Memorial tuzgan ro'yxat keskin muhokama ostida


Inson huquqlari bo’yicha “Memorial” tashkiloti Andijon otishmalarida qurbon bo`lganlarning ro’yxati yuzasidan munosabat bildirayotgan mahalliy inson huquqlari faollari O`zbekistondagi nohukumat tashkilotlariga bunday ro`yxat tuzish uchun imkoniyat berilmaganini ta’kidlashmoqda.

“Memorial” tuzgan O`zbekiston Oliy sudida Andijon voqealari yuzasidan o`tgan sud muhokamasida bildirilgan ma`lumotlarga tayanadi. Asos sifatida sud tibbiy ekspertizasining o`lim to`grisida berilgan guvohnomasi olingan. Unda Andijon voqealarida o’lgan 185 kishining ism –sharifi keltiriladi. O`zbekiston hukumati bergan ma’lumotlariga ko`ra Andijon voqealari oqibatida 187 kishi qurbon bo`lgan.

O`zbekistonlik kuzatuvchilar ro`yxatning to`liq emasligini bildirishar ekan, “Memorial” tomonidan O`zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyatga berilayotgan ahamiyatni ta’kidlab o`tishadi.

O`zbekiston Inson huquqlari jamiyati raisi Tolib Yoqubovga ko`ra “Memorial” tashkiloti Andijonda qurbon bo`lgan odamlar ro`yxatini e`lon qilib juda katta ish qilgan, biroq bu ro`yxat halok bo`lganlarning juda kam qismini o`z ichiga oladi.

“Vaqt o`tishi bilan bu ro`yxat to`ldirilib boriladi. Hukumat doiralari aytayotganidek 187 kishi emas, hatto yuzlab kishi emas, balki minglab kishilar qurbon bo`lganligini hozir ko`pchilik gapirayapt. Bu ochiq bir faktga aylanib borayapti. Hozir O`zbekiston hukumati o`zining sodir etgan jinoyatlarini berkitish uchun qo`lidan kelgan va kelmagan ishlarni amalga oshirayapti. Andijonda bo`lgan xunrezlikni jahon jamoatchiligidan, O`zbekiston jamoatchiligidan yashirishga harakat qilib kelayapti”, - deydi Tolib Yoqubov.

O`zbekiston Inson huquqlari tashabbus guruhi raisi Surat Ikromovga ko`ra Andijon otishmalarida qurbon bo`lganlardan tashqari, Andijon voqeasi natijasida bedarak yo`qolgan odamlar ham ko`pchilikni tashkil etadi.

“Shunaqa voqealar ko`p. Masalan, biz shularni guvohi bo`ldik, yaqin qarindoshlari bilan gaplashdik. Ular Ichki ishlarga, Milliy xafvsizlik xizmatiga murojaat qilishgan.

Shu paytgacha ularning na tirigi, na o`ligi haqida ma’lumot bor. Shuning uchun bu ro`yxatdagidan ancha ko`proq odam o`lgan bo`lishi mumkin. Mening fikrimcha, bir mingdan ortiq”, - degan fikrlarni bildiradi Surat Ikromov.

Andijonda yuz bergan voqealarga yarim yildan ko`p vaqt o`tdi. Bu orada O`zbekiston hukumati tomonidan ham, mamlakatdagi nohukumat tashkilotlari tomonidan ham qurbon bo`lganlarning ro`yxati, ularning ism-shariflari haqida to`liq ma’lumotlar bildirilmagan.

Siyosiy sharhlovchi Tursunboy Qoratoevga ko`ra O`zbekiston hukumati o`lganlarning ro`yxatini e’lon qilishi va qurbonlar xotirasiga ko`ra motom kuni ham e`lon qilishi lozim edi.

“Bu mening shaxsiy qarashlarim, motam kuni va o`lganlarning ro`yxati aytilishi kerak edi”, - deydi Tursunboy Qoratoyev.

O`zbekiston inson huquqlari jamiyati raisi Tolib Yoqubovga ko`ra hukumat hech qachon bu ro`yxatni e`lon qilmaydi, chunki u hukumat manfaatlariga zid.

“Hukumatning o`zi ham tushunib turibdi, jahon jamoatchili ularni gapiga hech ham ishonmayotganligini, shuning uchun ham hukumat bu ro`yxatni e`lon qilmaydi.

Boshqa, nohukumat tashkilotlar ham bu ishni O`zbekistonda qila olmadi, chunki inson huquqlari tashkilotlari Andijondan tag-tomiri bilan yo`q qilindi”, - deb hisoblaydi Tolib Yoqubov.

“Lutfilla Shamsuddinov, Saidjahon Zaynobiddinov, Dilshod Tillaxo`jaev, Nurmuxammad Azizov kabi ilg`or inson huquqlari himoyachilari boshida hibsga olindi. Ba’zilari mamlakatdan chiqib ketishga majbur qilindi. Shu nuqtai-nazardan bu tashkilotlarning birortasi ham bu ishni bajarishga qurbi yetmadi,” - deydi O`zbekiston inson huquqlari jamiyatining raisi.

Hozirgacha Andijon voqealarida ishtirok etganlikda ayblangan 150dan ko`proq kishiga nisbatan turli muddatdagi qamoq jazolari belgilandi. Kuzatuvchilarga ko`ra mazkur jarayonlar inson huquqlari paymol etilgan holda yopiq tarzda o`tgan.

XS
SM
MD
LG