O'zbekistonlik yoshlar orasida materializm ustun turmoqda


So’nggi yillarda O’zbekiston yoshlari orasida pulga munosabatning Sovet davridagidan keskin farqlanishi ko’zga tashlanadi. Jamiyatdagi tabaqalanish, boylikka va boylarga munosabatning o’zgarishi ham pulga bo’lgan yangicha qarashni vujudga keltirgan. Biroq ayrim ziyolilar yoshlarning yaxshi yashashga bo’lgan ehtiyoji ostida pul topishning har qanday yo’lidan qaytmaslik tushunchasi shakllanayotganidan xavotir bildirishgan.

Bugun O’zbekiston yoshlari shakllanayotgan bozor munosabatlari davrida moddiy boylikka nisbatan butunlay yangicha munosabatda bo’lmoqdalar. Sho’ro davrining xususiy mulkni, boylikni inkor etuvchi mafkurasi unutilmoqda. Bugungi yoshlar baxt kaliti pulda degan aqidaga ko’proq moyildirlar. Bu esa yoshlar ruhiyatida moddiy jihatdan ta’minlangan individ obrazini ideal darajasiga ko’tarayotganini aytishadi ayrim mutaxassislar.

“Sovet Ittifoqida mulkka bo’lgan, pulga bo’lgan, boylikka bo’lgan intilish sun’iy ravishda so’ndirilgan edi. Chunki SSSR da jamiyatning mafkurasi asosiy qadriyat sifatida hisoblangan. Xuddi shu narsalar tarbiya asosida ham kishilar miyasiga singdirilgan edi. Odamlar unchalik pulga intilishmagan. Endi yangi bozor iqtisodiyotlariga o’tish tufaylimi, odamlardagi oldingi psixologiyadan qaytish kuzatilmoqda. Hozir aynan pul bilan inson o’zining jamiyatdagi mavqeini o’zgartira olish qobiliyatiga ega bo’lib qolishi ham odamlarni, yoshlarni ham pulni asosiy muhim rol o’ynash vositasi sifatida qarashlariga sabab bo’lmoqda”, deydi sotsiolog Rashid Pirnazarov.

Bugungi o’zbek jamiyatida pul barcha muammolarni hal qiluvchi qudratga ega, deb hisoblashadi ayrim yoshlar:

“Pulsiz yashab bo’lmaydi hozirgi dunyoda. Nimaga deganda, hamma narsani pulni qadriga olib borib taqashimiz mumkin”.

“O’zim guvohi bo’lganman, pulingiz bo’lsa shifokorlar qaraydi, bo’lmasa qaramaydi. Hatto “roddomni” ko’rganimizda, ko’zi yorishayotgan ayolga ham puli bo’lsa qarashadi”.

“To’g’ri, jamiyatda hozirgi kunda pul juda katta ahamiyatga ega. Har kim yaxshi yashashga intiladi, o’zining ehtiyojlarini qondirish uchun esa odamga hamisha pul kerak. Pul topishning ham turli xil yo’llari bor. Hozirgi kunda ko’rishimiz mumkin, ko’plar yaxshi ishlar bilan pul topishi mumkin yoki qing’ir ishlar bilan pul topishi mumkin. Hamma narsa pulning kuchi bilan bo’lyapti”.

Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, keyingi yillarda O’zbekistonda kuchayib borayotgan poraxo’rlik, tanish-bilishchilik, korrupsiya yoshlar ongida pulning qudratli kuchi haqidagi amaliy taassurotni orttirgan. Ayniqsa, qishloq yoshlari o’rtasida ishsizlik darajasining balandligi, ish haqining nihoyatda pastligi, ko’plab joylarda esa ishlayotgan xodimlarning oylab maosh ololmasligi, ayni paytda kamsonli yangi o’zbeklarning shohona hayot kechirishi ham yoshlarning boylikka bo’lgan ishonchini kuchaytirayotgan omillardan deb bilinadi.

