Markaziy Osiyo xabarlari-17 fevral


O’ZBEKISTON

Ukraina hukumati siyosiy boshpana so’ragan 10 nafar o’zbekistonlikni deportatsiya qildi, deya xabar beradi Xyuman Rayts Votch (Human Rights Watch) inson huquqlari tashkiloti. Tashkilotga ko’ra, deportatsiya jarayoni xalqaro qonunlarga zid ravishda amalga oshirilgan.

14-15 fevral kunlari o’zbekistonlik 10 nafar erkak rasmiy Toshkentning ekstraditsiya talabiga binoan, vatanlariga deportatsiya qilinganlar. Hibsga olingan 11 nafar erkakdan 9 nafari Kiyevda joylashgan BMT Qochqinlar bo’yicha Bosh Kommissariati vakolatxonasi tomonidan siyosiy boshpana izlovchilar sifatida ro’yxatga olingan edi. Ulardan birining Ukrainada qarindoshlari borligi sabab, deportatsiya qilinmagan.

Kommissariat masalani o’rganar ekan, boshpana so’raganlarni majburiy deportatsiya qilish xalqaro qonunlarga ziddir, degan bayonot chiqardi, va Ukraina hukumatidan masalaga oydinlik kiritishni so’radi.

BMT vakillariga ko’ra, O’zbekiston hukumati qo’lga olingan kishilar Andijon voqealarida qatnashgan, deya ularni vatanga qaytarishni so’ragan. Hukumat jumladan Rossiya va Qirg’izistonda siyosiy boshpana izlayotgan bir qator boshqalarni ham ekstraditsiya qilishni talab qilib kelmoqda.

Biroq, 1951 yilda qabul qilingan qochqinlar konventsiyasi va uning 1967 yildagi protokoliga binoan, Ukraina hayoti xavf ostida bo’lgan va erkinligi cheklanishi mumkin bo’lgan odamlarni vatanga qaytarmaslik majburiyatini olgan.

O’zbekistonlik qochqinlarga siyosiy boshpana berilmadi

Kecha, Qirg’iziston oliy sudi Andijon voqealaridan so’ng mamlakatga kirgan ikki nafar o’zbekistonlik qochqinga siyosiy boshpana berish talabini rad etdi.

O’zbekiston hukumati o’z qo’shnisiga bosim o’tkazib, qochqinlarni qaytarishni talab qilar ekan, g’arb mamlakatlari ular O’zbekistonda qiynoqqa solinadi, deya Qirg’izistonni bu yo’ldan qaytishga chaqirib keladi, deya xabar berdi Reyter (Reuters) axborot agentligi.

Oliy sud vakilasiga ko’ra, sud qarori appelyatsiya qilinmaydi. Biroq, Qirg’iziston hukumati BMT tomonidan siyosiy qochqin maqomiga ega mazkur ikki O’zbekiston fuqarosini qachon va nima sababdan deprtatsiya qilishi mumkinligi borasida hali o’z qarorini bildirganicha yo’q.

O’zbekistonlik muxojirlar AQShdan deportatsiya qilinmoqda

AQShning Kolorado shtatida yashab kelayotgan 6 nafar o’zbekistonlik muxojir, ish vizalarining muddati o’tib ketgani sabab, hibsga olindilar.

Ularning barchasi 2005 yilning aprel oyida ishlash huquqini beruvchi “H-2B” immigratsion vizalari bilan AQShga qonuniy tarzda kirib kelganlar. Biroq vizalarining amal qilish muddati 2005 yilning oktyabr oyida tugagan.

O’zbekistonlik muxojirlar Federal Qidiruv Byurosi va Bojxona xavsizligi agentlari tomonidan hibsga olinib, AQSh qonunlarini buzganlari uchun vatanga deportatsiya qilinishlari mumkin.

XS
SM
MD
LG