Breaking News

Markaziy Osiyo xabarlari-31 yanvar


QIRG’IZISTON-TOJIKISTON

Qir’giziston Davlat xavfsizlik xizmatining matbuot markaziga ko’ra, Qirg’iziston hukumati Tojikiston bilan chegarasini mustahkamlab, chegarachilarini ogoh bo’lishga buyurgan.

Bunday chora ko’rishga, 25 yanvar kuni Tojikistonning So’g’d viloyatidagi qamoqxonalaridan biriga uyushtirilgan qurolli hujum sabab bo’lgan.

Hujumchilar qamoqxona rahbari Bobojon Gadiboyevni o’ldirib, O’zbekiston Islomiy Harakati bilan aloqadorlikda ayblanayotgan mahbusni ozod qilgan edilar.

Prokuror Abdug’affor Qalandarovga ko’ra, O’zbekiston Islomiy Harakati, o’tgan yili bo’lib o’tgan Andijon voqealaridan so’ng ancha jonlanib qolgan.

TOJIKISTON

Tojikistonda prezidentning oliy soqchilari sobiq qo’mondoni G’affor Mirzoyev ustidan sud ishi boshlangan. U qotillik va terrorizmga aloqadorlikda ayblanmoqda. Mirzoyev tarafdorlari esa bu ishni siyosiy nayrang deya ta’riflamoqdalar. G’affor Mirzoev 1992-97 yillardagi fuqarolar urushida musulmon jangarilarga qarshi hukumat qo’shinlariga qo’mondonlik qilgan. Biroq keyinchalik prezident Imomali Rahmonov bilan til topisha olmagach, 2004 yilda hibsga olingan edi. Mirzoyevga Davlat to’ntarishini rejalashtirganlik aybi ham qo’yilmoqda.

QOZOG’ISTON

Mazkur yilning 20 iyunida, “KazSat” deya nomlangan, ilk Qozo’giston telekommunkatsion sun’iy yo’ldoshi fazoga uchirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Federal Fazo Boshqarmasi vakili Aleksandr Martinov “ITAR-TASS” ga xabar qildi. “Qulay ish jadvali tuzilgan, sun’iy yo’ldoshni belgilangan vaqtda uchirishga harakat qilmoqdamiz”, dedi Martinov.

25 yanvar kuni Rossiya hamda Qozo’giston prezidentlari birgalikda fazoni tadqiq qilish rejalarini muhokama etgan edilar. Shundan so’ng Qozog’iston bosh vaziri Doniyol Ahmedov mamlakatning Federal Fazo Boshqarmasi rahbari Anatoliy Perminov bilan uchrashib, “KazSAT” va “KazSAT-2” sun’iy yo’ldoshlarini fazoga uchirish, ular orqali monitoring tizimini shakllantirish va Kaspiy bo’yidagi uglevodorod zahiralarini izlashni yo’lga qo’yish rejalarini muhokama etdilar.

“Kazkosmos” davlat kompaniyasi rahbari Serik Turjanovga ko’ra, 2012 yilda Qozog’iston Rossiya bilan hamkorlikda fazoda o’zining to’rt sun’iy yo’ldoshiga ega bo’ladi. Ayni paytda Rossiya va Qozog’iston mutaxassislari Boyqo’ng’ir kosmik stantsiyasida “Boyterak” deya nomlangan fazo majmuasini barpo etmoqdalar.

QIRG’IZISTON

Reyter axborot agentligining xabar qilishicha, Qirg’iziston janubida yuz bergan qor ko’chishi natijasida 4 kishi halok bo’lgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, qattiq qor yo’gishi natijasida mahalliy aholi hayoti xavf ostida qolib, talofat ko’rilgan. “Bu hududda qor ko’chishi kutilmagan hodisa bo’ldi”, dedi vazirlik vakili Nurlanbek Pazilov. Qor qalinligi 1.7 metrga yetgan.

XS
SM
MD
LG