Nodira Hidoyatova ustidan sud jarayoni boshlandi


Toshkentda “Serquyosh O’zbekistonim” koalitsiyasi a’zosi Nodira Hidoyatova ustidan sud jarayoni boshlandi. O’tgan dekabr oyida qamoqqa olingan muxolifatchi moliyaviy qalloblikda ayblanmoqda.

Hozirda koalitsiya yetakchisi Sanjar Umarov ham yuqoridagi kabi ayblar bilan hibsda saqlanmoqda.

Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkiloti esa Toshkentda yana bir huquq faoli zo’rlikka uchragani haqida bong urmoqda. “Serquyosh O’zbekistonim” koalitsiyasiga kiruvchi “Ozor dehqonlar” partiyasi a’zosi Rahmatullo Aliboyev Toshkentdagi idorasida 24 yanvar kuni noma’lum shaxs tomonidan qattiq do’pposlangan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudida o'tayotgan mahkama jarayonining birinchi yig`ilishida Nodira Hidoyatova sudning yopiq tarzda o`tkazilishini iltimos qilgan va advokatlar xizmatidan voz kechgan.

Sud jarayonining boshlanishiga qatnashayotgan muxolifat vakillari va inson huquqlari himoyachilari Nodira Hidoyatovaning sudni yopiq o`tkazish haqidagi talabidan ajablanishadi va buni ko`rsatilgan tayziqlar oqibatida bo`lishi mumkin deb izohlashmoqda.

"U sudga sud jarayonini yopiq o`tkazilishini so`rayman deb aytdi. Albatta uning bu bayonoti hammani hayratda qoldirdi. Bundan tashqari uning advokatlar xizmatidan voz kechishi... Xullas bularning hammasi sud jarayonida adolatli hukm chiqarishga bo`lgan imkoniyatlarni qisqartiradi”, - deydi sud jarayonida qatnashgan inson huquqlari himoyachisi Yelena Urlayeva.

Urlayevaga ko`ra Hodira Hidoyatovaning opasi Nigora Hidoyatova undan xat olgan.

" Xatda Nodira Hidoyatova o`z farzandlari va opasi taqdiridan xavotirda ekanligini yozgan. Shulardan kelib chiqib biz Nodira sudning yopiq o`tkazilishini ihtiyoriy tarzda so`rashga majbur bo`lgan deb o`ylayapmiz. Jarayonning ochiq o`tishidan manfaatdor edik, - deydi Urlaeva.

Nodira Hidoyatoba o`tgan dekabr oyida Moskvadan Toshkentga qaytayotib Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib hibsga olingan edi.

Keyinchalik esa respublika prokuraturasi Nodira Hidoyatovaga O`zbekiston jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan ayblar qo'ydi. Jumladan, Nodira Hidoyatova akasi Sanjar va Abror Hidoyatovlar bilan jinoiy til biriktirishda, katta mablag`ni o`zlashtirishda va soliq to`lamaslikda gumon qilindi. Hozir Nodira Hidoyatova jinoyat kodeksining sakkizdan ortiq moddalari bilan ayblanmoqda.

“Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasi vakillariga ko`ra Sanjar Umarov va Nodira Hidoyatovalarning hibsga olinish sabablari ularning so`nggi paytdagi siyosiy harakatlari bilan bo`gliqdir.

Nodira Hidoyatova ustidan sud jarayoni 30 yanvar kuni davom etadi. Xuddi shu kuni Toshkent shahar sudida koalitsiya yetakchisi Sanjar Umarov ustidan ham sud jarayoni boshlanishi kerak.

XS
SM
MD
LG