berganini ta'kidlashadi.

Bu haqda “To`ra buva ” masjidi imom xatibi gapiradi:

“Mana bu bayramda ham prezidentimizning bir gaplari bo`ldi – shu kuni bayram bo`lsin, dam olish kuni bo`lsin, ish kuni to`xtatilsin, hamma xursandchilik qilsin…

Qolaversa, bu kuni shunday ulug` ishlar borki, mahallarga borib keksalarni, yo`qsillarini holidan xabar olinsa, ularni duosi olinsa, juda ulug` ish bo`ladi”.

Imom xatibga ko`ra avvallari bemalol nomoz o`qish bo`lmagan. “Hajga borishliklar yo`q bo`lgan, deyarli. Mana shu narsalar, mustaqillik bo`lgandan keyin, xudoyim ato qildiki, bemalol hajga boramiz, besh vaqt nomozimizni o`qiymiz. Bular juda katta imkoniyat. Endi, buzg`unchi niyatdagilar uchun esa bu imkoniyat, imkoniyat bo`lib qolmayapti.

Aslida din nima uchun, din Allohning roziligini olish uchun, buning uchun tun-kun doimo ibodatda bo`lish kerak”- , deydi “To`ra buva ” masjidining imom xatibi.

Mahalliy inson huqulqari himoyachilari diniy e'tiqod erkinligi, jumladan islom dini siyosiy maqsadlar uchun foydalanilayotganligiga urg`u qaratishadi. O`zbekiston inson huquqlari jamiyati raisi Tolib Yoqubovga ko`ra O`zbekistonda ekstremistik kayfiyatdagi kishilar bor bo`lishi mumkin lekin ular siyosiy iqlimni tashkil etmaydi.

“Siyosiy iqlimni hukumatni o`zi tashkil qildi, ya'ni shu afsonanai o`ylab topib, o`n minglab odamlarni qamoqxonalarga tashlab, jahon ommasini shunga ishontirmoqchi bo`ldi va ma'lum darajada shunga erishdi ham”, - deb hisoblaydi Tolib Yoqubov.

O`zbekiston musulmonlari idorasining rahbari Abdurashid Bahromovning qurbon hayiti bilan O`zbekiston musulmonlariga bildirgan tabrikida 2006 yil O`zbekistonda “shifokorlar va homiylar yili” deb e`lon qilinishi munosabati bilan xayriya va homiylik amallari butun yil mobaynida davom etishi ta'kidlanadi.

XS
SM
MD
LG