YIHTga a'zolikka kirish O'zbekistonga nima beradi?


O`zbekiston prezidenti Islom Karimov va Yevrosiyo Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti rahbari Grigoriy Rapotaning Toshkentda o`tgan uchrashuvida O`zbekistonning bu tashkilotga a`zo bo`lishi haqida qarorga kelingani bildirilgan. O`zbekiston Yevrosiyo Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotiga a`zo bo`lish uchun o`tgan yilning oktyabr oyida rasman ariza bilan murojat qilgan edi.

Yevrosiyo Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti rahbari Grigoriy Rapotaning Toshkentda O`zbekiston prezidenti bilan uchrashuvida aytilgan fikrlarga ko’ra O`zbekistonning bu tashkilotga a`zo bo`lishi yagona iqtisodiy zona yaratish uchun yangi imkoniyatlar beradi.

Grigoriy Rapotaga ko`ra O`zbekistonning qishloq xo`jaligi, sanoat va ishchi kuchi borasidagi imkoniyatlari tashkilotning, shu jumladan, mintaqaning rivojlanishiga ko`mak beradi.

O`zbekiston prezidenti esa uchrashuvda Yevrosiyo Iqtisodiy Hamkorlik va hozirda faoliyati tugatilgan Markaziy Osiyo Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining maqsad mohiyatlari birligi va bu tashkilotlar shu bois ham uygu`nlashtirilgani haqida ta’kidlab o`tgan.

Yevrosiyo Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining asosiy maqsadlaridan biri bu a`zo davlatlar hududida yagona iqtisodiy muhit yaratishdir.

Mustaqil kuzatuvchilarga ko`ra, O`zbekistonni qo`shni davlatlar bilan chegaralarining vizalar asosida ishlashi va bordi-keldilardagi murakkabliklar har qanday iqtisodiy islohotlarning amaliyotini qiyinlashtiradi.

Shuningdek, mustaqil siyosatshunoslar Yevrosiyo Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotiga shubha bilan ham qarashadi. Unda xolis iqtisodiy qiziqishlar emas, balki geosiyosiy ustinlikka erishish maqsadlarini ham ko`rishadi.

Siyosatshunos Farxod Tolipovga ko`ra Markaziy Osiyo davlatlari avvalo o`zaro integratsiya jarayonlarini boshlashlari, shundan so`nggina boshqa kattaroq tashkilotga intilishlari zarur.

“Markaziy Osiyo davlatlarining bu tashkilotga a`zoligi ularning mustaqilliklariga putur yetkazgandek. Bir paytlar Markaziy Osiyo Hamkorlik Tashkilotiga a`zo bo`lgan davlatlar o`z muammolarini o`zlari yecholmasdan, boshqa bir buyuk davlat - Rossiya boshchiligidagi tashkilotga kirishgandek, o`z muammolarini faqat Rossiya orqaligina yechishlari mumkindek taasurot qolmoqda”, - deydi Farxod Tolipov.

Yevrosiyo Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotiga Belarus, Rossiya, Qozog`iston, Qirg`iziston va Tojikiston respublikalari kiradi. Armaniston, Ukraina va Moldova davlatlari kuzatuvchi maqomiga ega. Tashkilotning 25 yanvarda Sank-Piterburgda o`tadigan navbatdan tashqari yig`ilishidan so`ng uni Markaziy Osiyodagi yana bir davlat - O`zbekiston hisobiga kengayishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG