Breaking News

Eron atom zavodini qayta ishga tushirdi


G’arbning ogohlantirishiga va BMTning muhriga qaramay, Eron o’zining yadroviy inshootlaridan birini qayta ochgan.

Eron atom boshqarmasi rahbarining o’rinbosari Muxammad Saidining aytishicha, Natanz zavodi qqayta ishga tushgan, lekin u yerda atom yonilg’isi ishlab chiqarilayotgani yo’q.

Markaziy idorasi Jenevada joylashgan Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarmaning bildirishicha, Eron rasmiylari Natanz zavodiga osilgan qulflarni uning vakillari guvohligida buzganlar. AQSh va G’arbdagi boshqa davlatlar Eronni o’zboshimchalikda ayblab, rasmiy Tehron tashlayotgan qadam uni yadroviy muzokaradan yanada uzoqlashtiradi, deb ogohlantirmoqdalar. Rossiya ham Eronni yadroviy qoidalarni buzmasdan, bu boradagi majburiyatlarga rioya qilishga chaqirmoqda.

AQShga ko’ra, xalqaro hamjamiyat BMT Xavfsizlik Kengashi Eronning yadro dasturiga qarshi chora ko’rsin, degan taklifni quvvatlamoqda. Tehronning o’z xalqaro majburiyatlarini bajarishiga ortiq ishonmaymiz, deb bildiradi Bush rahbariyati.

Eron yadroviy tadqiqotlarini davom ettirishini bildirsa, Bush rahbariyati bu jiddiy oqibatlarga olib kelishini ta’kidlamoqda.

Oq uy so’zlovchisi Skot Maklelanga ko’ra, gap ishonch haqida ketyapti.

"Oxirgi 20 yil ichida amin bo’ldikki, Eronga ishonib bo’lmas ekan. Ular xalqaro hamjamiyatdan yadroviy faoliyatini yashirdi, xalqaro bitimlarni buzdi. Eron ularga rioya qilib, hamjamiyat talablarini bajarishi lozim,"- dedi janob Maklelan.

Eron yadro dasturini tinch maqsadlarda ishlatishini bildirgan, ammo AQSh nazarida, mamlakat yadroviy qurollar ishlab chiqarish texnologiyasini qo’lga kiritmoqchi.

Oq uy vakiliga ko’ra, Atom Energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarma, masalani yechish uchun, Eronni Yevropa davlatlari bilan qayta muzokara boshlashga chaqirgan. Aks holda, deydi u, Eron masalasi BMTga oshirilib, sanktsiyalar ham qo’yilishi mumkin. Janob Maklelan bu choraga qarshi chiqayotgan Rossiya va Xitoy bilan muzokara olib borayapmiz, deydi.

"Do’st, hamkor va ittifoqchilarimiz bilan masalaga qanday yondashish yo’llarini muhokama qilayapmiz,"- deydi Maklelan.

Amerika Ovozi ning Oq uydagi muxbiri Pola Vulfsonning xabar berishicha, Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarmaning favqulodda yig’ilishini chaqirish nazarda tutilmoqda.

XS
SM
MD
LG