Rossiya-O'zbekiston hamkorligining yangi asri


O`zbekiston va Rossiya o`rtasida imzolangan ittifoqchilik shartnomasidan so`ng aloqalar jadal ravishda rivojlanib bormoqda.

O`zbek muxolifat vakillari Rossiyaning O`zbekiston uchun muhim hamkor ekanini urg'ulashadi. Muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasining Bosh kotibi Otanazar Oripov shunday mulohazalar bildiradi:

“Hamma sohalarda aloqalar yaxshi bo`lishi kerak, lekin hozirgi o`rnatilgan aloqalarni men xalqlar o`rtasidagi aloqalar deb ayta olmayman. O`zbekiston hukumati necha yillar davomida Rossiya siyosatini, bo`layotgan ishlarni tanqid qilib keldi. Boshqa davlatlar bilan aloqalar izladi, qurdi va birdaniga o`zgarib qolgani yaxshilikka deb o`ylamayman”.

O`zbekistondagi muxolifat vakillariga ko`ra ular Rossiyagi demokratik kuchlar bilan muloqotga tayyor. Rossiya hukumati doiralari bilan shunday muloqot boshlash lozimligi tashabbusini ko`targan muxolifatdagi “Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasi bu borada Rosssiya prezidenti, jumladan, Rossiya Dumasi rahbari Boris Grizlovga ham ochiq xat bilan murojat qilgan edi.

Biroq o`zbek muxolifatining murojaatlariga Rossiya rasmiy doiralari tomonidan munosabat bildirilgani haqida malumotlar yo`q. Bu tashabbus muallifi, muxolifatchi Sanjar Umarov ustidan sud jarayonlari davom etmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, Rossiya O`zbekistonda demokratik qadriyatlarni tiklash uchun ehtiyotkorlik bilan harakat qiladi.

Otanazar Oripovga ko`ra, Rossiya prezidenti bu bilan O`zbekiston hukumatining kirdikorlaridan xabardorligini, biroq o’z manfaatlardan kelib chiqib, hozircha shunday aloqzlarni o`rnatishga majburligini bildirgan.

“Shuning uchun buni O`zbekiston prezidentining hatti-harakatlarini qo`llab-quvvatlayapti, deb o`ylamayman”, - deydi Otanazar Oripov.

Mahalliy kuzatuvchilarning fikricha, Rossiya o`z milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda O`zbekistonda hozirgi mavjud tuzumning hukm surishidan manfaatdordir. Kuzatuvchilar O`zbekistondagi va Rossiyadagi tuzumlarning o`xshashligi va shu bois Rossiya Andijondagi otishmalardan so`ng O`zbekiston hukumatini quvvatlagani, Rossiya bilan hamkorlikda demokratik islohotlar muhokamasi ortiqcha ekanligi haqida gapirishadi.

Sharhlovchi Komron Aliyevga ko`ra, Rossiyaning O`zbekiston hukumatini qo`llashi avvalo hukumatlarning bir xil tuzumga egaligi va Rossiyada imeriyacha siyosatning tiklanayotganligi bilan bo`gliq.

“Rossiya o`zini sobiq ittifoq hududidagi bir qator davlatlarni birlashtirgan yetakchi davlat sifatida ko`rsatmoqchi. Shuning uchun Markaziy Osiyo Hamkorlik Tashkilotini Yevrosiyo Iqtisodiy Hamkorligiga qo`shish bilan tugatishga majbur qildi. Bundan tashqari Rossiya mintaqa davlatlarini o`z tovarlarini o`tkazish mumkin bo`lgan kolonial davlatlarga aylantirishni rejalamoqda”, - deydi Komron Aliyev.

O`zbekiston prezidenti Islom Karimov Rossiyaga qilgan oxirgi tashrifi chog`ida xavfsizlik masalariga to`xtalgan va Rossiya bilan tuzilgan shartnomalarning O`zbekiston mustaqilligini saqlab qolishdagi ahamiyati haqida gapirgan edi.

Ayrim kuzatuvchilarning fikricha, Rossiya tashqi siyosatidagi asosiy tirgak bo`lgan energetika strategiyasi ko`p jihatdan Markaziy Osiyo mintaqasidagi energetik zahiralarni egallash bilan ham bog`liq. Bu borada O`zbekneftgaz milliy xolding kompaniyasi bilan tuzilgan so`nggi shartnomalar Rossiya hukumati uchun qulay imkoniyatlar yaratmoqda.

Mahalliy ekspertlardan biri Bahodir Musaevga ko`ra, O`zbekiston hukumati Rossiya energetika siyosatiga yaratilayotgan imkoniyatlar evaziga faqatgina avtoritar tuzum xafsizligini kafolatlash shartini qo`ymoqda.

“Hukumat bugun har qachongidan ko`ra kuchaygan. Chunki Rossiya u tomonda. Rossiya o`z geosiyosiy maqsadlari uchun O`zbekiston prezidentining har qanday ichki siyosatini qo`llab-quvvatlashga tayyor. Rossiya bilan hamkorlikdan ko`zlangan asosiy manfaatlaridan biri shu”, - deydi Bahodir Musayev.

XS
SM
MD
LG