Breaking News

Bush: Iroqda boshlangan ishni yakuniga yetkazamiz


Iroqdagi vaziyat noyabr oyidagi Kongress saylovlarida bosh mavzu bo’lishi barchaga ayon. Saylovda respublikachilar ko’proq ovoz yig’ishi uchun, prezident Bush AQSh askarlari Iroqda qolib, boshlangan ishni yakuniga yetkazishi kerak, deb xalqni ishontirishga urinmoqda.

Bush demokratlarni saylov oldidan mas’uliyatsiz baxslarni boshlamaslikka chaqirdi.

"Saylov yaqinlashar ekan, quruq gaplarning askarlarimiz ruhiyatiga, hamda dushmanlarimizga qanday ta’sir ko’rsatishi mumkinligini yodda tutaylik," - deydi Bush.

Demokratlar orasida ham Iroq masalasida yakdillik yo’q, ammo ularning ko’pchiligi Iroq atrofidagi baxslarni davom ettirish payida. Shulardan biri Virgjiniyalik kongressmen Jim Moran.

"Baxslashish bu vatanparvarlik, Amerikaga xos narsa. Mamlakatimiz kelajagini belgilovchi qizg’in baxslar ayniqsa kerakli," - deydi kongressmen.

2005 yil davomida Iroqdan kelgan qora xabarlar prezident Bush obro’sini ancha pasaytirdi. Siyosatshunos Larri Sabatoga ko’ra, xalq Bushning Iroq siyosatiga shubha bilan qaraydi, ammo u yerni tez orada tark etish fikriga qo’shilmayapti.

"Ishni bitirmasdan, hech qayoqqa ketmaymiz, deydi Bush rahbariyati. Odamlar bu fikrga qo’shiladi," - deydi Sabato.

Respublikachilar nazarida, agar fuqarolar saylov paytiga kelib ham Iroqdagi vaziyat borasida salbiy fikrda bo’lsa, Kongressda ko’pgina o’rinlar demokratlarga boy beriladi.

XS
SM
MD
LG