Breaking News

Bush: Malakali chet-elliklarga AQSh vizalarini ko'paytirish lozim


Prezident Bush yaqinda Kongress oldida qilgan rasmiy nutqidan so’ng, endi xalq bilan yuzma-yuz ko’rishib, rejalarini tushuntirib beryapti.

Bush Xitoy va Hindiston kabi mamlakatlarning iqtisodiyoti tezlikda o’sib borayotgani haqida gapirar ekan, AQSh yo chekinishi, yoki imkoniyatni boy bermay yangi texnologiyalar bobida yetakchi davlat bo’lib qolishga intilishi mumkin, deb ta’kidladi.

"Menimcha, hukumatning vazifasi kelajakdan qo’rqish emas, uni hal qilishdir. Prezidentning ishi esa, xalqqa dalda berish, uni muvaffaqiyatga ishontirish," - deydi Bush.

AQShni yanada raqobatbardosh qilish uchun, janob Bush maxsus tashabbus bilan chiqqan. Shu maqsadda, kompaniyalar tadqiqot va taraqqiyot uchun sarmoya ajratishlari, hamda ilm-fan va matematikaga alohida e’tibor qaratish lozim, dedi u.

Muxbirimiz Pola Vulfsonning xabar berishicha, Bush, shuningdek, Kongressni maxsus malakali chet ellik ishchilar uchun vizalar sonini ko’paytirishga chaqirgan.

"Maqsad – bolalarimizni o’qitish. AQShda yaratilayotgan ish joylarida amerikaliklar ishlasin deymiz, albatta, ammo bugungi voqelik boshqacha. Raqobatbardosh bo’lish uchun, yangi texnologiyalar bo’yicha yetakchi bo’lish uchun maxsus malakali xorijiy ishchilarga AQShga kelish imkoniyatini berish kerak," - deb ta’kidladi Bush.

Ammo prezident oliy ma’lumotli chet elliklarga “H” yoki “B” turdagi vizalar soni qanchaga oshirilishi haqida to’xtalib o’tmadi.

XS
SM
MD
LG