Tojikistonda o'zbeklar siyosiy passiv fuqarolar sifatida qolmoqda


Olti milliondan ko’proq aholi va shundan ikki millondan ortiq saylovchiga ega Tojikistonda kelasi oylar ichida prezidentlik saylovlari kampaniyasi boshlanadi. Lekin hozir respublikada Garb davlatlaridagi singari tayyorgarlik yoki fuqorolar faolligi sezilmaydi.

Dushanbelik Muhammadali Sharipov: “Tojkistondagi saylovlarda Rossiyaga nisbatan boshqacha shakllanish davom etmoqda. Rossiyani olsak, u yerda demokratik tuzum, aholi juda faol qatnashadi. Bu yerda esa aholi jamiyatda faol o’zgartirish kiritmaydi.”

Saylovlarda milliy mutanosiblik masalasida so’z yuritar ekan, Muhammadali Sharipov, o’zbeklar qandaydir sabablarga ko’ra saylovda nomzod sifatida qatnashmaydilar, deydi.

Mustaqil jurnalist Mirzohakim Qobilov esa respublikada saylov qonun – qoidalari xalqaro me’yorlarga mos tushmasligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, bugungi kunda Tojikistonda qabul qilinayotgan qonunlarni mahalliy siyosatchilar jahon talablariga mos deb hisoblasalarda, aslida unday emasdir.

“Oxirgi saylovni olsak, Oliy Majlisga o’tkazilgan saylovda, tasavvur qiling, Tojikistonda qariyb ikki million o’zbek bo’lsa, atigi bir nafar o’zbek deputat saylangan. Nima xalq boshqaga ovoz bermaydimi? Beradi! Lekin bu yuqoridan keltirilgan, yuqoridan aytilgan ro’yxat bo’yicha deputatlarning saylanishidir,” – deydi Mirzohakim Qobilov.

Tojikistondagi saylovlarda albatta ziyoli bo’lgan dindorlar ham dilda bir ishonch bilan qatnashadilar. Janubiy nohiyalari biridan bo’lgan namozxon agronom Olimjon aka Tojikistondagi holatni shunday tsvirlaydi:

“Bizni nohiyada o’tgan saylovlarda odillik a’lo darajada bo’lmadi. Prezident saylashdan maqsad - odil podsho kelsa-yu mamlakatni rivojlantirishga o’z hissalarini qo’shsa yaxshi bo’lardi. Hozir garchi prezident sayloviga oz fursat qolgan bo’lsa-da, xalq hali nech narsani bilmaydi. Buning bir sababi xalqning siyosiy turg’unligi bo’lsa, ikkinchi tomondan OAVning ham faol emasligidir.”

Ko’chalarda aholi bilan o’tkazilgan so’rovlar yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi. Lekin shu bilan birga ba’zi keksa yoshdagilar mavjud tuzumdan rozi ekanliklarini bayon etadilar. Ayrimlar hech narsadan xabarsiz bo’lsalarda, saylovlarda oddiy kishilar fikri inobatga olinmasligini bildiradilar.

“Ilgariroq ozmi-ko’pmi xalq fikri inobatga olinardi, endi so’rab ham o’tirishmaydi-ku,”- deyishadi ular.

Istravshan nohiyasidan bo’lgan sobiq tarbiyachi, ayni paytda bozorda tirikchilik o’tkazayotgan Malohat Roziqova respublikada o’tkaziladigan har qanday saylovlarda xalq ichidan tashabbuskor kishilar chetga uloqtirilayotganini nadomat bilan tilga oladi:

“Bundan besh yil oldin saylovda ishtirok etgan turmush o’rtog’im Rossiyaga mardikorchilikka ketishga majbur bo’ldi. Xo’jandda esa saylovlarda faol ishtirok etgan inson huquqlari himoyachisi Fayziniso Vohidova hibsda saqlanmoqda. Axir u ayol, ona-ku, bunday saylovlarda qatnashgandan ko’ra, bozorda savdo qilib halol pul topganim yaxshi emasmi? Saylovga chiqqandan ko’ra bozorda bir oshga yetadigan sabzini to’g’rab sotsam, bitta nonga pul topaman-ku!” - deydi Malohat Roziqova.

Ko’cha-kuyda tirikchilik ilinjida yurgan oddiy kishilar esa prezident Imomali Rahmonovning tinchgina qayta saylanishini ma’qul ko’radilar.

Otaxonu-onaxonlar fikricha Tojikistonda prezident Imomali Rahmonovga muqobil yetakchi ko’rinmaydi. Ular amaldagi hukumat siyosatidan ham rozi ekanliklarini izhor etadilar.

Ammo ko’pchilik yaqinlashayotgan prezident sayloviga nisbatan loqayd ekanini namoyon etadi. “Biz albatta prezidentni saylaymiz, bizga baribir emasmi” qabilida fikr yuritilmoqda.

XS
SM
MD
LG