Turkmaniston xalqi sog'lig'i inqiroz yoqasida


Yaqinda amerikalik filantrop Jorj Sorosning Ochiq Jamiyat Instituti tashabbusi bilan Markaziy Osiyodagi eng boy mamlakatlardan biri – Turkmaniston aholisining sog’lig’i o’rganildi.

Loyihaga boshchilik qilgan britaniyalik mutaxassis Martin Makki (Martin McKee) xulosasi bilan aytganda, temir panja ostidagi Turkmaniston xalqining salomatligi inqiroz yoqasida.

"Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan farqli o’laroq, Turkmanistonda sog’liqni saqlash masalasi og’ir ahvolda. Mamlakat Xalqaro Sog’liqni Saqlash Tashkilotiga o’lim darajasi haqida ma’lumot bermay qo’ygan. Ayniqsa, yuqumli kasalliklarga qarshi kurash bobida muammo ko’p,"-deydi Makki.

Olim o’z hisobotida Turkmaniston sog’liqni saqlash tizimidagi bir qator jiddiy muammolarni sanab o’tgan.

"Mamlakatda eng katta muammo – sog’liqni saqlash tizimining barbod bo’lganidir. Bir necha yil oldin 15 mingga yaqin soha xodimlari ishdan bo’shatilgan edi. Ular o’rnini yosh askarlar bosdi. Qishloqlarda tibbiy xizmat punktlari yopilgan. Buning ustiga, sog’liqni saqlash tizimi o’zini-o’zi moliyalaydi. Natijada narxlar osmonda. Xullas, tizimning samarasizligi va to’g’ri yo’lga qo’yilmagani sabab Tukrmanistonda o’lim darajasi o’sgan."

Prezident Niyozov Turkmanistonda SPID yoki sil kasalligi borligini tan olmaydi. Xo’sh, buning qo’shni mamlakatlarga xavfi bormi?

"Ma’lumki, virus va bakteriyalar chegara bilmaydi,"-deydi Makki. "Bir mamlakatda yuqumli kasalliklar epidemiyasi yashirilsa, bu butun dunyo uchun xavflidir. Aniq bilamizki, Turkmanistonda vabo hollari qayd etilmagan. Hukumat parranda grippiga qarshi chora ko’rmoqda, ammo sil, vabo, qizamiq va SPID kabi yuqumli kasalliklar haqida ma’lumot berishdan bosh tortadi. Dunyoning bir burchagi samarali nazorat ostida bo’lmasa, bu jiddiy xavfdir, albatta."

Yaqindan Turkmanistondan qaytgan xalqaro jurnalist Lyusi Esh (Lucy Ash) mamlakatda ishlash qiyin bo’lgani haqida gapirarkan, "Turkmanistonda jurnalistlarga juda qiyin. Muxolif matbuot yo’q, tsenzura kuchli, xorijiy jurnalistlar nazorat ostida. Ammo dilidagini bizga ochiq aytishni muhim deb bilgan mard kishilar bilan uchrashdik,"-deydi.

"Turkmanistonga qisman vabo va kuydirgi haqida xabarlar chiqqani sabab borgan edik. Ammo ayollar va bolalar orasida o’limning ko’pligi ham bizni juda xavotirga solmoqda. MDH mamlakatlari ichida Turkmaniston aholisi eng kam yashaydi. Ayniqsa chaqaloqlar eng oddiy sabablar bilan o’lib ketadi. Bizga ko’pchilik ularni endilikda malakasiz kishilar davolashidan xavotirda ekanini aytdi. Qishloq aholisiga bundanda qiyin, chunki shaharga davolanishga borish uchun pul kerak."

Mutaxassislarning bildirishicha, Turkmaniston kasalxonalarida bosh vrachlar yuqumli kasalliklarni yashirar ekanlar. Ortiqcha savollar berish man etilgan. O’lgan bemorlarning qarindoshlariga o’limi sababini aytishmaydi. Tashvish bilan qayd etish kerakki, umuman olganda hamma yoqda sir saqlash muhiti kuchaygan.

Nega xalqaro tashkilotlar va jahon hamjamiyati Turkmanistondagi sog’liqni saqlash inqiroziga e’tibor bermayapti?

"Birinchidan,"-deydi jurnalist Esh xonim, "2005 yil og’ir yil keldi. Xalqaro hamjamiyat tsunamilar, Pokistondagi zilzila va Afrika muammolari bilan band bo’ldi. Ba’zilarning aytishicha, Turkmaniston gaz resurslariga boy davlat bo’lgani uchun, u yerdagi hukumat bilan do’stona aloqada bo’lish ma’qul. Turkmaniston, shuningdek, geostrategik xudud, ya’ni narkotik moddalar savdosi va musulmon terrorizmiga qarshi qalqondir. Shu sabab, deyishadi kuzatuvchilar, g’arb davlatlari u bilan yaxshi munosabatda bo’lgisi keladi."

Mamlakatning sog’liqni saqlash tizimini mustaqil ravishda jurnalistik taftish qilgan turkmanistonlik jurnalist Saparmurat Ovezberdiyev deydiki:

"Prezident Niyozov o’zining sog’lig’iga qancha sarflashi haqida gapirsam. Masalan, uning tishlarini tekshirtirish uchun xorijiy mutaxassislarni taklif qilish davlatga 500 ming dollarga tushdi. Doimiy tibbiy tekshiruvdan o’tish uchun, Niyozov Germaniyadan mutaxassislarni chaqiradi. Bunga har safar 2-3 million dollar ketadi. Bu xalqning puli. Bolalar orasida o’lim darajasi esa sir saqlanadi. Ammo Tashauz va Ashxoboddagi qabristonlarga borib, mustaqil taftish o’tkazdim. Faqat aytish mumkinki, bolalar orasida o’lim darajasi juda yuqori."

XS
SM
MD
LG