Freedom House O'zbekiston qonunlarini buzganlikda ayblanmoqda


O’zbekiston Adliya vazirligi AQShda asoslangan “Freedom House” nohukumat tashkilotining O’zbekistondagi faoliyati to’xtatislishiga oid chiqargan bayonotiga ko’ra, tashkilot O’zbekistonning nohukumat tashkilotlar to’g’risidagi qonunini buzgan.

Tashkilot Toshkent shahar fuqarolik sudining qarori bilan O`zbekistondagi faoliyatini olti oy muddatga to`xtatgan edi. Shu munosabat bilan yaqinda O`zbekiston Adliya vazirligi tomonidan tarqatilgan bayonotda vakolatxona yopilishining sabablari haqida so`z boradi.

Bayonotda keltirilishicha, vakolatxona o`tkazgan tadbirlariga mamlakatdagi ro`yxatga olinmagan inson huquqlari himoyachilarini jalb etgan; o`z faoliyatidagi moliyaviy xarajatlar haqida hisobot taqdim etmagan; vakolatxona ramzini ro`yxatdan o`tkazmasdan ishlatgan; internet xizmatlarini litsenziyaga ega bo`lmasdan ko`rsatgan va tashkilot faoliyatida aniqlik yetishmaydi.

“Freedom House”ning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Branko Shesto Adliya vazirligi tomonidan bildirilgan e’tirozlarni inkor etadi. Unga ko`ra vakolatxona o`z moliyaviy faoliayati haqida hisobot bergan.

- Vakolatxona tadbirlariga ro`yxatdan o`tmagan inson huquqlari himoyachilarini jalb etish masalasiga kelsak, butun dunyoda inson huquqlari himoyachilari ro`yxatdan o`tishlari shart emas. Xalqaro darajadagi me’yorlarga ko`ra shunday va bundan O`zbekiston hukumatining ham xabari bor. Inson huquqlari himoyachisi bir kishi bo`lishi mumkin, bir kishining ro`yxatdan o`tishi esa lozim emas”, - deydi vakolatxona rahbari Branko Shesto.

Mamlakatdagi kuzatuvchilarning vakolatxona faoliayatiga baho berishlaricha “Freedom House” o`z faoliyati davomida O`zbekistondagi inson huquqlari himoyachilarining malakalarini oshirishga yaqindan yordam ko`rsatgan. Shuningdek, vakolatxona faoliyati faqatgina O`zbekistondagi nohukumat tashkilotlar bilan hamkorlik qilish bilan cheklanib qolmagan, balki hukumat idoralari bilan O`zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyatni yaxshilashda hamkorlik qilib kelgan.

Jumladan, Birlashgan Milllatlar Tashkilotining Qiynoqlarga qarshi qo`mitasi ma’ruzachisi Teo Van Boven tomonidan berilgan tavsiyalarni bajarishda O`zbekiston Ichki ishlar vazirligi va mamlakatdagi inson huquqlar faollaridan iborat qiynoqlarga qarshi tezkor guruh tashkil etishda faol qatnashgan.

Mustaqil kuzatuvchilar Toshkent shahar sudining qarorini siyosiy sabablar, jumladan O`zbekistonning AQSh va G’arbdan tobora uzoqlashish siyosati bilan bog`lashadi. Kuzatuvchi Toshpo`lat Yo`ldoshevga ko`ra bu O`zbekiston hukumatining tobora G’arb demokratiyasidan, AQShdan uzoqlashayotganligining namunasidir.

Ayrim ekspertlarga ko`ra esa tashkilot yopilishidan siyosiy sabab qidirish kerak emas. Siyosat Axborot tahlil markazining eksperti Sharofiddin To`laganov, agar olti oydan so`ng vakolatxona ro`yxatga olinmasa, shundagina bundan siyosiy sabablar qidirish lozim, deydi.

Mahalliy inson huquqlari himoyachilaridan biri Abdujalil Boymatov inson huquqlari himoyachilarini vakolatxonaga borishga majbur qilgan sabablar haqida gapiradi:

“Ingliz tilidagi, rus tilidagi turli adabiyotlar bor edi, biz u erda seminarlar, davra kengashlari o`tkazib turardik. O`zbekistonda shunday sharoit yaratilganki, muxolif partiyalar, inson huquqlari himoyalovchi tashkilotlar rto`yxatga olinmagan, o`z ofislari yo`q, bankda hisob raqamini ochish mumkin emas. O`zbekistonliklarning uyushmalarga birlashish huquqlari paymol etib kelinmoqda ”, - deydi inson huquqlari himoyachisi.

Tashkilotga qo`yilgan aybnomalar, Abdujalail Boymatovga ko`ra, asosga ega emas.

Vakolatxona rahbari Branko Shestoga ko`ra, Toshkent shahar fuqarolik sudining qarori adolatsiz ravishda chiqarilgan va qaror ustidan shikoyat kiritiladi.

XS
SM
MD
LG