AQSh O'zbekistondagi yopiq sudlarga munosabat bildirmoqda


O’zbekiston hukumati so’nggi paytda 2005 yil may oyidagi Andijon voqealari bo’yicha qator yopiq sudlar o’tkazgan. Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlariga ko’ra, hukumat qo’shinlarining shahardagi tinch namoyishchilarni o’qqa tutishi oqibatida mingga yaqin kishi halok bo’lgan. Yuzdan ortiq kishi xalqaro andozalariga javob bermaydigan shubhali sud jarayonlarida aybdor deb topildilar.

Afsus bilan ta’kidlash lozimki, Oliy sudda o’tgan jarayonning birinchi kunini hisobga olmaganda, sud jarayonlarining aksariyatiga na tashqi kuzatuvchilar va na jurnalistlar kira oldilar. AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi doimiy vakili Kayl Skotga ko’ra, Qo’shma Shtatlarini bu va boshqa sud jarayonlarining o’tkazilish uslubi hamon xavotirga solmoqda. Tergov vaqtida qiynoqlarning qo’llanishi haqidagi xabarlar hamda ayblanuvchilar huquqlarining buzilgani hollari xo’ja-ko’rsinga o’tkazilgan mazkur jarayonlarning adolatli o’tganini shubha ostiga qo’yadi.

O’zbekistondagi xufiya sud jarayonlarining so’nggi jabrdiydalaridan biri inson huquqlari faoli Saidjahon Zaynobitdinovdir. Uning ustidan sud shu oyda o’tkazilgan. Uning aybi - Andijonda hukumat qo’shinlarining namoyishchilarga qarshi ishlatgan zo’ravonligini jahon afkor-ommasiga oshkor etgani bo’ldi. Inson huquqlarini himoya qiluvchi guruhlarga ko’ra, Saidjahon Zaynobitdinov suddan oldin sakkiz oy mobaynida qamoqda saqlangan. Na uning oilasi va na advokati sud jarayonining qachon va qayerda o’tishidan xabar topgan. Xyuman Rayts Uotch tashkilotining vakili Xolli Kartnerga ko’ra, hukumat uni jahon hamjamiyatini Andijonda nima sodir bo’lganidan boxabar qilgani uchun jazolamoqda. "Zaynobitdinov zudlik bilan ozod etilishi kerak", deydi u.

Qo’shma Shtatlar Andijondagi namoyish va hukumatning u yerdagi zo’ravonligi bo’yicha mustaqil xalqaro tergov o’tkazishga chaqirib kelmodqa. Xufyona sud jarayonlari o’tkazish O’zbekiston hukumatining o’z bo’yniga olgan xalqaro majburiyatlariga xilofdir. Hukumatning milliy xavfsizlik bo’yicha tashvishi Andijonda haqiqatda nima bo’lganini to’liq tergov qilishga to’siq qo’yish uchun bahona bo’la olmaydi. O’zbekiston hukumati zudlik bilan sudlar odilligiga to’siq bo’layotgan pardani olib tashlashi, mustaqil xalqaro tergovga yo’l berishi va o’z fuqarolarining asosiy huquqlaridan, jumladan so’z erkinglidan, foydalanishlariga halaqit bermasligi kerak.

XS
SM
MD
LG