Markaziy Osiyo xabarlari-13 yanvar


QIRG'IZISTON

Jahon Bankiga a’zo mamlakatlar payshanba kuni parranda grippi tahdidiga ro’baro’ bo’lgan davlatlarga 500 million AQSh dollari miqdorida mablag’ ajratishga kelishib olishdi. Bank vitse-prezidenti Jim Adamsning aytishicha, keyingi haftada Pekinda bo’lib o’tadigan uchrashuv chog’ida qo’shimcha mablag’larni topish masalasi ko’riladi.

Jim Adamsning Reyter axborot agentligiga bergan xabariga ko’ra, Qirg’iziston hukumati parranda grippiga qarshi kurashga tayyorlanish uchun fevral oyida 5 million AQSh dollari miqdoridagi pulni birinchilardan oladi.

ROSSIYA-QOZOG’ISTON

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Qozog’iston rahbari Nursulton Nazarboyev qo’shma bank yaratish haqidagi shartnomani imzolash marosimida ishtirok etdilar. Assoshieytid Press axborot agentligining xabar qilishicha, mazkur bankni yaratishdan maqsad -- sobiq Sovet Ittifoqi hududida sarmoyalarni rag’batlantirishdir. Kelishuvga ko’ra, Yevroosiyo Taraqqiyot Banki nomini olgan yangi qo’shma bankning ustama fondi 1.5 milliard AQSh dollariga teng bo’ladi. Rossiya ustamaning uchdan ikki qismini, Qozog’iston esa uchdan bir qismini qoplashga rozilik bergan.

Nazarboyevning aytishicha, bankning o’zi kelajakda Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarga o’zlaridagi iqtisodiy tizimni rivojlantirish uchun kredit ajratadi hamda Sovet Ittifoqi qulaganidan so’ng yo’qotilgan iqtisodiy aloqalarni qayta tiklashga moddiy yordam beradi.

Rossiya bilan Qozog’iston Sovet davridan beri ishonchli hamkorlar hisoblanadi. Bugunda Rossiyaning Qozog’iston energo resurslariga qiziqishi katta. Shu bilan birga har ikkala mamlakat ham sobiq Sovet davlatlari orasida iqtisodiyoti eng barqaror mamlakatlardandir.

ROSSIYA-UKRAINA-TURKMANISTON

Ukrainaning Rossiya bilan gaz borasida yuz berayotgan kelishmovchiliklari tufayli, rasmiy Kiyev mazkur energiya resursini Markaziy Osioyodan olishga ahd qilgan. Rossiya o’z gazini so’nggi kelishuvga ko’ra 95 AQSh dollaridan taklif qilayotgan bir paytda Turkmaniston Ukrainaga ming kubometriga 50 dollar narxni taklif qilgan. Mazkur narxga ko’ngan rasmiy Kiyev joriy yilda 40 million kubometr gazni Turkmanistondan olishga umid bog’lamoqda. “Xalqaro Herald Trubyun” gazetasining tahliliga ko’ra, Ukraina uchun navbatdagi muammo bu gazni Turkmanistondan Ukrainaga olib chiqishdir. Turkmanistondan chiqarilgan gaz Ukrainaga yetishi uchun O’zbekiston, Qozog’iston va Rossiya hududlaridagi quvurlardan o’tishi lozim. Biroq Rossiya hududidan o’tgan quvurlarning hammasi Gazpromga tegishli bo’lib, u yerda haligacha Rossiya gazi zahiralari saqlanmoqda. Shunday ekan Rossiya Ukrainaga o’z hududidan gazni eksport qilishga rozi bo’ladimi, qolgan mamlakatlar bundan o’z ulushlarini talab qilmaydilarmi degan savollarga mutaxassislar aniq javob bera olganicha yo’q.

XS
SM
MD
LG