Qozog'iston Senati raisi Sarsenbayevni o'ldirtirganlikni tan oldi


Qozog'iston Ichki ishlar vaziri Baurjan Muxamedjanovning aytishicha, Senat raisi Erjan Utembayev muxolifatchi Altinbek Sarsenbayevni shaxsiy sabablar bilan o'ldirtirganlikni o'z bo'yniga olgan.

Erjan Utembayev uzoq-muddatli dushmani deb hisoblagan Sarsenbayevga suiqasd qilinishi ortida turganini tan oldi, deydi Ichki ishlar vaziri.

Muxamedjanovning ma'lum qilishicha, Utembayev Sarsenbayevni uni keskin tanqid ostiga olib, siyosiy faoliyatiga putur yetkazganlikda ayblaydi.

Ammo, Sarsenbayev yetakchilik qilgan "Ak-Jo'l" partiyasi qotillik shaxsiy emas, siyosiy sabablarga ko'ra amalga oshirilgan, deb hisoblaydi. Sarsenbayev, uning soqchisi va haydovchisining jasadi 13 fevral kuni Almati shahri yaqinida topilgan edi.

Altinbek Sarsenbayev Qozog`iston hukumatida qator rasmiy lavozimlarda ishlagan. 2004 yilgi parlament saylovlari yuzasidan o`z noroziligini bildirib, Qozo`g`iston axborot vaziri lavozimini tark etgan edi.

Muxolifatdagi “Oq jo'l” partiyasining yetakchilaridan biri bo`lgan va keyinchalik Qozog`iston prezident saylovlarida muxolifat vakillarini birlashtirgan “Adolatli Qozog'iston uchun” partiyasiga kirgan. Mazkur partiyadan Qozog`iston prezidentligiga nomzod sifatida Jo`rmaxon Tuyoqboy qatnashgan edi.

Bunday uch oy muqaddam mazkur muxolif guruhning yetakchilaridan biri, Almati shahrining sobiq hokimi Zaminbek Nurkadilov o`z uyida otib ketilgan edi.

Uning o`limi yuzasidan ochilgan tergov harakatlari hali yakuniga yetmagan. Nurkadilovning Qozog`iston hukumatining noqonuniy faoliyatlariga doir bir qator hujjatlarga ega bo’lgani haqida taxminlar bor.

XS
SM
MD
LG