"Markaziy Osiyodagi barqarorlik zaminida repressiya yotibdi"


AQShning ummummamlakat razvedka xizmati direktoriga ko'ra, "Korrupsiya va qatag'onlar barq urib turgan Markaziy Osiyoda terrorizm Al-Qoidaga aloqador guruhlar orqali tarqalishi mumkin."

Vashingtonda Senatning razvedka qo’mitasida so’zga chiqqan Jon Negropontening aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlarining ba’zilarida raqib klanlarning hokimiyat uchun kurashlari u yerdagi markaziy hokimiyatlarni susaytirishi mumkin. Bundan foydalangan terrorchi va jinoyatchi guruhlar Somali yoki Toliblar vaqtidagi Afg’onistonda bo’lgani kabi Markaziy Osiyoda ham o’z faoliyatlarini kuchaytirishlari mumkin, dedi AQShning BMT dagi sobiq elchisi Negroponte.

Unga ko'ra, global terrorizmga qarshi kurashda oldinga siljish kuzatilgan. AQShning kontr-terrorizm harakatlari o’tgan yili Al-Qoida faoliyatini buzishda va bu tashkilot yetakchilarini yo’q qilishda davom etgan bo’lsa-da, Al-Qoida AQSh uchun asosiy tahdid bo’lib qolmoqda, dedi janob Negroponte.

"Bu tashkilot rahbariyati Pokiston va Afg’oniston xududida joylashgan bazalaridan hali ham AQShga qarshi xuruj rejalarini tuzmoqda," -dedi Negroponte.

U o’z nutqida terrorizmga qarshi kurashda AQSh hamkori Rossiya haqida ham gapirdi.

"Prezident Putinning butun hokimiyatni o’z qo’liga olish va fuqaro jamiyati ustidan nazorat o’rnatish harakatlari, iqtisodiyotning strategik sektorlari ustidan davlat nazoratining o’sib borayotgani, hamda mamlakatda korruptsiyaning keng quloch yozayotgani tashvishlanarli holdir, dedi Negroponte. Keyingi bir necha yil ichida Rossiya bilan hamkorlik qilish mushkul bo’lib qolsa, ajabmas," -dedi AQSh umummamlakat razvedkasi direktori.

Muxbirimiz Debora Teytning xabar berishicha, Negroponte Xitoy hukumatining muxolifatni tazyiq ostiga olayotgani borasida ham tashvish bildirdi:

"Pekinning mulki tortib olingan dehqonlardan diniy tashkilotlargacha tazyiq o’tkazishi Xitoyda jiddiy beqarorlikka sabab bo’lishi va tashqi siyosatning zaiflashishiga olib borishi mumkin," -dedi Negroponte.

XS
SM
MD
LG