“Bugungi yoshlar dunyoqarashida pulning qanday yo’l bilan topilgani emas, balki pulga ega bo’lgan odamlar ideal obraz sifatida gavdalanmoqda. Puli bor odamning qo’lini qayerga uzatsa yetishi, puldorlar farzandlarining osonlik bilan o’qishi, yaxshi joylarga o’rnashishi, puli ko’p odamlarning, ular farzandlarining yaxshi yashashi yoshlar uchun ibrat vazifasini o’tayapti va natijada moddiy boylikka havas, moddiy boylikni qo’lga kiritishga nisbatan bo’lgan ehtiyoj oshib bormoqda. Buning sababini, menimcha, bozor iqtisodiyotiga o’tish davrida ziyolilar qatlamlarining, madaniyat xodimlarining qadri, ijtimoiy mavqei tushib ketib, aksincha sarmoyador odamlarning qadri, ijtimoiy mavqei oshib ketganida ham ko’rish mumkin. Aytaylik, bugun davralarning to’ri oddiy maoshga yashaydigan fan doktori, jurnalist yoki san’atkorda emas, katta pulga ega bo’lgan qassobda bo’lishi mumkin. Bunga hech kim ajablanmaydi va bu tabiiy hol sifatida qabul qilinadi”, deb aytadi ismini oshkor etishni istamagan ziyolilardan biri.

Oliy o’quv yurtlariga pul bilan bemalol kirish mumkinligi, imtihonlarda pul ishlatilishi, bilimdon emas, puldor talabaning osonlik bilan o’qishi yoshlarning eng faol qatlami bo’lgan talabalar dunyoqarashiga o’z ta’sirini o’tkazmoqda.

“Pulsiz ish bitmaydi, pulsiz, masalan, yasholmaysiz. Pulingiz bo’lmasa o’qish yoqadimi, yurish yoqadimi? Hozir pulingiz bo’lmasa, qorningiz to’ymasa qanday o’qiysiz? Hozirgi zamonda pul katta rol o’ynaydi”.

“O’qishning hamma narsasi pul bilan bitadi. Imtihonning o’zi ham pul bilan bitadi hozir. Imtihonga kirmagan ko’p studentlar ham pulini to’lab kelsa bahosini qo’yib berishayapti. Hamma narsani pul o’lchayapti hozirgi kunda”.

“Biz o’qiyapmiz, intilyapmiz harakat qilib, bundan maqsad - pul toparmon odam bo’lishimiz kerak”, deyishadi ba’zi talabalar.

Bugungi o’zbek yoshlari o’zlarini baxtli his qilishlari uchun qancha mablag’ kerakligi masalasida turlicha miqdorlarni ko’rsatishadi. Biroq asosiysi – “pul qancha ko’p bo’lsa, shuncha yaxshi” degan nuqtai-nazar yoshlar mulohazalarida ustuvorlik qilmoqda.

“Ota-onam menga bitta “Neksiya” olib bersa, o’shanda baxtli bo’lardim”.

“Student zoti 10 ming so’m bilan bir oylik umrini o’tkazadi. Biroq ayrimlarga 100 ming, 200 ming so’m ham bir haftaga yetmaydi”.

“Hozir pul katta rol o’ynayapti. Ishga kirishga ham tanish-bilish, qo’lingizda pulingiz bo’lsa ishga kirasiz, bo’masa o’zingizni bilimingiz, o’zingizni diplomingiz kerak emas hozir. Hozir qo’lingizga qarab turadi, kiyinishingizga qarab muomala qilishadi odamlar”.

“Kasal bo’lib qolsangiz ham, shifokorga borasizmi, operatsiya qilish kerakmi, hammasiga pul kerak, pulga borib taqaladi. Yoshlarimiz har xil diniy ekstremistik oqimlarga kirib ketyapti, bularning ham asosiy sababi, mening o’ylashimcha, pul. Qamoqdan chiqarishda ham xohlaymizmi-yo’qmi, baribir pulning roli katta. Buni hech kim inkor etolmaydi. Mansabga erishish qiyin bo’lmasa hozir. Pulingiz bo’lsa, kerakli odamga eltib berasiz, keyin hech qanday qiyinchiliksiz, saylov-paylovsiz o’sha mansabga erishishingiz mumkin. Bu yerda ham pulning roli juda katta”, deyishadi yoshlar.

Yoshlarning pulga ruju qo’yishi ularni ma’naviy qashshoqlik sari yetaklayotgan omil emasmikan degan xavotir ham mavjud, deydi jurnalist Abdurashid Nurmurodov.

