Toshkent shahar sudi Fridom Xaus apellyatsiyasini rad etdi


Toshkent shahar fuqarolik sudi Fridom Xaus (Freedom House) tashkilotining O'zbekistondagi vakolatxonasini nodavlat tashkilotlar to'grisidagi qonunni buzganlikda ayblagan edi. Tashkilot vakolatxonasining rahbari Branko Shesto sud qarorini adolatsiz deb baholab, qaror ustidan shikoyat kiritilishini bildirgan edi.

9 fevral kuni vakolatxona tomonidan kritilgan shikoyatni ko`rib chiqqan Toshkent shahar fuqarolik sudi avvalgi qarorni o`z kuchida qoldirgan.

Fridom Xaus tashkiloti adliya boshqarmasi tomonidan litsenziyaga ega bo`lmasdan internet xizmati ko`rsatish, tashkilot ramzini qayd etmasdan qo`llash, va vakolatxona tomonidan tashkil etilgan treyninglarga ro`yxatdan o`tmagan inson huuqlari faollarini taklif etishda ayblangan edi.

Vakolatxona rahbari bu ayblovlarni rad etgan. O`zbekiston tomonidan imzolangan xalqaro bitimlarga ko`ra, inson huquqlari himoyachilari yakka tartibda ish yuritishlari mumkin. Buning uchun ularning ro`yxatdan o`tishi shart emas.

Kuzatuvchilarga ko`ra, Toshkent shahar sudining qarori siyosiy sabablar bilan bog`liq. Mahalliy inson huqulari himoyachilariga ko`ra esa, bu harakat O`zbekiston hukumatining inson huqulari himoyachilariga ko`rsatayotgan navbatdagi bosimidir.

Inson huquqlarini himoyalash bilan shug’ullanuvchi xalqaro tashkilot Fridom Xausning O`zbekistondagi vakolatxonasi mahalliy inson huquqlari himoyachilariga turli darajada ko`mak ko`rsatib kelayotgan edi.

Fridom Xausning Vashingtondagi bosh idorasida tashkilotning Markaziy Osiyo davlatlaridagi dasturlari katta boshqaruvchisi Aleksandr Jupmen sud qaroriga quyidagicha munosabat bildirdi.

"Biz albatta sud qaroridan rozi emasmiz, biroq kishini hayratga solgan narsa qarorning tez chiqqani bo’ldi. Sud bizning ko’rsatmamizga 7 daqiqa quloq soldi xolos. Biroq quloq solganda ham, aybimiz yo’qligi haqidagi dalillarni keltirganda ham, ularni inobatga olishmadi," -deydi Jupmen.

Sud qaroriga ko’ra, tashkilot O’zbekistondagi dasturlarini 6 oyga to’xtatgan, biroq qarorda ushbu davr mobaynida Fridom Xaus o’z idorasi va xizmatchilarini saqlab turishi mumkinligi ham ta’kidlangan. Olti oylik muhlat o’tgandan so’ng tashkilot o’z ishini davom ettiradi degan umidda, deydi Fridom Xaus vakili Aleksandr Jupmen.

"Asosiy muammo Fridom Xausning yopilganida emas. Gap shundaki, O’zbekistonda turli masalalar bilan shug’ullanadigan nodavlat tashkilotlarning umumiy bir pallada yopilishi kuzatilmoqda. Bu faqatgina inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi tashkilotlarga tegishli emas. Yaqinda chiqqan hisobotga ko’ra, O’zbekistonda o’tgan avgust-sentyabr oylari davomida 200 dan ortiq mahalliy nodavlat tashkilotlar yopilgan," -deya ta'kidladi janob Jupmen Amerika Ovozi bilan suhbatda.

XS
SM
MD
LG