Breaking News

Katta Sakkizlik vazirlari global savdoni erkinlashtirishga chaqirdilar


Eng rivojlangan yetti mamlakat va Rossiya moliya vazirlari ushbu yilda jahon iqtisodiyotida kuchli o'sish bo'ladi, degan fikrda. Ammo yonilg'i narxining o'zgaruvchanligi va qimmatligi iqtisodiy o'sish yo'lida g'ov bo'lishi mumkin, deyishadi ular.

Katta Sakkizlikka Rossiya, Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya va AQSh kiradi.

Sakkizlikning Moskvada yakunlangan ikki kunlik uchrashuvi bayonotida, vazirlar, shuningdek, savdoni liberalizatsiya qilishga chaqirdilar, hamda global energetika tizimlarining samarali ishlashida bozor iqtisodiyotining muhim ekanligiga urg'u berdilar.

Uchrashuvga mezbonlik qilgan Rossiya yig’ilishda guruhning to’liq a’zosi ekanligini ko’rsatish imkoniyatiga ega bo'ldi. Uchrashuvda energetika xavfsizligi bosh mavzu bo’lib, unda Moskva neft va gaz ta’minoti bo’yicha ishonchli hamkor ekanini ko’rsatmoqchi edi. Yangi yil arafasida Rossiya Ukrainaga gaz eksportini kesishi oqibatida katta mojaro kelib chiqqan edi. Voqea Rossiyaning g’arbiy Yevropaga gaz eksportlariga ham salbiy ta’sir ko’rsatgan edi. Tanqidchilar esa Kremlni energetika boyliklaridan siyosiy qurol sifatida foydalanganlikda aybladilar.

Sal avval, prezident Putin Rossiyaning Katta Sakkizlikka bosh bo’layotganidan maqsad energetika xavfsizligi ekanligini ta’kidlagan edi. Moskvadagi AQSh-Kanada instituti xodimi Viktor Kremenyuk nazarida, masala bundanda chigalroq bo’lishi mumkin.

"Ba’zi g’arbiy davlatlar energetika xavfsizligining boshqacha strategiyasini taklif qilishlari mumkin, ya’ni ta’minot manbalarini bir necha davlatlar o’rtasida bo’lib tashlash. Toki, bir davlatlatga ta’minotning 10-15 foizi tegsin," -deydi kuzatuvchi.

Hozirda esa Yevropaning ba’zi davlatlari 50 foizga yaqin gaz importlarini Rossiyadan olishmoqda. Muxbirimiz Bill Gasperinining xabar berishicha, Katta Sakkizlik energetika vazirlari aynan shu mavzuni muhokama qilish uchun mart oyida uchrashadilar.

XS
SM
MD
LG