AQSh Bi-Bi-Sining Tojikistonda qayta efirga chiqishiga umid qilmoqda


AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi vakili Kayl Skot Buyuk Britaniya Tele va Radio Korporatsiyasi, ya’ni Bi-Bi-Sining Dushanbeda FM to’lqinidan 11 yanvar kuni olib tashlanishi vaqtinchalik chora deya, umid bildirmoqda. Unga ko’ra, Tojikiston tele va radio qo’mitasining raisi mazkur qaror orqasida siyosiy maqsadlar yotmayotganini ma’lum qilgan.

“Umid qilamizki, aslida ham xuddi shundaydir va Bi-Bi-Si FM to’lqini orqali efirga tez orada qayta chiqadi”, dedi Kayl Skot tashkilotning Venada joylashgan doimiy kengashiga yo’llagan bayonotida.

Reyter axborot agentligiga ko’ra, Bi-Bi-Sining qisqa va o’rta to’lqindagi dasturlarida uzilish bo’lmagan. Ma’lumotlarga ko’ra, Bi-Bi-Sining FM xizmati unga yetarlicha vaqt ajratilmagach Adliya vazirligidan qaytadan ro’yxatdan o’tish uchun hujjatlarni belgilangan muddat ichida topshira olmagan va natijada faoliyati to'xtatilgan edi.

“2006 yil so’nggiga mo’ljallangan prezident saylovlaridan ancha vaqt oldin mustaqil matbuotning to’siqsiz faoliyat yurita olishi uchun imkoniyat yaratish saylovlarning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti andozalariga javob berishi uchun juda muhimdir”, dedi AQShning ushbu tashkilotdagi doimiy vakili Kayl Skot.

XS
SM
MD
LG