Bo'hronlar Tashkiloti: O'zbekiston beqarorlik va vayronalik yoqasida


Qonli mojarolarni oldini olish bo’yicha faoliyat ko’rsatuvchi, markaziy idorasi Belgiyada joylashgan Xalqaro Bo’hronlar Tashkiloti (International Crisis Group) yaqinda chiqargan hisobotini “O’zbekiston: Mavhumlik Sari” deb atadi.

Hisobotda asosan Andijon voqealaridan keyingi sharoitda mintaqada beqarorlik yuzaga kelishi ehtimoli tahlil qilinadi. “Toshkentdagi hukumat inqirozga uchrash arafasida bo’lmasa-da, O’zbekistonning o’zi mintaqada beqarorlik o’chog’iga aylanishi mumkin”, deyiladi hisobotda.

“Xalqaro hamjamiyat bugungi kunda O’zbekistondangi ichki vaziyatni o’zgartirishga ojizlik qiladi. Biroq O’zbekiston xalqini va qo’shni mamlakatlarni bunday o’zgarishlarga tayyorlash mumkin”, - deydi tashkilotning Markaziy Osiyo dasturi rahbari Maykl Xoll.

Tashkilotning xulosa qilishicha, “G’arbning mamlakatda siyosiy va iqtisodiy erkinlikni qo’llab-quvvatlash sayi-harakatlari samara bermadi. Endi asosiy diqqat ikki jabhaga qaratilishi lozim: birinchisi siyosiy faollikni qo’llab-quvatlagan holda, kelajakda yangi hukumatning shakllanishini ko’zlab, fuqarolik jamiyatini barpo etish va ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish. Ikkinchisi esa, O’zbekistonda beqarorlik kelib chiqqan taqdirda, buning qo’shni mamlakatlarga ta’sirini kamaytirish”.

Xalqaro Bo’hronlar Tashkiloti nohukumat guruh bo’lib, uning faoliyati mojarolarni bartaraf etish yo’llarini qidirishga qaratilgan. Tashkilotning Osiyo bo’yicha direktori Robert Templer O’zbekistonda hayot juda og’ir, deydi.

"O’zbekistondagi vaziyat yanada salbiylashmoqda. Iqtisodiy islohotlar amalga oshmagan. Mamlakatdagi siyosiy muhit taranglashgan, qatag’onlar kuchaygan, ko’plab dindorlar qamoqqa olingan. O’tgan yili Andijonda ko’plab kishi halok bo’ldi."

Tashkilot tahlilnomasida yozilishicha, Andijon voqealari ketidan O’zbekiston hukumati repressiyalarni kuchaytirgan. G’arbning na bosimi, na iltimosi prezident Karimovni islohotga chorlay oldi, deydi tashkilot vakili.

"G’arbning harakatlari natijasiz qoldi. Bugungi kunga kelib, prezident hech kimning maslahatiga quloq solmay qo’ygan. Bu vaziyatda unga qanday bosim o’tkazish mumkin? -deb so’raydi janob Templer.

O’zbekiston asosan o’zining eksport mahsulotlari, ya’ni paxta va oltin narxlarining qimmatlashayotgani hisobiga, iqtisodiy o’sish bo’layotganini ta’kidlaydi. Ammo, deydi janob Templer, buning mevasini ehtimol 100 ga yaqin elita vakillari yemoqda.

XS
SM
MD
LG