Rossiya Gazpromdan siyosiy maqsadlarda foydalanmoqda (tahlil)


Sobiq Sovet respublikalarida 2005 yil qish mavsumining oldingi yillardagiga ko'ra ancha sovuqroq kelishi so'nggi paytlarda jurnalistlar, mutaxassislar va davlat arboblari tomonidan ko'p tilga olingan neftni, gazdan keyin, ikkinchi planga surib qo'ydi. Gazning nafaqat iqtisodiy boylik sifatida, balki siyosiy vosita sifatidagi ahamiyati ko'plab munozara va tahlillarga sabab bo'lmoqda.

Bu vaziyatdan foyda ko'rayotgan faqatgina bitta davlat bor - Rossiya. Rossiya yiliga 550 milliard kubometr gaz chiqaradi. Uning deyarli to'rtdan bir qismi Yevropaga, qit'aning gazga bo'lgan ehtiyojini 25 foizga qoplash uchun sotiladi. Mutaxassislarga ko'ra, Yevropaning Rossiya gaziga ehtiyoji kelajakda yanada oshishi mumkin. Bu esa Rossiyani ko'proq gaz topishga majbur qilmoqda.

Tadqiqotlarga ko'ra Rossiyaning Arktik qismida hali o'rganilmagan ulkan gaz zahiralari bor. Biroq ularni rivojlantirish va u yerdan gaz chiqarish uchun milliardlab dollar sarmoya va uzoq vaqt kerak bo'ladi.

Rossiya gaz biznesida eng oson yo'lni topgan ko'rinadi. Gaz ishlab chiqaradigan sobiq Ittifoq davlatlaridan mahsulotni arzon narxda sotib olib, uni o'z quvuri orqali Yevropaga uzatadi va u yerda gazni kamida 3-4 baravar narxda sotadi.

Gaz ishlab chiqaradigan bunday mamlakatlar qatoriga asosan Turkmaniston va O'zbekiston kiradi. Gazprom yaqinda bu ikki mamlakat bilan mahalliy gazni sotib olish bo'yicha shartnoma tuzdi. Bu gazning iqtisodiy foydasidir. Biroq qish ichi Rossiya gazining siyosiy jihatlari ham yaqqol ko'zga tashlana boshladi. Vashingtondagi Nikson nomli siyosiy-tahliliy markazning xalqaro xavfsizlik va energetika dasturi direktori Zeyno Baranga ko'ra, Rossiya gaz monopoliyachisi bo'lgan Gazprom yordamida, qator davlatlarni o'ziga iqtisodiy jihatdan qaram qilib qo'yib, ularga o'zining siyosiy ta'sirini o'tkazmoqchi.

"O'tgan yil davomida Rossiya gazning monopolistik qudratiga ega ekanligini, undan boshqa mamlakatlarga nisbatan bosim sifatida foydalana olishi va mamlakatlardan ba'zi siyosiy masalalarda o'ziga foyda olishi mumkinligini ayon qilgan," deydi Baran xonim.

Rossiya gaz siyosatining qurbonlaridan biri Ukraina bo'ldi. Rossiya quvvatlagan nomzodni dog'da qoldirib Ukrainada Qo'ng'ir inqilob natijasida hokimiyat tepasiga kelgan Viktor Yushchenko sovuq dekabr oyida to'satdan Rossiya gaz narxlarini to'rt baravarga ko'targani haqida ogoh qilindi. Natijada dekabr oyida Ukraina bir necha kun gazsiz qolib, arzonroq gaz olish uchun Turkmaniston bilan muzokara boshladi.

Vashingtondagi konservativ "Xeritij" (Heritage Foundation) tashkilotida energetika xavfsizligi masalalari bilan shug'ullanuvchi mutaxassis Ariel Koenga ko'ra, Rossiya gaz masalasini siyosiylashtirish orqali mart oyida Ukrainada bo'ladigan parlament saylovlariga o'z ta'sirini o'tkazmoqchi. Buning uchun prezident Putin Gazpromdan unumli foydalanmoqda.

