Breaking News

Rays: AQSh Eronga kuchli zarba berishga tayyor


AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Raysning aytishicha, AQSh Eronning agressiv siyosatiga kuchli zarba berishga tayyor. Davlat departamentidagi muxbirimiz Deyvid Gollastning xabar berishicha, Rays Eronda siyosiy erkinlikni targ'ib qilish uchun ko'proq pul ajratishga chaqirmoqda.

Rays xonimga ko’ra, Eron hukumatining radikal deb ta’riflangan siyosatiga qarshi chiqish uchun, Bush ma’muriyati Kongressdan qo’shimcha 75 million dollar ajratishni so’raydi. Mablag’ AQShning Eronga radioeshittishlarini ko’paytirish uchun, hamda demokratiyani quvvatlovchi dasturlarga sarflanadi.

Senatning tashqi aloqalar qo’mitasida so’zlar ekan, Kondoliza Rays Eronning yadro faoliyati, mintaqadagi terroristlarni quvvatlashi, uning Iroqdagi nufuzi va Suriya bilan yaqin aloqalari AQSh nazarida katta strategik masala.

Uning aytishicha, bu nafaqat AQSh va Yevropani, balki Yaqin Sharqdagi ittifoqchi mamlakatlarni ham tashvishga solmoqda. Rays xonimning keyingi haftada mintaqaga, jumladan Misr va Saudiya Arabistoniga safari davomida Eron malalasi bosh mavzu bo’ladi.

RICE: Hech kim Yaqin Sharqni atom qurollari texnologiyasini qo’lga kiritgan Eron gegemonligi ostida bo’lishini xohlamaydi. Bugungi kunda prezidenti Maxmud Ahmadinejod xalqaro hamjamiyatning Eron borasidagi xavotirlarini aks ettiradi, chunki u Eronning rejalari haqida ochiq-oydin gapiradi … deydi Rays.

Eronning uranni boyitish bo’yicha so’nggi harakatlari, dedi u, Tehron xalqaro hamjamiyatga ochiqdan-ochiq qarshi chiqayotganini ko’rsatadi.

Senatorlarning savollariga javob berar ekan, davlat kotibasi Eronga qarshi qanday chora ko’rilishi haqida aniq gapirgani yo’q, ammo jarayonda global iqtisodiy barqarorlik va eronliklarning har kungi hayot tarzi hisobga olinadi, dedi.

Muxbirimiz Deyvid Gollastning xabar berishicha, Kongress qo’shimcha 75 million dollar ajratgan taqdirda, AQSh Eronda demokratiyani targ’ib qilish uchun ajratgan mablag’ ushbu yilda jami 85 million dollarni tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG