Hindistonda H5N1 virusi topilgach, minglab parranda qirilmoqda


Parranda grippining xavfli turi Hindistonning g’arbiy Maxarashtra shtatida topilgach, bugun o’n-minglab parranlardani qirish boshlandi. Rasmiylarga ko’ra, virus topilgan fermadan uch kilometr radiusda 500 mingdan ortiq parranda o’ldirilmoqda va yetti kilometr atrofdagi barcha parranda emlanadi.

Ammo sog'liqni saqlash xodimlari qo'shni Gujarat shtatida 27 yoshli fermer parranda grippidan o'lgan bo'lishi mumkin degan xavotirlarni rad etib, laboratoriya sinovlarida undan virus topilmaganini ta'kidlashdi.

Hukumat xalqni tinchlikka chaqirib, Hindiston Sog’liqni saqlash vaziri Shri Xota virus tarqalishiga qarshi choralar ko’rilayotganini ta’kidladi.

"Biz kuzatuvni yo’lga qo’ydik, kasallangan kishilarda parranda grippi virusi bor yoki yo’qligini tekshiryapmiz. Hozircha H5N1 topilgani tasdiqlanganicha yo’q," -deydi Hindiston sog’liqni saqlash vaziri.

Kecha esa Fransiya qishloq xo’jaligi vaziri Dominik Bussero Lyon shahri yaqinida topilgan o’rdakda parranda grippi aniqlanganini tasdiqladi. Janob Busseroga ko'ra, virus yovvoyi o’rdakda topilgan, ammo Fransiya fermalarida kasallanish hollari kuzatilmagan.

2003 yildan beri parranda grippidan asosan Osiyoda deyarli 90 kishi o'lgan. Muxbirimiz Margaret Beshirning xabar berishicha, mutaxassislar virus tarkibi o’zgarib, odamlar orasida ham tarqalishi mumkin, degan xavotirda.

XS
SM
MD
LG