Breaking News

O'sh izolyatoridagi qochqinlar taqdiri mavhumligicha qolmoqda


16 fevral kuni Qirg’iziston Oliy Sudi O’sh shahar tergov izolyatorida saqlanayotgan besh nafar o’zbekistonlik qochqindan ikki nafariga rasman qochqinlik maqomi berishdan bosh tortdi. Oliy sud vakilasi Antonina Rybalkinaga ko’ra, sud qarori qat’iy va shikoyatga o’rin yo’q.

Qochqinlar O’zbekistonga qaytarilishlari mumkin. Shu sababli BMT ning Qochqinlar bo’yicha Oliy komissariati Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyevga murojaat qilib, o’zbekistonlik qochqinlarni vatanlariga qaytarmaslikni so’radi.

32 yoshli Odiljon Rahimov O’sh shahar tergov izolyatorida saqlanayotgan 5 nafar andijonlik qochqindan biri. U bu yerga 2005 yilning 18 iyun’ boshqa qochqinlar bilan Suzoqdagi qochqinlar jamlog’idan O’zbekiston rasmiylarining ayblovlari asosida olib kelingan. Mana 8 oydirki, andijonlik qochqinlar qirg’iz turmasida taqdirlari qanday hal qilinishini kutmoqdalar.

- 16 iyun’ kuni bizni Suzoqdagi jamloqdan Jalolobodga, 18 iyun’ kuni O’sh shahar tergov izolyatoriga olib kelishdi. Mana o’shandan beri shu yerdamiz, – deydi Odiljon Rahimov.

Odiljon Rahimov va Jahongir Maqsudov kuni kecha qabul qilingan Qirg’iziston Oliy Sudi qaroriga binoan O’zbekiston rasmiylariga topshirilishlari mumkin. O’zbekiston bu ikki nafar qochqinni 13 may kuni Andijon shahar prokurori G’anijon Abdurahimovni o’ldirganlikda ayblamoqda. Buning isboti sifatida o’zbek rasmiylari qirg’iz tomoniga videotasma yuborganlar.

Ammo Odiljon Rahimov o’zlariga qo’yilgan aybni rad qiladi:

- Mening asli novvoyman. Qilgan aybimiz – 13 may kuni namoyishga chiqqanimiz, xolos. Odam birdaniga qotilga aylanishi mumkin emas. Odam o’ldirish qo’ldan kelganida, ehhee…

Ayni paytda andijonlik 5 nafar qochqin - Odiljon Rahimov, Jahongir Maqsudov, Yoqubjon Toshboev, Rasuljon Pirmatov va Fayoz Tojixalilovlar O’sh shahar tergov izolyatorida, bir kamerada saqlanmoqda. Odiljon Rahimov turmadagi sharoitni tasvirlaydi:

- Tergov izolyatorida yaxshi munosabatda bo’lishyapti. Kamchilik yo’q. turma boshlig’I har zamon-har zamonda kirib ko’ngilni ko’tarib chiqib ketadi. Bu yerdagi xodimlarning O’zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlaridan farqi katta ekan. Masalan, O’zbekistonda forma kiygan odamni ko’rsangiz, iligingiz qaltirab qoladi…

Mahbuslarga ko’ra, ular radio orqali tashqi dunyoda sodir bo’layotgan voqealardan xabardor bo’lib turibdilar.

- Bu yerda radio eshitish imkoniyati bor. “Amerika Ovozi”, “Ozodlik” radiosining o’zbek va qirg’iz tilidagi eshittirishlarini eshitamiz. Bizga radioni Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti olib kelgan, – deydi qochqinlar.

Fayoz Tojixalilov avvalgi 4 qochqindan farqli o’laroq, 2005 yilning oktyabr’ oyida O’sh shahar militsiyasi nolegal migrantlarga qarshi amaliyot o’tkazgan paytda qo’lga olingan. Boshqa qochqinlar kabi u ham BMT QiBOK tomonidan boshpana izlayotgan shaxs sifatida ro’yxatdan o’tgan.

Fayoz Tojixalilov o’tgan yilning 13 may kuni Andijonda yuz bergan voqealar haqida eslarkan, shunday deydi:

- 13 may kuni yuz bergan voqealar – 15 yil ichida xalq o’z noroziligini qandaydir yo’l bilan izhor qilishi kerak edi – tabiiy jarayon edi.

U O’zbekiston hukumatida siyosatni ijobiy yo’nalishda o’zgartirish uchun imkoniyat borligini aytadi.

- Hukumat o’zgarishi, bu siyosatning o’zgarishidan umidim katta, – deydi Fayoz Tojixalilov.

Qochqinlar Qirg’iziston Oliy Sudi ularga qochqinlik maqomi berishni rad qilganiga qaramay, O’zbekistonga qaytarilmasliklariga umid qilmoqdalar. Odiljon Rahimov gapiradi:

- Qiyin-qistov, o’lim kutadigan davlatga qaytarib yuborishlari bizni hayron qoldiryapti. Qirg’iziston prezidentidan bizning taqdirimizni adolat bilan, qonun asosida hal qilishini iltimos qilamiz. Axir biz siyosiy boshpana so’radik.

O’shlik Inson Huquqlari himoyachisi Ravshan Gapirovga ko’ra, hozir O’sh shahar tergov izolyatorida saqlanayotgan o’zbekistonlik qochqinlar taqdiri Qirg’iziston prezidentiga bog’liq bo’lib turibdi.

- Totalitar rejim zulmidan qochib kelgan qochqinlarni berib yuborish bilan Qirg’iziston o’z obro’sini to’kadi, – deydi o’shlik huquq himoyachisi Ravshan Gapirov.

XS
SM
MD
LG