"Prezident Putin Gazpromni kuchli boshqaruv ostiga olgan. Uning strategik va geografik yo'nalishlarini belgilab beradi. Bu Kreml va Gazprom o'rtasidagi o'ziga xos, kamdan-kam uchraydigan hamkorlikdir," deydi janob Koen.

Rossiya gaz siyosatining keyingi qurboni sobiq Ittifoq hududida rangli inqiloblarni boshlab bergan Gruziya bo'ldi. Bizga intervyu bergan Gruziyaning BMT dagi elchisi Revaz Adamiyaga ko'ra, Gruziya tomon yo'nalgan gaz quvurlari va elektroliniyaning Rossiya hududida portlashi tasodifiy hol emas.

"Men tasodiflarga ishonmayman," deya shubha bildiradi elchi. "Ayniqsa bir necha voqealarning bir vaqtning o'zida sodir bo'lishiga. Ikki joyda gaz quvurining bir vaqtda portlashi yoki Rossiyadan Gruziyaga uzatilgan elektrtarmoqning portlashi. Men bularning tasodifligiga ishonmayman.

Janob Adamiyaga ko'ra, Atirgullar inqilobidan so'ng G'arb bilan ko'proq hamkorlikka kirishgan Gruziya sobiq Ittifoq hududidagi ta'sirini tiklashga harakat qilayotgan Rossiyaning ko'zini shamg'alat qila boshlagan.

O'zbekiston ham Rossiyaning gaz siyosati ta'siridan mustasno emas. Toshkentda prezident Karimov bilan uchrashib gazni ming kubometriga 60 dollardan sotib olishga kelishgan Gazprom raisi Aleksey Miller uni Yevropada 150-180 dollardan sotadi. Iqtisodiy jihatdan olib qaraganda, Yevropagacha quvuri bo'lmagan va dengizga chiqish imkoniyati yo'q O'zbekiston Rossiya bilan uning shartlari bo'yicha ishlashga majbur. Afg'onistondagi bir necha yillik mojaro, Eronning AQSh bilan sovuq munosabatlari hamda Turkmaniston bilan yuzaki aloqalar o'zbek gazini Janubiy Osiyoga ham olib chiqishga imkoniyat bermaydi.

Biroq Nikson markazi vakili Zeyno Baranga ko'ra, O'zbekistonning Gazprom bilan shartnoma tuzishi va YevrAzESga a'zo bo'lishiga iqtisodiy omillar sabab bo'lmagan.

"Andijon voqealaridan so'ng O'zbekiston G'arbdan uzoqlasha boshlagan. Prezident Karimov va uning komandasi Gruziya va ayniqsa Qirg'izistondagi rangli inqiloblardan so'ng xavotirga tushdi. Shuning uch ham ular madad va kafolatlar olish maqsadida Rossiya, Xitoy va Shanxay Hamkorlik Tashkilotidan tuzumlariga himoya izlab yordam so'raganlar," deya tahlil qiladi Baran xonim. "Bu esa Rossiyaga siyosiy va iqtisodiy masalalarda o'z shartlarini qo'yishga imkoniyat berdi. Rossiya, Xitoy va G'arbni bir-biriga qarama-qarshi o'ynatib kelgan O'zbekiston tuzumi bugunga kelib Xitoy va Rossiya iskanjasida qoldi."

Ba'zi mutaxassislarga ko'ra, Rossiya boshchiligidagi iqtisodiy va siyosiy jarayonlar ortida prezident Putinni hokimiyat tepasida uzoqroq qoldirish va sobiq Ittifoq tuzilmasiga o'xshagan tashkilotga asos solib, uning yordamida SSSR parchalangandan keyin boy berilgan siyosiy ta'sirni tiklash rejalari yotibdi.

