"Ezgulik" Andijon ustidan hukumat tergovi natijalarini talab qilmoqda


O`zbekistondagi inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi “Ezgulik” jamiyati Oliy Majlis va bir qator xorijiy davlatlarning diplomatik vakillaridan tuzilgan komissiyaning Andijon voqealari yuzasidan o’tkazgan taftish xulosalarini e`lon qilinishini talab qilmoqda.

Jamiyat talab sabablaridan biri sifatida Andijon voqealari bo`yicha o`tgan sud jarayonlarida ko`plab begunoh odamlarning, jumladan inson huquqlari himoyachilarining ham qamoq jazolariga hukm qilinganligini ko`rsatadi.

Jamiyat raisasi Vasila Inoyatovaga ko`ra “Ezgulik” avvaliga O`zbekistondagi qonuniy tashkilot sifatida parlament komissiyasiga kirish uchun ariza bergan. Yaqinda esa parlament komissiyasiga o`z xulosalarini e`lon qilishi haqida xat bilan murojat qilgan, biroq bu urinishlar natijasiz tugagan.

“Shunday qlib, shu bugungacha bir nechta sudlar o`tdi. Yuzlab odamlar qamoqda o`tiribdi. Bu komissiya o`z xulosasini bermadi. O`zbekiston qonunchiligi, konstitutsiyaga ko`ra xulosani berishi kerak edi. Andijon voqealarida qancha odamlar halok bo`lganligini biz xalqaro tashkilotlar yoki Rossiyadagi "Memorial" tashkilotidan emas, O`zbekistondagi qonuniy muhofaza ostidagi tashkilotlardan, ana shu komissiyadan bilishimiz kerak edi”, - deydi Vasila Inoyatova.

Vasila Inoyatovaga ko`ra Komissiya o`z xulosalarini e`lon qilmayotganligiga sabab, Andijon voqealarining chalkash tomonlari ko`p va O`zbekiston hukumatining o`ziga ep ko`rmaydigan tomonlari ochilib qolishi mumkin.

“Bu ma’lumotlar Andijon voqealari bo`yicha ayblanayotgan ko`plab kishilarning aybsiz ekanligini ko`rsatishi mumkin. Bundan tashqari Komissiyadan O`zbekiston prokuraturasining aybnomasidan farq qilmaydigan xulosani ham kutish mumkin. Bu bilan komissiya o`zining mustaqil emasligini ko`rsatadi”, - deb takidlaydi Inoyatova. Andijonda sodir bo`lgan otishmalardan so`ng O`zbekiston parlamenti vakillaridan tuzilgan mustaqil komissiya tarkibiga Rossiya va O`zbekistonga qoshni bo`lgan bir qator davlatlarning O`zbekistondagi diplomatik vakillari kiritilgan edi. Garb davlatlari, jumladan AQSh diplomatik korpus vakillari bu komissiya tarkibiga kirmagan. Ga’rb Andijon voqealarini mustaqil xalqaro tergov guruhi o`rganishi talabini qoygan edi.

Dastlabki, paytlarda mazkur komissiyaning yig`ilishlari haqida matbuotda ma’lumotlar taqdim etilgan. Biroq Andijon voqealari borasida o`tgan sud jarayonlaridan so`ng parlament komissiyasining bu boradagi munosabatlari oydinlashmagan.

Andijon voqealari bo`yicha O`zbekistonning rasmiy pozitsiyasi - sud jarayonlari Andijonda terrorchilik harakati bo`lganini isbotlaydi.

Shunday pozitsiyani himoyalovchi “Siyosat” axborot tahlil markazi ekspertlaridan biri G’ulom Mirzayevning bildirishicha, u shaxsan Andijon voqealari yuzasidan sudda ishtirok etgan va u yerda namoyish qilingan videofilmalar Andijonda terrorchi guruhlar harakat qilganini aniq isbotlab bergan.

“Ezgulik” jamiyati raisasi Vasila Inoyatovaning fikricha, tashkilot qo’lida Andijon bo`yicha o`tgan sud jarayonlarida ko`rsatmalar tayziq orqali olingani haqida ma’lumotlar bor.

“Sud jarayonida ularni tayziq bilan bo`ynilariga olishlariga majbur qilishgan. Bu aniq. Bizning sudga qatnashish haqidagi murojaatlarimiz javobsiz qoldi va biz sudda qatnashmaganligimiz uchun ham unga xolis baho bera olmaymiz”, - deydi Vasila Inoyatova.

Hozirda Andijon voqealari yuzasidan tuzilgan komissiya o`z xulosalarini e`lon qilishi haqidagi talabnoma bir qator hukumat idoralariga topshirilgan, shu jumladan, O`zbekiston Oliy Majlisiga ham.

XS
SM
MD
LG