Markaziy Osiyo xabarlari-13 fevral


QOZOG’ISTON

Qozog’iston hukumati o’lim jazosini bekor qilishi mumkin deya ma’lum qildi mamlakatning inson huquqlari bo’yicha ombudsmeni Bo’lat Boyqadamov.

“Hozirda bizda o’lim jazosiga nisbatan moratoriy mavjud va keyinchalik oliy jazoni umuman bekor qilishimiz mumkin”, dedi Boyqadamov bugun qilgan bayonotida.

TURKMANISTON

14-15 fevral kunlari Ashgabat shahrida Turkmaniston, Afg’oniston va Pokiston vazirliklaridan tashkil topgan maxsus qo’mita Osiyo Taraqqiyot banki tomonidan taqdim etiladigan va uch mamlakatni o’zaro bog’laydigan gaz quvuri loyihasini muhokama qiladilar.

Eron axborot agentligining xabar qilishicha, yig’ilishda uchchala mamlakat rasmiylari dasturning bugunga qadar taraqqiyoti bo’yicha fikr almashib, loyihani tezroq ishga tushirish uchun zarur bo’ladigan strategiyani ishlab chiqadilar. Ular, shuningdek, neft va gaz zahiralarini o’z hududlarida qidirish hamda qo’shimcha energiya manbalarini izlash borasida ham fikr almashadilar.

QIRG’IZISTON

Qirg’iziston tashqi ishlar vaziri Alikbek Jekshenkulov ikki kunlik rasmiy tashrif bilan Turkiya poytaxti Ankaraga kelishi kutilmoqda. 14-15 fevral kunlari bo’lib o’tadigan tashrif davomida ikki tomon mintaqaviy va xalqaro masalalar bo’yicha muzokaralar olib borishadi. Turkiya tashqi ishlar vaziri taklifi bo’yicha kelayotgan janob Jekshkenkulov mamlakat prezidenti Ahmad Nejet Sezer va Turkiya parlament spikeri Bulent Arinj bilan ham uchrashadi, deya xabar bermoqda Anatolian Taymz (The Anatolian Times) gazetasi.

ROSSIYA

Rossiya prezidenti Vladimir Putin dunyoning rivojlangan mamlakatlaridan moliyaviy qalloblik va terrorizmni moliyalashga qarshi kurashda Yevroosiyo mamkatlarining 6 a’zolik uyushmasiga yordam berishni so’radi.

“Yevroosiyo Guruhi” nomi bilan ataluvchi mazkur uyushma 2004 yilda tashkil topgan bo’lib, o’z ichiga Rossiya, Qozog’iston, Xitoy, Belarus, Qirg’iziston va Tojikistonlarni oladi. “Yevroosiyo Guruhi” o’sha yilning o’zidayoq moliyaviy qalloblikka qarshi global miqyosda kurash olib boruvchi davlatlararo Moliyaviy Jinoyatlarga Qarshi Kurash Harakatiga a’zo bo’lgan.

Katta Sakkizlikka a’zo davlatlar moliya vazirlari bilan uchrashar ekan, Putin rivojlangan davlatlarning Yevroosiyo guruhiga salmoqli yordam berishiga ishonch bildirdi. Rossiya rahbari Katta Sakkizlik ekspertlariga Rossiya mutaxassislari uchun treyninglar tashkil etishni taklif etdi, deya xabar bermoqda RIA-Novosti axborot agentligi.

XS
SM
MD
LG