Putinning o'zi Konstitutsiyani o'zgartirmayman va ikkinchi prezidentlik muhlatim tugasa, saylovlarda qayta ishtirok etmayman degan edi. Rossiya Konstitutsiyasiga ko'ra, bir shaxs qatorasiga uch marta prezident bo'la olmaydi, biroq Konstitutsiyada prezidentlik muhlatining soni cheklanmagan. Ba'zi kuzatuvchilar Putin 2008 yilda prezidentlikdan ketib, 2012 yilgacha Gazprom raisi bo'ladi va 2012 yilda prezidentlikka qaytadi deb bashorat qimoqdalar. Gazpromning kuchayishiga ana shu hol sabab bo'lishi mumkin. Biroq o'tgan seshanba kungi yillik matbuot anjumanida Putin Gazpromga rais bo'lishi mumkinligini inkor etdi.

Moskvalik tarix fanlari doktori, siyosatshunos Artyom Ulunyanning bizga aytishicha, hozirda shunday bir vaziyatga zamin yaratilyaptiki, unda Putin siyosiy arbob va qozi sifatida iqtisodiy jihatdan ustuvor bir mavqega ega bo'ladi.

"Putinga aloqador shaxslar ishtirokida tuzilayotgan turli iqtisodiy tashkilotlar ham shunga qaratilgan. 2008 yildan keyin Putinning o'zi soyada turib boshqarishni afzal ko'radiganga o'xshaydi. Prezidentlikka esa eng yaqin va ishonchli odamini qo'yishi mumkin. Hozircha prezidentlikka amaldagi mudofaa vaziri Sergey Ivanov asosiy nomzodlardan biri sifatida ko'rib chiqilmoqda," deydi Ulunyan.

Gazprom salohiyati va siyosiy o'yinlar vositasi sifatida ishlatilayotganidan cho'chiyotgan Yevropa va Qo'shma Shtatlar Rossiyadan Gazpromni xususiylashtirishni va chet-el sarmoyadorlariga ochishni talab qilmoqda. Vashingtondagi konservativ "Xeritij" (Heritage) tashkilotining mutaxassisi Ariel Koen Jahon savdo tashkilotiga kirmoqchi bo'lgan va Katta Sakkizlikdagi mavqeini kuchaytirmoqchi bo'lgan Rossiya bu talabga ko'nadi, biroq Gazprom aksiyalarining boshqaruv paketi Rossiya hukumati qo'lida qoladi, deydi. Bu fikrni Nikson nomli siyosiy-tahliliy markazning xalqaro xavfsizlik va energetika dasturi direktori Zeyno Baran ham qo'llab-quvvatlaydi.

"Gazprom boshqaruvchilari va Kreml rahbarlari ko'p hollarda bir xil odamlardir," deya ta'kidlaydi Zeyno Baran. "Kreml Gazprom nazoratini qo'ldan chiqaradigan darajada uni xususiylashtirishga qarshi. Albatta Gazprom tarkibida G'arbiy sarmoyadorlarning bo'lishi kompaniya manfaatlaridandir, chunki shu orqali ularning G'arb bilan biznes aloqalari osonroq kechadi. Biroq kompaniyaning boshqaruv paketi hukumat qolida qoladi."

Gruziyaning BMT dagi elchisi Revaz Adamiyaga ko'ra, Yevropa va boshqa davlatlar Rossiyaning iqtisodiy va gaz siyosatining asiriga aylanmaslik uchun, gazni olish va transportirovka qilishning muqobil yo'llarini qidira boshlaydilar.

"Hamma, shu jumladan G'arbiy Yevropa ham gazning muqobil manbalarini qidiradi. Bu albatta G'arbiy Yevropa uchun ham, energetika mahsulotlarining boshqa iste'molchilari uchun ham ijobiy holdir."

Iyun oyida Sankt-Peterburgda jahonning eng sanoatlashgan davlatlari, ya'ni Katta Sakkizlik guruhining sammiti bo'lib o'tadi. Unda Rossiya global energetika xavfsizligi mavzusidagi masalalarni ko'tarmoqchi. Kuzatuvchilarga ko'ra, Rossiyaning global siyosiy mavqega erishish uchun o'z energetik boyligidan foydalanishi Katta Sakkizlikning boshqa a'zolarini tashvishga solmoqda.

XS
SM
MD
LG