“Yoshlarimizda ko’zi ochlik ko’zga tashlanadi hozirgi paytda. Bugungi yoshlarimiz pul topishning juda yengil usullarini izlashi rasm tusiga, odat tusiga kiryapti. Bu juda qo’rqinchli narsa aslida. Pulsiz ham, juda katta boyliksiz ham yaxshi hayot qurish mumkin degan tushuncha bilan yashab kelayotgan men, hozirgi paytda o’z farzandlarimga bu gapni uqtirolmayman ham, ular mening aytganimni ham qilmaydi. Nafaqat mening oilamda, minglab oilalarda xuddi shunaqangi holat hozir. Buning bosh sababchisi - biz tovlamachi deb yurgan odamlarning bugungi kunda tijoratchiga aylanishi. Aynan shu masalada, bugungi kundagi farzandlarimizning qarashlarida ham o’qishga, katta bir ilm olishga emas, ko’proq ilm olishning boshqacha yo’llarini, aytaylik, buni pul bilan qilish mumkinku, degan tasavvurga kelib qolganining o’zi katta fojea”, deb hisoblaydi Abdurashid Nurmurodov.

Maktablardagi uzluksiz pul yig’ish, qimmatbaho sovg’alar vositasida o’qituvchilarning ijobiy munosabatiga ega bo’lish ham o’smir yoshlarni pulga sajda qilish ruhida tarbiyalayotganini ta’kidlashadi ayrim mutaxassislar. Yoshlar esa bu holni mana bunday izohlashadi.

“Maktablarda ham pul juda katta rol o’ynaydi. O’zim ham guvoh bo’lganman, “nb” degani darsga ishtirok etmasligi. O’qituvchilar o’ziga shuni niqob qilib olgan. Agar o’quvchi darsga kelmaydigan bo’lsa, u har bir soati uchun o’z cho’ntagidan, ya’ni otasini cho’ntagidan pul to’lashga majbur bo’ladi”.

“Qashqadaryo viloyatining eng chekka qishloqlaridan biridagi oddiy bir maktabdan chiqqanman. Maktabimizda ham tabaqalanish bo’lardi. Boylar va kambag’allar guruhi bo’lardi. Boylar, misol uchun, bayramlarda domlalarga alohida sovg’alar olib kelishardi. Sovg’alarga qarab domlalar ham ularga yaxshi ko’z bilan qarardi. Bu yerda bilim emas, pul asosiy rol o’ynaydi”.

Ba’zi ziyolilar fikriga ko’ra, ayni paytda davralarning to’rida pulni qaysi yo’l bilan topganidan qat’iy nazar, sarmoyador odamlar uchun ajratilgan joylar paydo bo’layotir. Buning guvohi bo’lgan yoshlar “boy bo’lish - jamiyatda obro’ga ega bo’lish” degan haqiqatni aksioma sifatida qabul qilishmoqda.

“Mening nazarimda, bugungi yoshlar uchun eng asosiy, eng muhim xulosa – boylikni halol yo’l bilan topish mumkin, degan tabiiy xulosaga kelish qiyin bo’lmoqda. Boylikni halol yo’l bilan topib, halol yo’l bilan boyish mumkin emas, degan bir aqida yoshlar ongiga o’rnashib qolsa buning oqibati yaxshilikka olib kelmaydi. Demak, vosita maqsadni oqlaydi, maqsad esa boy bo’lish degandan keyin, har qanday vosita o’zini oqlashi mumkin degan tushuncha ularninng ongiga o’rnashib qolishi mumkin. Bu esa, boylikni topish, boy bo’lish yo’lida istagan bir vositani qo’llash, istagan yo’llarga kirish uchun yoshlarga imkoniyat yaratib beradi. Bugun yoshlarda halol yo’l bilan boyib bo’lmaydi, degan tushuncha ustuvorroq, shekilli”, deydi ziyolilardan biri.

Sho’ro davrida baxt pulda emas, degan ibora shior kabi qo’llanilardi. Bugungi yoshlar esa baxt pulda emas, balki uning qanchaligida, degan iborani tez-tez tilga olmoqdalar. Bu esa jamiyatda mafkuraviy usqurtmalar o’rnini boylikka, pulga intilish an’anasi egallab borayotganidan shohidlik berayotgandek.

XS
SM
MD
LG